Aprel: 4-hafta taomnomasi
Taomnonama ro’yxatini oldindan tuzib qo’ying va anchagina vaqtingizni tejang.
Dushanba
Tovuqli toblatma va Rukkola, rediska va pomidordan salat, Atirgulli kapkeyklar
Kechki ovqat uchun tez tayyorlaniladigan bugungi toblatma ajoyib ta’mi bilan sizga yoqishi aniq. Ko’p masalliqni talab qilmaydigan bu toblatmani pishirib oila a’zolaringizni xursand qiling. Sabzavotlardan tayyorlanilgan yengilgina salat esa sizga ortiqcha vazndan xalos bo’lishingizga yordam beradi.
Seshanba
Mastava va Osiyocha uslubdagi salat
To’yimli, mazali va o’zimizning milliy taomlarimizdan biri – mastava taomini bu kun tayyorlang. To’yimli va foydali masalliqlarni o’zida jamlagan Osiyo oshxonasi taomlari, o’zining xushbo’y ifori bilan hammaga yoqadigan salatdan tayyorlab ko’ring.
Chorshanba
Sabzavotli tovuq sho’rva va pentuza salati, Qulupnay va shokoladli ganashdan tayyorlanilgan tartaletkalar
Sovuq qishda, issiqina ovqatlar, ayniqsa sho’rvalar kimga ham yoqmaydi deysiz. Bizning bugungi tovuqli sho’rva ham juda mazali, to’yimli, shu bilan birga vitaminlarga boy ovqat hisoblanadi. Pentuza salati bizlarning eng sevimli salatlarimizdan biridir. Bu salatni bizning usulda tayyorlasangiz, haqiqiy koreyscha pentuzadan umuman farq qilmasligiga guvoh bo’lasiz.
Payshanba
Samarqandcha palov, bodring va karamli salat
Samarqandcha palovni xush ko’rmaydiganlar oramizda topilmasa kerak. Bunday oshdan tayyorlamaganlar orangizda bo’lsa, unda hozir ayni payti!
Juma
Qaynatma sho’rva va qatlamali somsalar
Bizlarda hech qaysi hafta tobida qaynab pishgan qaynatma sho’rvalarsiz o’tmaydi, uyda pishirilgan somsalar bilan esa sho’rvalar rohati jondir.
Shanba
«Qush uyasi» taomi, koreyscha ismaloqli salat
Makaronlardan tayyorlanib, qiyma va xushbo’y pishloq bilan to’yintirilgan bu taom ajoyib ko’rinishi va xushta’mligi bilan ko’pchilikka yoqishi aniq. Bu taom uchun makaron – uya (kapellini) kerak bo’ladi.
Yakshanba
Yangi kartoshkalar bilan gaz pechida pishirilgan qo’y sonlari, maroqandcha kartoshkali salat, rogaliklar
Yakshanba barcha oila a’zolari jam bo’ladigan ajoyib kun bo’lib, bugun ispancha ajoyib taom Cordero Asado yoki «Pishirilgan qo’y go’shti» taomini pishirib ko’ring. Bu taom o’zining o’zgacha ta’mi bilan sizlarga, ayniqsa erkaklarimizga manzur bo’ladi degan umiddamiz.
Yangidan yangi retseptlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.