Noyabr: 3-hafta taomnomasi
Assalomu aleykum aziz pazandalar! Sizlarga hafta taomnomalari ro’yxatini berishda davom etamiz. Taomnonama ro’yxatini oldindan tuzib qo’yish biz o’zbeklarga uncha xos bo’lmagan odat, lekin shunday qilishga odatlansangiz anchagina ishingizni yengillashtirgan bo’lasiz. Bir haftalik taomnomalarni ko’rib chiqasiz va o’zingizga kerakli masalliqlarni aniqlab olasiz. Bu sizga bozor-o’char qilishda tengsiz yordamchi bo’la oladi. Shunday ekan, haftalik taomnoma ro’yxatiga ko’z yugurtiramiz.
Dushanba
Bulg’or qalampiridan tayyorlangan tovuqli kotletlar va «Olivye» salati
Bunday usulda pishirilgan kotletlar juda mayin chiqadi. Ularni ajoyib kartoshkalar bilan dasturxonga tortsangiz oila a’zolaringizni lol qoldirishingiz aniq.
Seshanba
Shovul sho’rva, karam va kolbasadan tayyorlanilgan pirog
Shovuldan pishirilgan mazali va birozgina nordon sho’rva (щи) ko’pchilikning sevimli taomi desak adashmaymiz. Bunday sho’rva organizmni kerakli vitaminlar bilan to’yintiradi. Bu taomni tayyorlash juda oson bo’lib, sizdan unchalik ko’p bo’lmagan masalliqlarni talab qiladi.
Chorshanba
Kartoshka va zaytun mevalari qo’shib pishirilgan tovuq, kartoshka va rediskali salat
Mazali taom iste’mol qilishni xohlab, ammo tayyorlashga ko’p vaqtimiz bo’lmasa yoki erinayotgan bo’lsak, unda oson tayyorlaniladigan bugungi taomimiz qo’llab yuboradi. Bunda asosiy taom ham, unga qo’shimcha gazak ham birgalikda bitta qolipda pishiriladi.
Payshanba
Samarqandcha palov, tuxum va rediskali salat
Samarqandcha palovni xush ko’rmaydiganlar oramizda topilmasa kerak. Bunday oshdan tayyorlamaganlar orangizda bo’lsa, unda hozir ayni payti, chunki bugun payshanba, ko’pchilik osh pishiradigan kun. Palovning turli xillarini pishirib ko’ring va bahp bering.
Juma
Videoretsept: tovuq go’shtidan ajoyib taom va fransuzcha salat
Tovuqning to’shidan yumshoq va mazali taom tayyorlashni istaysizmi? Tovuq, pishloq va pomidorlar – bu masalliqlar xuddi bir-biri uchun yaratilgandek go’yo. Bu taom chiroyli ko’rinishga ega bo’lgani uchun ham uni bayram dasturxoningizda ham tayyorlasangiz bo’ladi.
Shanba
Befstroganov taomi va qadimiy usulda pishirilgan kartoshka
Bu ikki xil taom bir birini juda to’ldiradi. Pishirib ko’ring, yumshoqqina go’sht va qarsildoq kartoshkaning uyg’unligiga baho bering!
Yakshanba
Yakshanba kuni ko’pchilik uchun bayram, chunki aynan shu kuni barcha oila a’zolari jamlanishadi. Kimdir ishidan, yana kimdir esa o’qishidan ortib, bo’sh vaqt topadi. Shunday ekan aynan shu kuni tansiq taomlar pishirishni maslahat bergan bo’lar edik. Quyidagi retsetlarimizga e’tibor qarating, sizlarga yoqadi degan umiddamiz.
Bizni kuzatishda davom eting va yangiliklardan doimo xabardor bo’ling, buning uchun bizning telegram kanalga a’zo bo’ling!