Yangi yil dasturxoni uchun Candy bar
Yangi yil dasturxoningizga yangiliklar kiritishni xohlaysizmi? Unda bizlarning shirinliklar to’plamidan iborat Candy bar usulida bezatilgan stol aynan siz uchun! Candy bar bu – oddiy obakidandondan tortib, turli xil usulda bezatilgan tortlar kabi ishtahaochar shirinliklar bilan bezatilgan stol. Bu katta-yu kichikka birdek yoqishi aniq, ayniqsa bundan jajji bolajonlarimiz qanchalik xursand bo’lishini bir tasavvur qilib ko’ring.
Hozirgi kunda Kendiy bar tushunchasi ommalashib ketmoqda. Chunki ular bayramlarning bir bezagi sifatida uyingizga ko’rk berib turishadi, masalan yangi yilda.
Uyda o’z qo’llaringiz bilan hech qanday qiyinchiliklarsiz kendiy bar yaratishingiz mumkin: buning uchun faqatgina tasavvur va g’oyalaringizni ishga solsangiz bo’lgani. Agar sizga turli xildagi bezaklar kerak bo’lsa, hozirda sotuvda ularning ko’plab turlarini topishingiz mumkin. Yoki ularni yasashda bolajonlarga murojaat qiling. Shunday qilib, yangi yil shirinliklar stolini bezatishga kirishdik.
Asos tayyorlaymiz
1. Kendi bar uchun alohida yuza: kichikroq stol, tumba va hokazo kerak bo’ladi. Uning ustiga chiroyli dasturxonlar to’shaladi. Shirinliklar stolini yangi yil bayramiga bezatilgan xonangizga mos uyg’unlashtirib bezatsangiz ayni muddao bo’ladi.
2. Stol chiroyli bezatilishi shart: bu yerda sizga faqatgina tasavvuringiz yordam bera oladi. Oq qog’ozdan qor parchalari, rangli qog’ozdan har xil shaklchalar yasab stol ustiga ilib qo’yishingiz yoki shunchaki dasturxon ustiga terib qo’yishingiz mumkin. Qorbobo va qorqiz ko’rinishidagi mitti shaklchalar, archa shoxchalari ham bezak sifatida xizmat qiladi. Iste’mol qilinadigan shirinliklar bilan ham stolimizni bezatsak bo’ladi, masalan biz tayyorlagan shokoladli archalar likopchalarga qo’yilib ustidan shakar sepilsa qor parchalariga o’xshab qoladi.
3. Mos idish tanlaymiz: bizlarga likopchalar, qadahlar, har xil shisha idishlar kerak bo’ladi. Hattoki shisha bankalardan ham foydalansak bo’ladi – faqat ularni chiroyli bezatsak bo’lgani. Idishlaringizni bolalar sindirib qo’yishidan qo’rqasizmi, unday bo’lsa hech ikkilanmasdan do’konlardan bir martalik ishlatiladigan likopcha va stakanlardan foydlaning. Hozirda ularning chiroyli ko’rinishdagi turlari serob.
1. Shirinliklar. Juda ko’p shirinliklar! Bu borada har kim o’z xohishiga qarab shirinliklarni tanlaydi. Masalan: oddiy obakidandondan tortib, har xil marmeladlar, marshmellou, karamellar va shokoladli batonchalardan foydalansa bo’ladi. Stakan va shisha bankalarga shirinliklarimiz qavat-qavat terib chiqiladi, ularga jeledan qilingan ayiqchalar va shilliqurtlardan foydalansak ham bo’ladi. Bu ko’rinishdagi shirinliklarning turi juda ham ko’p bo’lib, ularni Next va Samarqand darvoza do’konlari tarmoqlaridan topishingiz mumkin.
2. Pechenye. Ularni likopchalarga, kengroq salat soladigan vazachalarga solishingiz, yoki shunchaki stol ustiga terib qo’yishingiz mumkin. Pechenyelar turi faqat xohishga qarab: ko’rgazmali pechenyelar, shokoladli yoriq pechenyelardan foydalanishingiz mumkin.
3. Kekslar, kapkeyklar va maffinlar. Yirik do’konlardan kekslar uchun mo’ljallangan turli xil rangdagi qolipchalarni oldindan sotib olsangiz, ular ham bezaklaringiz safini ko’paytiradi. Ularni ichiga turli xil pishiriqlarni, masalan kraffinlarni joylashtirishingiz mumkin.
4. Mevalar. Mandarin, apelsin, kivi, banan, olma va boshqa qaysi mevalardan bayram dasturxoniga qo’yishni istasangiz kendiy bar stoliga chiroyli terib chiqing. Siz ularni butunligicha yoki «kabobchalar» – (mevalar kichikroq kesilib cho’pchalarga teriladi) shaklida torting.
5. Ichimliklar. Sharbatlar va gazlanmagan ichimliklarni shisha idishlarga yoki grafinga quyib shirin stolimiz ustiga qo’yiladi. Har safar turib bolalarga sharbatdan quyib bermay, ularni bira to’la stakanlarga quyib chiqing, ishingiz ancha yengillashadi.
6. Tort. Yangi yilda tort pishirishni yoki sotib olishni mo’ljallayapsizmi? Balki u kendiy barning markazidan o’rin egallar. Uni maxsus tort uchun mo’ljallangan idishga qo’yib, stolga joylashtiring. Stolning asosiy bezagi ham tayyor! Siz sizlarga namuna sifatida pishirgan, Zanjabilli tort, «Qorong’u o’rmon» tortlardan yoki turli tuman kekslardan foydalanishingiz mumkin.
Yorqin, ishtahaochar shirin stolimiz uyingizning yangi yil bayramidagi eng esda qoladigan bezagi bo’lishiga ishonamiz. Shirinliklarni esa yaqinlaringiz va kichkintoylarga sovg’a sifatida taqdim qilishingiz mumkin.
Siz bizning telegram kanalga a’zomasmisiz? Unday bo’lsa, darhol a’zo bo’ling va mazali retseptlardan birinchilar qatorida xabardor bo’ling.