Nimalarni oldindan tayyorlab qo’yish mumkin
Diqqat! Chinakam pazanda sirlari: Zira.uz dan oldindan tayyorlab, muzlatib qo’ysa bo’ladigan yeguliklar jamlanmasini qabul qilib oling!
Biz bilan siz barcha ishlaringizga ulgurasiz.
Kotletlar
Mol go’shtidan tayyorlanilgan kotletlar, ko’pchilikning sevimli taomi sanaladi. Kotletlarni tayyorlash unchalik ham qiyin emas, faqatgina qiyma, bir-necha sabzavotlar va eng asosiysi mehr bilan pishirish kerak bo’ladi xolos. Bunday kotletlarni oldindan tayyorlab, muzlatgichda saqlash mumkinligi ko’pincha bo’sh vaqti kam ayollarimizga qo’l keladi.
Pishloqli, tovuq go’shtidan kotletlar
Ichi yumshoqqina, usti qarsildoq, pishloqning xushbo’y isiga to’yintirilgan bu kotletlar og’zingizda erib ketadi. Bu usulda tayyorlangan kotletlar oddiy kotletlarga nisbatan juda mazali, tayyorlanishi esa ular bilan deyarli bir xil. Aytgancha, bunday kotletlarni tayyorlab, 3 oygacha muzlatgichda saqlashingiz mumkin.
Tvorogli vareniklar
Bunday rus oshxonasi taomlaridan hali tayyorlab ko’rmagan bo’lsangiz, unda hozir buning ayni fursati. Ertalabgi nonushtada yumshoqqina, issiq vareniklar tayyorlab, hammani xursand qiling. Bolalarga qiziqroq bo’lishi uchun ularni bolajonlaringiz bilan birga tayyorlang. Bu ularga juda yoqadi. Bunday vareniklarni ham oldindan tayyorlab, yelim xaltachalarga solib chiqish va muzxonada saqlash mumkin.
Chuchvara
Chuchvara bizlarning sevimli milliy taomlarimizdan biri bo’lib, uni tayyorlash biroz vaqt talab qilishi mumkindir. Ammo uyda tayyorlanilgan chuchvaraga do’konlardagi tayyor mahsulotlarning hech biri teng kela olmaydi. Tugilgan chuchvaralarni konteyner yoki yelim xaltaga solib, muzxonada ancha vaqtgacha saqlash mumkin.
Granolali batonchalar
Granolali batonchalar — cho’ntakbop ko’rinishdagi tayyor nonushtalar bo’lib, uni xohlagan vaqtda ustidan iliq sut yoki yogurt solib iste’mol qilsa bo’ladi. Bunday yegulikni tayyorlash oson bo’lib, ular bir haftagacha yaxshi saqlaniladi.
Uning tarkibiga suli yormasi va xohlagan yong’oq yoki quritilgan mevalardan ham qo’shishingiz mumkin.
Yeryong’oqli pasta
Mazali va foydali bo’lmish yeryong’oqli pastani uyda tayyorlash usulini bilasizmi? Bu juda ham oson. Bu borada qovurilgan yeryong’oq asosiy mahsulot sanaladi. Bu juda xushbo’y va to’yimli shirinlik bo’lib, pechenye va nonga ham surtib yeyishga juda qulaydir. Pishiriqlarga yeryong’oqli pasta qo’shib yangi ta’mlar yaratish mumkin.
Qatlama xamir
Bizlarning eng sevimli pishiriqlarimizdan biri bu – somsalardir. Qatlamali va mazali somsalarning asosi bu xamir bo’lib, bu retseptda siz uning tayyorlanish sirlari bilan tanishishingiz mumkin. Agarda uning xamirini oldindan tayyorlab muzlatgichga solib qo’ysangiz, kutilmagan mehmon kelganida ham shoshilib qolmaysiz.