Har kun uchun stol servirovka qilish
Hammamiz filmlarda kamida bir marta muhim «qirollik» ziyofatlarida bir nechta sanchqi va pichoqlar bilan tuzalgan stollarni ko’rganmiz.
Tan oling, oddiy oilaviy kechki ovqat uchun bunday hashamatning keragi yo’q, shuning uchun sizga kundalik foydalanish uchun stol servirovkasi bo’yicha eng oddiy qo’llanmani taqdim etamiz.
Bizning qo’llanma qayerdan boshlanadi? Albatta, stoldan. Stolni o’zining hajmiga mos shakldagi dasturxon bilan qoplash mumkin (dasturxon qulay bo’lishi uchun stoldan 30 sm dan ko’p tushib turmasligi kerak). Ko’pchilik qulaylik uchun dasturxonni shaffof klenka bilan yopadilar, boshqalari esa dasturxonisiz ovqatlanishadi – bu ham ma’qul va kundalik foydalanish uchun juda qulaydir.
Agar dasturxon yoyish qulay bo’lmasa, oddiy likopcha tagiga qo’yiladigan choyshablar yordam beradi, ular qulaylik yaratadi va idishlarni stol yuzasida baland ovoz bilan taqillashidan halos etadi.
Keyin likopchalar qo’yiladi. Ularning miqdori, shakli va hajmi dasturxonga tortiladigan taomlarga bog’liq (masalan, sho’rvalar uchun chuqur idishlardan foydalaniladi). Shuni aytib o’tish kerakki, barcha idishlar bitta to’plamga mansub bo’lishi kerak, hatto gazak soladigan idishlar ham. Ular bir-biridan bir xil masofada va stol chetidan 1,5-2 sm masofada joylashtiriladi.
Likopchalardan so’ng, sanchqilar qo’yiladi (ha, barchamizni qo’rqitadigan narsa). Kundalik foydalanish uchun sanchqini tishlarini tepaga qaratib, likopchaning chap tarafiga qo’yiladi, o’ng tomonga – pichoqni kesadigan tarafini likopchaga qaratib qo’yamiz va yoniga qoshiqni tepaga qaratib qo’yamiz (huddi sur’atdagidek).
Idishlar joylashtirildi – endi kichik masalalar qoldi. Odatda, navbatdagi qator – bu likopchaning o’ng tarafiga qo’yiladigan stakanlar. Stakan va bokallar ichiladigan ichimliklarga bog’liq. Ammo agar bu bizning an’anaviy choyimiz bo’lsa, unda piyola stol chetiga 3-4 ta qo’yiladi va uy bekasi choyni quygandan keyin stolda o’tirganlarga tarqatadi.
Va oxirgisi – salfetkalar. Kundalik foydalanish uchun salfetkalarni joylashtirish bo’yicha maxsus qoidalar mavjud emas, siz ularni salfetka idishiga qo’yishingiz yoki stolning chetiga qo’yishingiz yoki ularni yarmiga (uchburchak yoki to’rtburchaklar shaklida) o’rab qo’yishingiz, likopcha tagiga yoki sanchqi ostiga qo’yishingiz mumkin. Salfetkalarni ham matoli, ham qog’ozlisini ishlatish mumkin.
Bular har kunlik stol bezash uchun eng oddiy qoidalar edi. Tez orada siz mehmon kutish uchun stolni qanday bezatishni bilib olasiz.