Surunkali charchoq va uni bartaraf etish usullari
Yetarlicha dam olishga harakat qilasiz, lekin shunga qaramasdan, nima uchun charchog’ingiz hech chiqmaydi? Uyquga to’ymaysiz va bu yuzingizda shu zahotiyoq aks etadimi? Balki, bu surunkali charchoq alomati ham bo’lishi mumkin. Bu maqolamizda siz surunkali charchoq va unga qarshi choralar haqida bir qancha ma’lumotlarga ega bo’lasiz.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, barcha turdagi charchoq ham organizmga zararli hisoblanavermaydi. Og’ir ishlarni bajarib ham, so’ng yetarlicha dam olish natijasida organizm tezda o’zini tiklab oladi. Tanadagi muskullar ham xuddi shunday xususiyatga ega. Idrok bilan tanlangan mashqlar natijasida ular yanada mustahkamlanib boraveradi.
Agarda inson uzoq vaqt davomida keraklicha dam olmasa, shunda uning holati surunkali charchoqqa olib keladi.
Shunday qilib, surunkali charchoqning ilk alomati – uyqusizlikdir. Ba’zi bir insonlar borki, faol ish kuni yakunida uyquga ketishi juda qiyin kechadi. Stress va charchoqqa boy ish kuni davomida inson organizmi adrenalin ishlab chiqaradi va shifokorlar esa bu holatni uyquga ta’sir ko’rsatuvchi ilk omil deb hisoblashadi.
Qanday kurashish mumkin?
Kunning ikkinchi yarmida kofein, nikotin va spirtli ichimliklarni o’zida saqlovchi mahsulotlarni umuman iste’mol qilmaslik tavsiya qilinadi. Banan yoki jem surtilgan tost ham uyquga ketishni osonlashtirishga yordam berar ekan. Shuningdek, o’zingizni vaqtidan erta uxlashga majburlamang, bu uyquning buzilishi va ertalabdan charchoqnning oshishiga sabab bo’ladi.
Ikkinchi alomati esa boshning tez-tez og’rib turishidir. Kun davomida, mushaklarning ortiqcha ishlashi natijasida ular haddan ziyod charchaydi va beixtiyor ravishda qisqaraveradi. Bu ayniqsa yelka va bo’yin sohasida yuz beradi. Mushaklarning bunday holatda uzoq vaqt bo’lishi bosh og’rig’i va qattiq charchoqni keltirib chiqaradi.
Qanday kurashish mumkin?
Mushaklar og’rig’iga qarshi og’riq qoldiruvchi dorilar qabul qilmang, chunki bunda ular hech qanday foyda bera olmaydi. Iloji bo’lsa qo’lda yoki rolikli uqalash asbobi yordamida bo’yin va yelka qismini ohista uqalang.
Ovqat hazm qilishning buzilishi ham surunkali charchoq alomati hisoblanadi. Haddan ziyod charchash nafaqat organizmni zaiflashtiradi, balki qon aylanishini ham buzadi va natijada ovqat hazm qilish tizimi ishdan chiqadi. Tana a’zolariga qon yaxshi yetib bormay, kerakli ozuqaviy moddalarga to’yinmay qoladi. Oqibatda esa iste’mol qilingan yegulik butkul hazm bo’lmaydi.
Qanday kurashish mumkin?
Inson qanchalik charchagan bo’lsa, ovqatni yaxshi chaynamaydi. Shu sabab ham tez va yurgan yo’lingizda yeb yurishga o’rganmang. Shoshilmasdan yeng va yaxshilab chaynang. O’z ratsioningizdan achchiq taomlar, qahva va gazli ichimliklarni chiqarib tashlang.
Tez-tez shamollash surunkali charchoqning yana bir belgisidir. Holsiz organizm mikroorganizmlarga qarshi kurasha oladigan oq qon tanachalarini me’yoridan kamroq ishlab chiqaradi. Bundan tashqari kortizol – stress gormoninig yuqoriligi immun tizimini pasaytirib, sog’lig’ingizga xavf tug’diradi. Va o’shanda o’tkir yuqumli kasalliklarga chalinish ko’payib, davolash jarayoni ham uzoq vaqtga cho’ziladi.
Qanday kurashish mumkin?
Bunday hollarda muntazam polivitaminlar qabul qilish kerak bo’lib, ular zaiflashgan organizmning tiklanishiga yordam beradi. Shuningdek, sutli mahsulotlar, ya’ni qatiq, kefir va yogurtlarni muntazam iste’mol qilish natijasida immunitet mustahkamlanadi. Shuningdek o’z taomnomangizga sarimsoq piyozni ham kiritib turing, chunki u viruslarga qarshi kurashuvchi samarali vosita hisoblanadi.
O’zingizni yanada tetikroq his qilishni istasangiz, unda toza havo, salqinda ko’proq vaqtingizni o’tkazing. Shuningdek vitaminli smuzilardan ichib turishni unutmang. O’zingizni seving va asrang!)
2 Sharhlar Hide Comments
Izohingizni yozib qoldiring
Izoh qoldirish uchun tizimga kirishingiz kerak.
Raxmat yaxshi tavsiya bo`ldi ayniqsa xozir kerak
Assalomu aleykum! Sizga yoqqanidan xursandmiz 🙂