Pazanda kundaligi: Juma kuni pishiriladigan keks

Mazali pishiriqlar pishirib barcha oila a’zolaringizni xursand qilib, o’zingiz esa har doim xushbichim va kelishgan qomatli bo’lib qolish sirini bilasizmi? Bu sirlardan hoziroq xabardor qilamiz.
Retseptlar bilan bog’liq shirin xotiralarini bizning yangi muallif Esmira Ismailova yangi «Pazanda kundaligi» bo’limida biz bilan bo’lishadi. Uning hikoyalarini o’qib maroq olishingizga aminmiz.
Men har doim uyda pishirilgan mazali pishiriqlardan iste’mol qilishni ham, ortiqcha vazndan qutulishni ham istayman. Bu ikkita xohish meni har doim qiynab kelgan. Va nihoyat buning yo’lini topdim. Mening fransuz Mari ismli dugonam bo’lib, u uch bolaning onasi bo’lishiga qaramasdan, tashqi ko’rinishi xuddi o’smir qizlarga o’xshardi. Bir kuni men ularnikiga mehmonga bordim. Ostona xatlab kirganimni bilaman, taralayotgan mazali hid dimog’imni qitiqlab yubordi. Shunda u gaz pechini ochib ichidan issiqqina, endi pishib chiqqan kekslarni oldi. Ularga qarab ko’zlarim miltillaganini payqagan dugonam darrov: «Bizga, mumkin emas, bu ko’chadagi kichkintoylar uchun» deb, ko’chada o’ynayotgan bolalarini ko’rsatdi. U yana gapini davom etdi » Biz fransuz ayollari 30 yoshdan so’ng o’zimizni shirinlik va xamirli ovqatlardan cheklaymiz. Haftada bir marta ya’ni Juma kuni kechqurun mazali taomlar pishiramiz, bolalar yeganicha yeyishadi, qolganini albatta ertasi kuni ertalab yeb tugatishadi, menga hech narsa qolmaydi. Chunki dam olish kunlari hammamiz uyda bo’lamiz. Qarabsizki, erim va bolalarim xursand, men esa xushbichim va chiroyli bo’lib qolaveraman…» Bu usul yoqimsizroq bo’lsada, men ham o’zimni sinab ko’rishga qaror qildim. Aytsam ishonmaysiz, shundan so’ng men ham faqat Juma kuni mazali pishiriqlar pishirishga o’tdim. Marining dono maslahati sabab ham men ham xursand, mening belim ham xursand! Juma kuni tayyorlaniladigan keksning retsepti juda ham oson bo’lib, buning uchun bizga kerakli masalliqlar:
3 ta tuxum;
1 piyola shakar;
1 piyola qatiq;
2 piyola un;
100 gr eritilgan sariyog’;
1 чchoy qoshiq qabarma va vanil;
Ta’bga qarab yong’oq va mayiz.
Xamirni tayyorlash uchun ko’pi bilan 5 daqiqa vaqt sarflaymiz. Mikserda tuxum, shakar va vanilni yaxshilab ko’pirtiramiz. Massa oqarib, yaxshilab ko’pirgandan so’ng eritilgan sariyog’ni solamiz aralashtirib, ustidan qatiqni solamiz. Suyuqroqmi? Hechqisi yo’q. Un hammasini to’g’irlaydi. Un bilan qabartmani aralashtiramiz va xamirga solib yaxshilab aralashtiramiz. Mana bo’ldi. Xamirni yog’langan qolipga solamiz va 220 C da 45 daqiqa atrofida pishirib olamiz. Tortishdan oldin shakar upasi bilan bezating. Keksni Juma kuni pishiring va ustini yopib qo’ying, bir kecha turgan keks yanada mazaliroq ta’m kasb etadi.
Agarda bu keksga har xil quritilgan mevalardan qo’shilsa, ajoyib bayramona ko’rinishga kiradi.
Yangidan yangi ma’lumotlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.
1 Sharhlar Hide Comments
Izohingizni yozib qoldiring
Izoh qoldirish uchun tizimga kirishingiz kerak.
Yoqmadi