Oy uchun foydali mahsulotlar: fevral
Mana ko’z ochib yumguncha qishning oxirgi oyi – fevral ham tugab bormoqda. Bu oy uchun qanday mahsulotlardan sotib olish maqbul, ularning narxlari va foydali xususiyatlari haqida gapirib beramiz.
Qishda inson organizmida vitaminlar tanqisligi boshlanib, har doim o’zimizni charchagan his qilamiz va o’zimizni uyqu bilan chalg’itgimiz keladi. Bunday holatdan qutulish uchun ham bu oyda foydali mahsulotlardan iste’mol qilish juda katta ahamiyatga ega.
Suli yormasi
Tongni sog’lom nonushtadan boshlaymiz: suli yormasidan tayyorlangan bo’tqadan. Ko’pchilik bu taomni yoqtirmaydi, balki uning naqadar foydali ekanligidan xabarlari yo’qdir. Suli yormasi o’zida ko’p miqdorda antioksidantlarni saqlab, ular mavsumiy depressiya va stress holatlaridan qutulishga yordam beradi. Shu bilan birga u o’zida quyidagi vitamin va minerallarni saqlaydi: foliy kislotasi, А, В, С, Е, К vitaminlari, asal, temir, kaliy, kalsiy, natriy va fosfor. Suli yormasi qondagi qand miqdorini pasaytiradi, tirnoqlar, soch va tishlar holatini yaxshilaydi, yurak va qon-tomir tizimini mustahkamlaydi, shu bilan birga u oshqozon-ichak traktida ham juda foydalidir.
Qaynatishni talab qiluvchi suli yormasi eng foydalisi hisoblanadi. Tez tayyor bo’ladigan suli yormasini qayta ishlashadi va bunda undagi ko’pgina foydali moddalar kamayadi.
Biroq bu foydali mahsulotda ham qarshi ko’rsatmalar mavjud. Agarda siz glyutenni ko’tara olmaslikdan aziyat cheksangiz, unda bu mahsulotni iste’mol qilmang. Bundan tashqari, buyrak va yurak yetishmovchiligida ham bu mahsulot tavsiya qilinmaydi.
Suli yormasining kaloriyasi yuqori: taxminan 100 gramm mahsulot 350 kKal ni tashkil qiladi.
Qayerdan qanchaga sotib olish mumkin:
- Korzinka.uz tarmog’idagi supermarketlarda uning 400 grammli qadog’i 6 990 dan 8 990 so’mgacha turadi
- Makro tarmog’idagi supermarketlarda hajmiga qarab 4 890 dan 16 590 so’mgacha turadi
- Bo’z bozorda esa uning 400 grammli qadog’i 8 500 dan 14 300 so’mgacha turadi, kiloligi esa 5 500 so’mdan 5 800 so’mgacha bir kilosi turadi
- Qo’yliq bozorida:kilosi 5 500 so’m turadi.
Yasmiq doni
Yasmiq doni – juda mazali va foydali mahsulot bo’lib, u butun dunyoda iste’mol qilinadi. Uning navlari juda ko’p bo’lib, qizil, yashil va qo’ng’ir rangli yasmiq donlari sevib iste’mol qilinadi. Ular faqatgina hidi va tayyorlanish vaqti bilan bir-biridan farq qiladi, foydali xususiyatlari esa hammasiniki bir xil.
Yasmiqda o’simlik oqsili mavjud bo’lib, u ovqatni tezroq hazm bo’lishiga yordam beradi. Bundan tashqari u o’zida foliy kislotasi va temirni eng ko’p miqdorda saqlovchi mahsulot deb hisoblaniladi. Yasmiq doni organizmga serotonin, ya’ni baxt garmonini ishlab chiqarishga yordam beradi, qondagi shakar miqdorini kamaytiradi va asab tizimini mustahkamlaydi.
Buyrak-tosh kasalligi, oshqozon-ichak buzilishi va ga suli yormasini iste’mol qilish tavsiya qilinmaydi.
Energetik quvvati: 100 gramm da 280 kKal.
Qayerdan qanchaga sotib olish mumkin:
- Korzinka.uz tarmog’idagi supermarketlarda ikki kilosi 37 290 so’mgacha turadi
- Makro tarmog’idagi supermarketlarda kilosi 24 000 so’m turadi
- Bo’z bozorda esa uning kilosi 20 000 so’m turadi
- Mirobod bozorida yashil yasmiq doni 18 000, qizil yasmiq doni 23 000 so’m kilosi turadi
- Qo’yliq bozorida kilosi 20 000 so’m turadi.
Shokolad
Shokolad bolalarning ham kattalarning ham sevimli shirinligidir. U kayfiyatni ko’tarish xususiyatiga ega. Shokolad dunyo bo’yicha eng sevib iste’mol qilinadigan shirinlikdir. Faqat shokolad inson organizmi uchun foydalimi yoki zararli?
Shokolad inson organizmida baxt garmonini ishlab chiqishi bilan ham foydali hisoblanadi, energiyani oshiradi, yurak qon-tomir faoliyatini yaxshilaydi, moddalar almashinuvini susaytirishi sabab ham ozmoqchi bo’lgan insonlarni quvontiradi. Shokoladning yomon tarafi, bu o’zida yuqori kaloriya va shakarni saqlashi sabab ham qandli diabetga chalinganlarga tavsiya qilinmaydi. Ozmoqchi bo’lganlar esa, bir kunda bir bo’lak shokolad yeb, semirib qolmaydilar, ammo kayfiyatlari ko’tarilishi aniq.
45 % dan ko’proq kakaoni o’zida saqlovchi shokoladlarning energetik quvvati 100 gramm mahsulotda 546 kKal ni saqlaydi.
Qayerdan qanchaga sotib olish mumkin:
- Korzinka.uz tarmog’idagi supermarketlarda bitta shokolad plitkasi 7 690 dan 21 590 so’mgacha turadi
- Makro tarmog’idagi supermarketlarda esa uning narxi 6 590 so’mdan 40 990 so’mgacha turadi.
- Bo’z bozorida esa 7 500 dan 11 000 so’mgacha turadi.
Tvorog
Tvorog juda ham foydali mahsulot bo’lib, u o’zida kalsiy, kaliy, oqsil, temir va aminakislotalarni saqlaydi. Tvorog organizmda yaxshi hazm bo’ladi, asab va hazm qilish organlarini ishlashini yaxshilaydi, ko’rish qobilyati, tish, soch, tirnoq va teri ko’rinishini yaxshilashga yordam beradi. Ammo siz yog’sizlantirilgan tvorogdan xarid qilsangiz, shuni bilib qo’yingki, undagi foydali xususiyatlar ancha kamaygan bo’ladi: undagi ko’pgina vitamin va minerallar faqatgina yog’lar bilan o’zlashtiriladi. Shuning uchun ham 9% li tvorogdan xarid qilish maqsadga muvofiqdir.
Tvorog, shuningdek, organizmga zarar yetkazishi ham mumkin. Birinchi o’rinda kiloli tvorog: agarda siz sinalmagan sotuvchidan kiloli tvorog sotib olsangiz, u aynigan bo’lib, oshqozon-ichak buzilishi kabi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Tvorog tez aynib qoladigan mahsulot bo’lganligi sabab ham, uni oldindan g’amlab qo’yish yaramaydi. Tvorogni shuningdek me’yoridan ko’p, ya’ni haftada 5 martadan ko’p iste’mol qilish yaramaydi, aks holda oqsillarning haddan ortiq to’planishiga olib keladi.
9% li tvorogning energetik quvvati 100 gramm mahsulotda 159 kKal ni tashkil qiladi.
Qayerdan qanchaga sotib olish mumkin:
- Korzinka.uz tarmog’idagi supermarketlarda hajmiga qarab 4 190 dan 14 990 so’mgacha turadi
- Makro tarmog’idagi supermarketlarda hajmiga qarab 3 490 dan 14 950 so’mgacha turadi
- Bo’z bozorda esa uning 12 000 so’m bir kilosi turadi
- Qo’yliq bozorida esa kilosi 9 000 dan 10 000 so’mgacha turadi.
Asal
Shamollashlar mavsumida asal eng kerakli mahsulot sifatida xizmat qiladiв. U antibakterial va mikroblarga qarshi kurashish xususiyatiga ega bo’lib, antioksidantlar va minerallarga boydir. Asal ovqat hazm qilishni yaxshilaydi, tirnoq, soch, tish va terini ko’rinishini yaxshilaydi, immunitetni mustahkamlaydi , yurak va asab tizimini ish faoliyatini yaxshilaydi. Asal qanchalik to’q rangda bo’lsa, temir va asal moddalarini o’zida shunchalik ko’p saqlaydi.
Asalni xohlaganingizcha g’amlab qo’yishingiz mumkin: u uzoq muddatlargacha ham foydali xususiyatlarini yo’qotmaydi.
Allergiyadan aziyat chekuvchilarga asal iste’mol qilish tavsiya qilinmaydi. Yurag muammolari borlar esa asalni issiq choy bilan iste’mol qilishlari kerak emas. Qandli diabetga chalinganlarga ham asal yeyish tavsiya qilinmaydi.
Energetik quvvati: 100 gramm mahsulot 328 kKal ni tashkil qiladi.
Qayerdan qanchaga sotib olish mumkin:
- Korzinka.uz tarmog’idagi supermarketlarda kilosi 32 490 dan 51 990 so’mgacha turadi
- Makro tarmog’idagi supermarketlarda kilosi 45 990 dan 53 990 so’mgacha turadi
- Bo’z bozorda esa uning kilosi 35 000 dan 40 000 so’mgacha turadi
- Qo’yliq bozorida kilosi 30 000 so’mdan 60 000 so’mgacha turadi.
*Korzinka.uz va Makro tarmog’idagi supermarketlari xodimlariga tasvirga tushirish jarayonida ko’maklashganlari uchun minnatdorchilik bildiramiz!
*Mahsulot narxlari manba chop etilgan vaqtdagina amal qiladi.
Yangidan yangi ma’lumotlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.