Bolani sabzavot iste’mol qilishga qanday o’rgatish mumkin
Hamma bolalar ham sabzavotlarni yaxshi ko’rmaydi va ko’pincha bolaga sabzi yoki qovoq yedirishga urinish janjal bilan tugaydi. Biz bolani injiqliksiz sabzavot iste’mol qilishga o’rgatish bo’yicha maslahatlarni to’pladik.
His-tuyg’ularingizni ko’rsatmang
Bolalar bizning his-tuyg’ularimizni juda yaxshi o’qishadi. Agar siz ularni sabzavot yeyishga undayotganingizda g’azablansangiz va asabiylashsangiz, ular o’zlari bilmagan holda sizga qarshi chiqadilar. Agar bola sabzavot yoki ovqat yeyishni istamasa tashvishlanmang va majburlamang. Ehtimol, bola hali och emas yoki injiqlik qilyapti – har qanday holatda ham u och qolmaydi, to’g’rimi?
Sabzavotlarni taomnomaga iloji boricha erta kiriting
… Va o’zingizdan boshlang. Agar bola faqatgina o’zi sabzavot iste’mol qilayotganini, ota-onasi esa asosiy taomni tanavvul qilayotganini ko’rsa, u sabzavotlarni hech qachon yoqtirib qolmaydi. Sabzavot va mevalarni o’zingiz iste’mol qiling, ularning mazali ekanligini takidlab o’ting va bu holatni muntazam ravishda bajaring: bolalar sizdan o’rnak olishadi.
Sabzavotlardan boshlang
Tushlik yoki kechki ovqat uchun avval salat yoki sabzavotli gazak torting. Agar bola och bo’lsa, u stolda paydo bo’lgan birinchi narsani yeyishi ehtimoli ko’proq. Shuningdek, siz unga asosiy taomni kamroq, sabzavotli garnirni esa ko’proq qo’yishingiz mumkin – to’yish uchun bola uning idishidagi hamma narsani yeydi.
Kayfiyatiga e’tibor bering
Mazali ta’m hisi miyada hosil bo’ladi – bolalarda ham, kattalarda ham. Agar bola kasal bo’lsa yoki yomon kayfiyatda bo’lsa, unga sabzavot yoki meva taklif qilishning foydasi yo’q. Miya uni avtomatik ravishda «bemaza» deb belgilaydi va bola ovqat yeyishdan rad etadi. Bolangizni kuzatib boring va «qulay» daqiqalarda bola ratsioniga yangi sabzavot va mevalarni kiriting.
O’ynang
Ma’lumki, o’yin paytida bolalar yangi bilimlarni yaxshiroq o’rganadilar. Farzandingizni ko’zlarini bog’lagan holda sabzavot yoki mevani ta’miga tayanib topishni va qolaversa qanday rang ekanligini taxmin qilishni taklif qiling. Siz yana boshqa o’yinlarni topishingiz ham mumkin, va bola, albatta, siz bilan birga o’ynashdan xursand bo’ladi.
Ayyorroq bo’ling
Televizor tomosha qilayotganimizda, o’yin o’ynaganimizda yoki boshqa narsaga ishtiyoqli bo’lganimizda, biz tez-tez yeguliklar yeymiz: yong’oq, suxarilar, pechene iste’mol qilamiz. Buni bolalar bilan ham sinab ko’ring: band bo’lganda likopchasiga to’g’ralgan meva yoki sabzavotlarni qo’ying. Aksariyat bolalar bunday sog’lom yegulikni hatto sezmagan holda yeb qo’yishadi
Foyda haqida gapirmang
Bolangizga sabzavotlar foydali ekanligini aytmang. O’zingiz tan oling: qachon biron-bir narsani u faqatgina foydali ekanligi uchungina iste’mol qildingiz? Bolalar mahsulotning foydali ekanligiga ahamiyat bermaydilar, shuning uchun mahsulot foydali ekanligiga urg’u bermang. Ular shunchaki sabzavotlar, mazali va chiroyli taom halos.
Birgalikda pishiring
Farzandingiz kechki ovqat tayyorlashda va dasturxon tuzishda qatnashsin. Kanadalik yozuvchi Karen Le Billon, bolalarning ovqatlanish xatti-harakatlari haqida yozadi, ovqatni baham ko’rish va chiroyli dasturxon yozish bolalarni stolda o’zini yaxshi tutishiga olib keladi. Farzandingizga salat aralashtirishni, sabzavotlarni likopchalarga joylashtirishni, qaylaga tuz sepishni, stol bezash va shunga o’xshash boshqa ishlarni taklif qiling – tayyorgarlik paytida ko’p bolalar tayyorlagan narsalarini ta’tib ko’rishni xohlashadi.
Sabr qiling va tajriba qiling
Farzandingiz birinchi martadanoq sabzavotni yaxshi ko’rib qolishini kutmang. Sizga ko’proq vaqt va aql kerak bo’lishi mumkin. Kotletlar yoki boshqa issiq ovqatlarga sabzavot qo’shing, tayyorlash usllarini o’zgartirib turing – sabzavotlarni qaynatib oling, pishiring, ko’katlar va ziravorlar qo’shing, turli xil qaylalar tayyorlang va ularga sabzavot qo’shing. Agar bola yeyishdan bosh tortsa, tushkunlikka tushmang: nimani yoqtirmasligini so’rang, agar iloji bo’lsa, uni tuzating. Agar bola qandaydir sabzavotni iste’mol qilishni xohlamasa, undan taslim bo’lmang: uni 10, 15, 20 marta har xil turlarda taklif qiling – ta’blar o’zgaradi va bir kun bolalaringiz ilgari sevilmagan qovoqchani xursandchilik bilan iste’mol qiladilar.