Rang va iforlar ishtahamizga qanday ta’sir qiladi?
Ortiqcha nimadir yeb qo’ymaslik uchun nimalarga qarab, nimalarni hidlashimiz kerak? Ilm-u fanga yuzlanamiz va birgalikda muhokama qilamiz.
Ovqatlanish tartibi – salomatlikning poydevoridir. Olimlar bir necha o’n yillardan beri ovqtlanish tartibi va odatlari ustida izlanishlar olib borishadi. Ishtaha masalasi haqida esa nima deya olamiz? Uni boshqarib bo’ladimi? Izlanuvchilar ochlik hissini nima paydo qilishi yoki uni boshqarish mumkinligi haqida tadqiqotlar olib borsalarda, bu masala hali hamon mavhumligicha qolmoqda.
Takomidagi bioijtimoiy izlanishlar institutining olimi Aleksandr Shaus, ranglar bizning xulq-atvorimiz va kayfiyatimizga ta’sir qilishini isbotladi.
Ranglarning ta’bimizga ta’siri
Qiziqarli izlanishlarning natijasiga ko’ra, oziq-ovqat mahsulotlarini tanlashdagi tezkor qarorlar ko’p jihatdan ularning rangiga bog’liq ekan. Sariq va olov rang kabi iliq ranglar ishtahani ochib, hazm qilish faoliyatini yaxshilar ekan.
Yashil rang-yangi uzilgan sabzavotlar, hamda pushti rang – tobida pishgan mevalar bilan chambarchas bog’langan bo’lib, bizni yegulikka jalb qiladi.
O’simlik dunyosida kam uchraydigan ranglar, masalan, ko’k, siyoh rang, qora, kulrang, havo rang esa, aksincha ishtahani bo’g’adi. Taom uchun eng jilosiz rang deb moviy rang tan olindi.
Yana bir qiziq tadqiqotning natijasiga ko’ra, agarda sevimli taomimizning ta’mi o’zgarmay turib, rangi o’zgarsa, baribir bema’zadek tuyular ekan.
Idish-tovoqlarning rangi masalasi esa undanda qiziq. Sevimli, ammo havo rangli apelsin bizga xush kelmaydi, lekin havo rang likopchadagi apelsin oq likopchadagidan ko’ra maftunkorroq tuyuladi. Agar siz tushlikda havo rang likopchadan taomni to’yib tanovvul qilib, shu rangli piyoladan ichimlikka qo’l uzatgan bo’lsangiz, shirinlik ham istab qolishingiz aniq. Shuning uchun havo rangli likopchalardan foydalansangiz ham, moviy rangli piyolalardan voz kechganingiz ma’qul.
Shunisi qiziqki, qizil o’ram yoki qizil rangli idishlar ishtahani kuchaytiradi. Tajribalar shuni ko’rsatdiki, qizil patnisdagi taom va qizil o’ramdagi ichimliklarga, oq yoki ko’k rangdagidan ko’ra ko’proq talab bo’lgan.
Xullas, agarda siz ozish niyatida bo’lsangiz, oppoq, pushti rang, olov rang va och yashil rangli idishlaringizdan voz keching. Lekin qora, ko’k, siyoh rangli likopchalarda keltirilgan eng ishtahaochar go’sht ham umuman o’ziga tortmaydi.
Ranglar bizga shu darajada ta’sir o’tkazadiki, ranglar bilan ishlash jarayonida biz o’zimizga ham ta’sir o’tkazamiz. Hattoki muzlatgichdagi ko’k rangli chiroq ham ishtahani susaytirishi isbotlangan.
Iforlar qorinni to’ydiradimi?
Bizning xotiramiz hidlardan ta’sirlanadi, biz hatto ayrim holatlarni ma’lum bir hid bilan eslab qolamiz yoki qaysidir isga bog’laymiz. Tarovatning kuchi ushlab ko’rish kuchidan ham tezroq ta’sir qiladi. Shirin iforlar kelib turgan do’konda nimadir sotib olishning ehtimoli katta. Shu sababli marketologlar haridorlarning harid qilish qarorini kuchaytirish maqsadida aromaterapiyadan foydalanishadi.
Fransuz olimi, tajriba asosida hidning o’tkirligi taoming iste’mol qilinishiga ta’sir ko’rsatishini aniqladi. To’yimli hidga ega shirinliklardan ko’ra yengil iforli desertlar ko’proq tanovvul qilingan ekan.
Golland olimlarining payqashicha, tanish hidli yeguliklar ishonch bilan, katta-katta tishlab yeyilsa, notanish hidli ozuqa ehtiyotkorlik bilan tishlanib, uzoq chaynalar ekan.
Sevimli yoki tanish taomning hidi darrov shu taomni yeyishga bo’lgan xohishni kuchaytiradi. Hidlarning xulq-atvorga bo’lgan ta’siri haqida hattoki kitoblar ham yozilmoqda. Aniq isbotlanganki, nokning hidi ishtahani qitiqlaydi, limon jahldorlikni kuchaytiradi, atirgulning ayrim turlardagi is sizni qaysarlikdan qaytaradi, layma va greypfrutning isi esa e’tiborni susaytirar ekan.Agar oziq-ovqat do’konida pishiriq, tarvuz yoki bodringning hidi kelib turgan bo’lsa, siz mo’ljaldagidan ko’proq mahsulotlar sotib olasiz.
Amerikalik tadqiqotchilarning fikriga ko’ra, yalpiz, banan, olma, vanil va dolchinning hidi ishtahani bo’g’ib, ochlik hissini yo’qotar ekan. Doktor Brayn Raudebush shuni isbotladiki, ovqatlanishdan oldin yalpiz iforini hidlasangiz, hafta davomida 1800 kilokaloriyagacha kamroq iste’mol qilish mumkin ekan.
Greypfrut, arpabodiyon, va qalampirning isi teri osti yog’larini parchalovchi moddalarning ishlab chiqarilishini kuchaytiradi,-deb ta’kidlaydi yapon olimlari.
Shundan xulosa qilish mumkinki, o’zingizni to’g’ri islar bilan o’rab olsangiz, ishtahangiz va kayfiyatingiz boshqaruvini qo’lingizga olasiz.