Kerakli rakurs: o’zingizni to’g’ri ruhlantirish yo’lini toping
Bugungi maqolamiz yana sog’lom turmush tarziga bag’ishlanib, bu yerda siz o’zingizni to’g’ri ruhlantirish to’g’risida kerakli bilimlarga ega bo’lasiz.
Maslahatlar
Sizga shuni eslatib o’tishimiz lozimki, sog’lom turmush tarzi avvalo sizning fikrlaringiz va kayfiyatingizdan boshlanadi.
Instagram sahifalarini ko’rib chiqayotganimda, men ko’pincha o’ziga e’tiborni ayamaydigan, sport zallariga qatnaydigan, sport zali ko’zgusi qarshisida o’z qomatlarini ko’z-ko’z qilib rasmga tushgan, kilometrlab yurish hisobiga yo’qotilgan kaloriyalarning suratlarini sahifalarga qo’ygan qizlarga duch kelaman. Albatta bu kabi ruhlanish yo’li ham kerak, ammo….
Agarda bu kabi «fitnes go’zallari»ni ko’rib, siz ham keyingi oyda tor shimda sport zal ko’zgusi qarshisida suratga tushaman degan fikrga kelgan bo’lsangiz, sizni tinchlantirish niyatida shuni aytishim mumkinki, bu sog’lom turmush tarzi emas.
Yana bir bor aytib o’tishim kerakki, sog’lom turmush tarzi bu sport zalida olingan suratlar, yangi sport oyoq kiyimlari yoki parhezlar emas, balki eng avvalo o’z-o’zini sevish va o’ziga g’amxo’rlik qilish istagidir. Qolgan barchasi – sizning asosiy maqsadingiz bo’lmish baxtli va sog’lom hayotga erishish yo’lidagi yordamchi vositalardir.
Insonlarning ijtimoiy tarmoqlarda bo’lishgan va hayotdagi ko’rinishi aks etgan suratlarda farq borligini ko’rsatib, kuzatuvchilarning diqqatini jalb qilish maqsadida ko’pchilik #Instagram VsReality# va #InstagramVs Reallife# xeshtegi bilan suratlarni joylashtirishni boshlashdi. Bu, qoidaga ko’ra, ikki yoki undan ortiq suratlardan tashkil topgan kollaj bo’lib, bir qarashda ideal tana hamda hayotdagi asl ko’rinish aks etgandek bo’ladi. Aslida esa, farq faqatgina qanday rasmga tushishda, yorug’likda va rakursdadir.
Sizlar bilan quyidagi ruhlantiruvchi suratlar bilan bo’lishar ekanman, ular sizlarga go’zallik va mukammallikka intilish avvalo o’zini o’zi sevishdan boshlanishi kerakligini eslatib o’tadi.
Mashhur bloger Chessi King (Chessie King) «O’zini sevish» nomli katta yo’lni bosib o’tgan. U tez-tez o’z profilida «Eng asosiysi kaloriyalarning kundalik miqdori va samarali parhez emas, balki kayfiyat va o’z tani va ruhi bilan hamohang bo’lib ketishdadir»,- deb aytadi.
«Bir necha yil oldin men bu kabi suratlarimni chop ettirmagan bo’lar edim, chunki men uchun muhimi faqat iloji boricha vazn tashlashim edi. Doimo qunt bilan kaloriyalarni sanar edim, agar baxtga qarshi kundalik me’yorimni sal oshirib yuborsam,o’zimni koyib, tarozidagi raqamlar o’zgarmasligi uchun sport zalida tinimsiz ishlar edim. Bu raqamlar men uchun mukammallik bo’lsada, negadir baxtli emas edim. Barchamizning mukammal bo’lishimizning iloji yo’q, ammo baxtli bo’lish to’laligicha o’zimizning qo’limizda», – deb yozadi King postlarining birida.
So’zini isbotlash maqsadida Chessi bir necha «mukammal» va real suratlar bilan bo’lishib, shunchaki o’zingizga boshqa burchak ostida nazar soling, deb ta’kidlaydi.
Ushbu rasmlarning egasi ham «fitnes go’zallari»dan biri bo’lib, o’zi bilan uyg’unlashish yo’lini topishga harakat qilganlardandir. Imre Chechen (Imre Cecen) ismli bu model instagramda qariyb 300 ming a’zosi bo’lgan fitnes-blogni yuritadi. Model o’z a’zolari bilan to’g’ri ovqatlanish va mashqlarga oid maslahatlari bilan bo’lishib, modellarning ijtimoiy tarmoqlarda bekam-u ko’st ko’rinishlari uchun qanday ayyorona harakat qilishlarini aytib o’tadi.
«Tanangizning yorug’likka qarab turlicha ko’rinishi odatiy holat hisoblanadi. Albatta har doim va har yerda mukammal ko’rinishning iloji yo’q. Suratga tushishdagi holat ham juda ahamiyatlidir. Biz internet tarmoqlarida faqat mukammal tanalarni ko’ramiz. Ozg’in oyoqlarim tushirilgan birinchi suratni olish ham oson kechmagan. Buning uchun men belimni bukib, oyoqlarimni biroz ko’tarib(press bilan ishlashga to’g’ri kelgan), hovuzning chetiga o’tirishga to’g’ri kelgan. Hatto yiqilib tushishimga ham sal qolgan edi»,- deb tan oladi Chechen surat ostidagi yozuvlarinig birida.
Yana bir suratlar jamlanmasining muallifi 21 yoshli Sara bo’lib, siz uning rasmlaridagi farqni shundoqqina ko’rishingiz mumkin-qorinning «ichga tortilganlik» darajasi, yorug’lik va ko’z tashlash qirrasining suratdagi natijaga ta’siri.
U doimo mukammallikka emas, kishi o’ziga nisbatan mehribonroq bo’lishga intilishi kerakligini ta’kidlaydi. Sara o’z maslahatlarida go’zallik birovlarnig ijtimoiy tarmoqlardagi tanalariga havas emas, o’zini sevishdan boshlanadi deb aytadi.
O’zingizni seving va sizning sog’lom turmush tarzingiz baxtli turmush tarzining dastlabki qadamlariga aylanadi.