Asal to’g’risida qiziqarli ma’lumotlar
Asal haqida ma’lumotlarni keltiramiz: uning foydali xususiyatlari, kimlarga asalni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi, asalni tog’ri iste’mol qilish qoidasi, uni qanday qilib eritib olish, tanlash, saqlash va tayyorlash kerak.
Asalning foydali xususiyatlari
Asal kashf qilinganidan beri, ming yillar davomida insonlar undan dori mahsuloti sifatida foydalanib keladi. Biz asosan uning shamollashga qarshi samarali shifo berishiga ko’nikib qolganmiz, aslida esa asalning foydali tomonlari serob:
- suyak to’qimalari uchun-unda 20 dan oshiq aminokislotalar bo’lib, kalsiy moddasining organizmga yaxshi so’rilishiga yordam beradi;
- ayni shu aminokislotalar asab tizimining me’yorida ishlashini ta’minlaydi, stress va dipressiyaga qarshi kurashuvchanlikni oshiradi, miya faoliyatini yaxshilab, xotirani mustahkamlaydi;
- asaldagi vitaminlar yurak faoliyatini yaxshilaydi, tomirlarni mustahkamlaydi va undagi xolesterin miqdorini kamaytiradi;
- asaldagi antioksidantlar va bakteriyalarga qarshi kurasha olish xususiyati yo’talni yengillashtiradi, nafas yo’lini yumshatadi, o’pkani tozalaydi, bronxit va astma simptomlarini kamaytiradi;
- asal tishlar va milklar uchun ham juda foydali bo’lib, og’iz bo’shlig’i kasalliklari bilan kurashishda yordam beradi va tish qarashini kamaytiradi;
- oshqozon-ichak sistemasida ham o’rni beqiyos-chunki asal u yerda kaliy moddasini to’plashda yordam beradi, suyuqlik zaxirasini to’ldirib turadi va aynan shu xususiyati oshqozon buzilishi va ich ketishida yordam beradi;
- bundan tashqari, asal oshqozon-ichak sistemasidagi viruslarni o’ldiradi va yallig’lanishni kamaytirishga yordam beradi;
- albatta eng asosiysi, asal immunitetni ko’taradi;
Asalnig zararli tomoni bormi?
Bu ajoyib mahsulot ko’p miqdorda iste’mol qilinsa salbiy ta’sir qilishi mumkin. Quyidagi holatlarda asalni tanovvul qilish tavsiya etilmaydi:
- agar siz allergiyadan aziyat cheksangiz: asal-kuchli allergendir;
- agar siz ortiqcha vazndan shikoyat qilsangiz: asal -kaloriyalarga boy mahsulotdir;
- agar siz qandli diabet kasaliga chalingan bo’lsangiz: albatta bir qoshiq shakardan bir qoshiq asal afzalroq, ammo ko’p miqdorda iste’mol qilish zararlidir.
Yana bir ma’lumot o’rnida aytib o’tish kerakki, asalda qand miqdori ko’p bo’lgani uchun u tish emaliga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Shuning uchun asalni yegandan so’ng og’izni chayish lozim.
Asalning foydasini organizmga to’liq singdirish
Organizmni foydali moddalar bilan to’yintirish uchun asalni to’g’ri iste’mol qilish kerak.
- asalni bir sutkada 1-2 qoshiqdan ko’p yemaslik lozim, chunki bu inson uchun eng afzal me’yordir;
- asalni och qoringa tanovvul qilish yaxshiroq. Uning tarkibi benazir bo’lib, ertalab sergak bo’lishingizga, kechqurun esa tezroq uxlab qolishingizga yordam beradi;
- asalni doimiy ravishda yeyish kerak- masalan, kun ora;
- asalni 40 darajadan yuqori bo’lgan haroratda qizdirmang, aks holda barcha foydali xususiyatlari yo’qoladi. Bundan tashqari, asal qo’shilgan issiq choy yurakni zo’riqtiradi.
Qotib qolgan asalni qanday eritish mumkin?
Asalning qand miqdori ko’payib, juda quyuq bo’lib ketishi me’yoriy holat bo’lib, uning sifatli ekanligidan dalolat beradi. Ammo plitada qizdirish mumkin bo’lmasa, qanday qilib uni suyuq holatga keltirsa bo’ladi?
- birinchi usul: quyosh yordamida. Bizning mintaqamizda bu ayni muddao- shunchaki asal solingan likopcha yoki piyolani quyoshga qo’yib, eriguncha kutib turing. Bu usulning bir salbiy tarafi bor-uzoq vaqt kutishingizga to’g’ri keladi;
- ikkinchi usul: issiq suv yordamida. Asal solingan idishni ushlagan holda issiq suv tagiga qo’yib turing. Issiq suvning harorati 50 darajadan oshmasligi lozim;
- uchinchi usul: suvda bug’lantirish. Agarda uyingizda termometr bo’lsa, ushbu usuldan foydalaning, chunki bu usul eng kam vaqt talab qiladi. Bitta katta va bitta kichikroq qozoncha oling. Ikkalasiga ham suv solib, asal solingan idishni kichik qozonchaga joylashtiring. So’ng kichik qozonchani katta qozonga joylashtiringda gazga qo’ying. Kichik qozonchadagi suv 50 darajaga yetguniga qadar suvni qizdirib, gazni o’chiring. Agar suv harorati 40 darajadan pastga tushganida ham asalingiz erimagan bo’lsa, yana bir bor suvni gazda qizdirsa bo’ladi.
Asalni qanday tanlash va saqlash kerak
Asalning faqatgina foydasidan bahramand bo’lish uchun uni to’g’ri tanlash va saqlay olish kerak. Asal xarid qilayotganda quyidagilarga ahamiyat bering:
- u hidli bo’lishi va bir tusda bo’lishi lozim;
- asalning ustida oq ko’piklar bo’lmasligi lozim;
- u quyuq bo’lib, asta-sekinlik bilan ,qavat-qavat bo’lib quyilishi kerak;
- haqiqiy asal tiniq va toza bo’ladi, qalbaki asal esa biroz xira va ostida qoldiqlar bo’ladi;
- asalning ta’mida sira ham nordonlik yoki nordon tarovat bo’lmasligi kerak: asal ta’mi mayin va yoqimli shirin tuydan boshlanib, kuchayib boradi;
- asalni iste’mol qilib ko’rgach, u tomoq va tilni yengil kuydirishi lozim;
- agar bir tomchi asalni qo’lingizga tomizib, ishqalasangiz, u bir maromda teringizga singib ketishi shart.
Asalning amal qilish muddati yo’q, ammo agar uni noto’g’ri saqlasak, mahsulotimiz o’zining foydali va ozuqaviy xususiyatlarini yo’qotishi mumkin. Bu holatni oldini olish uchun:
- asalni bir xil haroratda saqlang, u -6 darajadan +20darajagacha bo’lgan haroratda yaxshi saqlanadi;
- asalni shishadan, sopoldan yasalgan yoki emallangan idishda saqlash maqsadga muvofiqdir;
- asal solingan idishni quruq va qorong’u joyga qo’ying-hatto qattiq yopilgan holatda ham u nam tortib qolishi mumkin. Shuning hisobiga u nafaqat suyuq bo’lib qolishi, balki mog’orlashi va buzilishi mumkin. Quyosh nurlari esa vitaminlarni o’ldiradi;
- Hidi kuchli mahsulotlarni asalning oldida saqlamang, aks holda asal shu hidlarni o’ziga singdirib oladi.
Pazandachilikda asalning o’rni
Pazandachilikda asaldan ham go’shtli, ham shirin taomlarni tayyorlashda keng foydalaniladi. Mikroblarga qarshi xususiyati borligi hisobiga uni marinadlash uchun ham ishlatsa bo’ladi-sizning tuzlamalaringizga sira putur yetmaydi.Asal-tabiiy konservant bo’lib, asal qo’shib tayyorlangan har qanday pishiriq va taomingiz uzoqroq vaqt saqlanadi.Bizning asal talab qilinadigan sevimli retseptlarimiz quyidagilardir:
- albatta birinchi o’rinda – «Asalli tort». Mayin, yumshoq, shirin iforli ushbu pishirig’imizni hali tayyorlab ko’rmagan bo’lsangiz, tavsiya qilamiz;
- banan, asal, yong’oq va xurmo qo’shib tayyorlangan keks juda shirin, pufakchali va to’yimli bo’lib pishadi;
- zanjabil va asal bilan marinadga bosilgan tovuq qanotchalarini ham sovuq, ham qaynoq holda dasturxonga tortsa bo’ladi, ayniqsa ularning po’stlari juda qarsildoq bo’lib pishadi;
- asal va ziravorli tovuq- guruch bilan tortiladigan ajoyib iforli taomdir;
- guruch bilan vyetnamcha asalli mol go’shti ham tortsa bo’ladi, bu taom osiyo oshxonasini sevuvсhilar uchun juda xush keladi.