Peshtaxtalardagi qiziqarli mahsulotlar: «ALSAFI» motsarella pishlog’i
Motsarella – bu tuzlangan pishloq bo’lib, pitsa va har xil salatlar tayyorlashga juda qo’l keladi. Bizlar ta’tib ko’rish uchun o’zimizda ishlab chiqarilgan «Bio Natural Food» MCHJdan «ALSAFI» nomi ostida ishlab chiqarilgan motsarella pishlog’idan xarid qildik.
Taassurotlarimiz bilan bo’lishamiz
Motsarella pishlog’i balanslashtirilgan va juda foydali mahsulotdir. Bu pishloq har qanday taomga ajoyib ta’m bag’ishlaydi.
Bizlar motsarella bilan qilinadigan pitsa va salatlarni juda ham yaxshi ko’rganimiz sababli bu pishloqdan xarid qildik va uning narxi bizning diqqatimizni tortdi.
Qadog’i
Pishloq plastik qadoqda bo’lib, qopqog’i ostidan rangsiz pelyonka bilan yopilgan. Aylana shakldagi pishloqchalar tuzli suvda bo’lib, ular yong’oqdan biroz kichikroq hajmda.
Ishlab chiqaruvchilar bunday pishloqlarni 400 grammdan 1 kiloligacha hajmlarda sotuvga chiqargan. Ko’pincha 400 grammlisini ko’p uchratish mumkin bo’lib, unda pishloqning hissasi 200 grammni, tuzli suvi ham 200 grammni tashkil qiladi.
Ta’mi
Pishloq mayin va yoqimli ta’mda bo’lib, qayeridir sho’r bo’lmagan brinzaga ham o’xshab ketadi. To’g’rayotganda maydalanib ketmaydi.
Bizlar bu pishloq bilan «Pepperoni» pitsasidan tayyorlab ko’rdik. Bunda pishloq juda yaxshi erib, pitsamizning mazali chiqishiga o’z hissasini qo’shdi.
Bu pishloq bilan shuningdek «Kapreze» yoki ismaloq va motsarella pishloqli salatdan ham tayyorlash mumkin.
Tarkibi
Sigir suti, sigir sutidan qilingan qaymoq, achitqi, pepsin shirdoni, tuz, kalsiy xlorid.
100 gramm mahsulotning energetik qiymati: 264 kKal bo’lib, 21 grammini oqsillar, 20 grammini yog’lar tashkil qiladi.
Saqlash muddati: 6 oy
Ammo e’tibor bering: mahsulot ochilgandan so’ng faqat sovutgichda saqlash va 3 kun ichida iste’mol qilish kerak.
Qayerdan qancha narxga xarid qilish mumkin
Bu pishloqni bizlar Makro supermarketlaridan biridan 16 990 so’mga 400 grammli o’ramini xarid qildik.
Yangidan yangi ma’lumotlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.