Nima uchun pishiriqlar ba’zan o’xshamay qoladi
Pishirayotgan taomingizning o’xshamay qolishi yoki ko’nglingizdagidek chiqmasligi ko’pchilikka tanish holat bo’lsa ajab emas. Ko’tarilmagan keks, sariyog’lari erib ketib yoyilib ketgan pechenyelar, ichi xom qolgan pirog… Bu ro’yxatni juda uzoq yozish mumkin, shunday emasmi? Va har doim shunday o’yga tolamiz: nima sababdan o’xshamay qoldi? Xafa bo’lasiz va pishirish bu menga emas deb, tushkunlikka ham tushasiz.
Juda noto’g’ri fikr! Yeguliklar tayyorlashni har kim ham uddalay oladi. Keks pishirishda qanday xatolarga yo’l qo’ymaslik kerak, bir boshdan gapirib beramiz.
Mahsulotlarni boshqasiga almashtirish
Agar retseptda javdar uni yozilgan bo’lsa-yu, siz bug’doy unidan solsangiz, unda keksingiz ko’tarilmasa yoki pishmay qolsa, bundan hech ham ajablanmang. Chunki barcha retseptlardagi masalliqlar – bu bir-biri bilan bog’liqbo’lib, birining o’rni almashinishi darrov sezilib qoladi.
Aytgancha, shakar va shakar upasi ham bir-biridan farq qiladi. Agar retseptda shakar upasi ko’rsatilgan bo’lsa, ammo siz shakardan solgan bo’lsangiz, pishirig’ingiz og’irroq va qattiqroq chiqsa hayron qolmang.
Masalliqlar miqdorining nomutanosibligi
Biz har doim ta’kidlaymiz: oshxonda albatta tarozi bo’lishi shart! Pishiriqlaringiz ko’ngildagidek chiqishini istasangiz, unda mahsulotlarni albatta o’lchab oling.
Tasavvur qilamiz, masalan, sizga 250 gramm un kerak. Stakaningiz 250 millilitrligini bilasiz. Demak, siz ham 1 stakan undan solasiz, to’g’rimi? Ammo, yo’q.
250 millilitr – bu hajmi. 1 stakan unning og’irligi esa bor-yo’g’i 130 gramm. Stakanda 250 gramm unni aniq o’lchab ololmaysiz, ortiqcha 10 gramm un ham xamirga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Shu sabab ham oshxona tarozisidan xarid qiling, unchalik qimmat turmaydi, ammo juda katta nafi tegadi.
Saqlash muddati o’tgan masalliqlar
Bu yerda gap achigan sut yoki achchiqroq sariyog’ to’g’risida emas, balki iste’mol sodasi, qabartma, jelatin va ziravorlar to’g’rida ketmoqda. Agar ular noto’g’ri saqlansa, unda saqlash muddati kamayadi va o’z vazifasini bajarmaydi.
Shu sababli oshirma xamir uchun har doim opara tayyorlash kerak: xamirturushning faolligini shu usulda tekshirishingiz mumkin. Iste’mol sodasi va qabartmani esa qaynoq suvda tekshirib ko’ring.
- 0.5 choy qoshiq qabartmani 0.5 stakan qaynoq suvga seping – agarda pufakchalar paydo bo’lib, biroz ko’piklansa, demak u hali yangi;
- 0.5 choy qoshiq iste’mol sodasini 0.5 stakan qaynoq suvga seping, 0.5 choy qoshiq sirkadan quying – agarda pufakchalar paydo bo’lib, biroz ko’piklansa, demak u iste’molga yaroqli.
Qoliplarni noto’g’ri tayyorlash
Bu yerda barchasi oddiy: patnis sovuq, qolip kerakli hajmda bo’lishi, agarda uni yog’lasangiz, unda u ham me’yorida bo’lishi kerak.
Patnisni gaz pechidan olganingizda, masalan, pechenye pishirib bo’lganingizdan keyin, darhol yangi pechenye xamirlarini terib chiqmang. Qolip avval sovishi kerak, aks holda pechenyelar erib ketadi.
Bizlar har doim qolip aylanasini yozib boramiz. Bu muhim ma’lumot: kichikroq qolipdan ishlatsak, biskvit oshib, toshib ketishi mumkin. Agar kattaroq qolipdan ishlatsak, u yaxshi ko’tarilmaydi.
Pechning harorati
Ko’pgina pishirilgan yeguliklar pechning noto’g’ri tanlangan harorati sababli ham uvol bo’ladi. Agar retseptda 180 C darajada pishirish kerak deb yozilgan bo’lsa, unda haroratni 200 C ga ko’tarish kerak emas.
Pech harorati bilan bog’liq ikkinchi xato esa gaz pechini tez-tez ochib ko’rishdir. Pishirilayotgan yegulikning umumiy vaqtidan 3/4 qismi o’tgandagina birinchi marotaba ochib ko’rishga ruxsat beriladi. So’ng esa 5-10 daqiqa o’tganidan keyin. Pechni ochganingizda issiqlik chiqib ketib, harorat tushib ketadi. Pishiriq ko’tarilmasligi, xom bo’lib qolishi mumkin. Shu sabab ham sabrli bo’ling va pishiriqlaringiz albatta ko’nglingizdagidek chiqadi.
Yangidan yangi retseptlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.
1 Sharhlar Hide Comments
Izohingizni yozib qoldiring
Izoh qoldirish uchun tizimga kirishingiz kerak.
Rahmat malumotila uchun hursan boldim