Peshtaxtalardagi qiziqarli mahsulotlar: maydalangan zigʻir urugʻi
Supermarketlarda yaqinda yangi mahsulot – oʻzimizda ishlab chiqarilgan maydalangan zigʻir urugʻlari sotuvga qoʻyildi. Ular nima uchun kerak va ulardan toʻgʻri foydalanish haqida maʼlumotlar beramiz.
Taassurotlarimiz bilan boʻlishamiz
Zigʻir urugʻlari oʻzining tashqi koʻrinishi va qadogʻi bilan diqqatimizni tortdi. Peshtaxtalarda ularning ikki xil turini uchratish mumkin: oddiy va maydalangan koʻrinishi. Bizlar maydalanganidan xarid qildik.
Zigʻir urugʻlari oʻziga xos mahsulot hisoblanadi. Ular juda foydalidir, ammo taʼm jihatidan koʻpchilikka yoqmasligi mumkin. Ular tarkibida juda koʻp miqdorda Omega-3, Оmega-6 va Оmega-9 moddalarini saqlab, undan baliq moyining hidi kelib turadi. Shu sabab ham uning taʼmini yaxshilash maqsadida ularni kefir, kisel yoki pishiriqlarga solib isteʼmol qilish tavsiya etiladi.
Qadogʻi
Maydalangan zigʻir urugʻlari qogʻoz xaltaga solingan boʻlib, ichidan esa yelim xaltachalarga solingan. Bunday koʻrinishdagi mahsulot peshtaxtalardagi qolgan mahsulotlar orasida ajralib turadi. Maydalangan zigʻir urugʻlarining qadogʻi yashil rangda, butunlari esa koʻk rangli oʻramlarga solingan.
Mahsulotning ogʻirligi — 300 gramm.
Oʻziga xosligi
Zigʻir urugʻlari taomnomasiga ahamiyat beruvchilar uchun muhim mahsulotlardan biridir. Ular oʻzida juda koʻp miqdorda biriktiruvchi toʻqimalarni saqlab, organizmni shlaklar va toksinlardan tozalab, antioksidant xususiyatga ham egadir. Ularning tarkibidagi Omega-3, Оmega-6 va Оmega-9 yogʻ kislotalari baliq moyiga qaraganda koʻproqdir. Zigʻir urugʻlari ozishda yordam berib, moddalar almashinuvini tezlashtiradi, jigar va ichaklar holatini, teri, soch va tirnoq koʻrinishini ham yaxshilaydi.
Zigʻir urugʻlarini homiladorlik davrida, pankreatit va xoletsistit kasalliklarida isteʼmol qilish tavsiya qilinmaydi.
Maydalangan zigʻir urugʻlarini 2 choy qoshiqini 1 stakan kefirga solib, 10 daqiqadan keyin ichish kerak. Shuningdek uni kisellarga ham solish mumkin. Bunda 1 osh qoshiq zigʻir urugʻi 1 stakan issiq kiselga solinadi. Yoki shunchaki oʻzini isteʼmol qilish mumkin boʻlib, ammo ustidan koʻp miqdorda suv ichish kerak boʻladi.
Tarkibi
Maydalangan zigʻir urugʻlari.
100 gramm mahsulotning ozuqaviy qiymati: 20 gramm oqsillar, 31 gramm yogʻlar, 13 gramm uglevodlar tashkil qiladi.
Qayerdan qancha narxga xarid qilish mumkin
Maydalangan zigʻir urugʻlarini bizlar Korzinka.uz supermarketidan 19 390 soʻmga xarid qildik.
Yangidan yangi maʼlumotlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.