Peshtaxtalardagi yangi mahsulotlar: Pupo konfetlari
Ko’p marotaba tan olib aytishimiz mumkinki, biz shirinliklarni yaxshi ko’ramiz. Peshtaxtalarda noodatiy, tabiiy shirinliklar-shakar kukuniga bulg’angan apelsin va shokoladga burkangan olxo’rini ko’rib, ta’tib ko’rmasdan o’tib keta olmadik.
Taassurotlarimiz bilan bo’lishamiz
Ba’zan ko’nglimiz ma’zali nimadir istab qoladi, ammo tushlik yoki kechki ovqatgacha hali vaqt ko’p. Shokolad-foydali emas (hatto ba’zan jonga tegadi), qo’l ostimizda mevalar yo’q yoki ularni yeyish noqulaylik tug’diradi, diqqatimiz esa sira ishga jamlangisi yo’q. Shunday vaziyatdan chiqish yo’lini topdik-bizga Rossiyaning Pupo Nature brendi ostidagi tabiiy konfetlar yordamga keldi.
Do’konda 2 xil konfet turini ko’rdik: biri «Asalli apelsin», ikkinchisi esa «Shokoladli glazurga burkangan qora olxo’ri». Ikkalasini ham ta’tib ko’rgach, tahririyatimiz a’zolariga har ikkisi ham manzur bo’ldi.
Agar siz shirinlik iste’mol qilishni yaxshi ko’rsangiz, ammo vazningizni nazorat qilib, to’g’ri ovqatlanishga harakat qilsangiz-ushbu konfetlar aynan siz uchun. Qolgan barcha shirinlikxo’r insonlarimizga ham konfetlar yoqishi tayin-ular hushbo’y, shirin, suvli va tabiiy.
Qadoqlanishi
Konfetlarning har ikki turi ham zar qog’ozli yelim haltachalarda qadoqlangan bo’lib, o’ramida maxsus ochiladigan joyi bor. Bu kabi maxsus «zip-lok» ularning qurib qolishi va namlanib qolishidan asraydi. O’ramni bemalol birga ishga yoki o’qishga olib borish mumkin, sumkangizdan ko’p ham joy olmaydi. Shirinlikning o’rami haqida gapiradigan bo’lsak -u bizga juda ham yoqdi. Yoz kabi barra, yorqin, ajoyib yozuvli o’ram diqqatni jalb qilishi aniq.
O’ramning og’irligi-200 gramm.
Ta’mi
«Asalli apelsin»
Darrov aytishimiz shart: o’ramda apelsin bo’laklari emas, butun bir meva joylashgan. Bu apelsin emas, kumkvat deyiladi-sitrus mevalaridan biridir. Uning ta’mi huddi apelsinday shirin va hushbo’y bo’lib, kattaligi biroz kichikroqdir. «Kumkvat» degan meva iste’molchilarga notanish bo’lgani uchun, ishlab chiqaruvchi o’ramda apelsin deb yozdirgan bo’lsa kerak. Ammo o’ramning orqasidagi yozuvlarda kumkvat nomi qayd etilgan.
Mevalar har xil ta’mli va yirik hajmlidir. Ular yopishqoq, shakar kukuni bilan bulg’angan, birinchi ta’tib ko’rganda qattiq va zichdek tuyuladi. Aslida esa ta’mi jihatidan mevalar marmeladni eslatadi, ularni chaynash shart emas. «Asalli apelsin»ning ta’mi takrorlanmas va shirin ekan. Choy bilan tanovvul qilishga ayni muddao.
«Shokoladga burkangan olxo’ri»
Qora olxo’ri apelsindan yumshoqroq bo’lib, u qadar shirin emas. Bizga mazali, qora va biroz achchiq ta’mli shokolad yoqdi. Ta’mlar uyg’unlashuvi ham o’zgacha: mazali shokolad va suvli , nordonroq qora olxo’ri. Agar siz ushbu quruq mevani xush ko’ruvchilardan bo’lsangiz, konfetlar sizga yoqishi aniq. Bizga «Shokoladga burkangan qora olxo’rini» kofe bilan birga tanovvul qilish yoqdi, ta’mlar bir biriga juda mos keldi.
Har ikki turdagi konfetlar to’yimli bo’lgani uchun, ularni ko’p ham iste’mol qila olmaysiz. Bizga ko’nglimiz tusagan shirinlikni o’rnini bosish uchun 2 dona konfet yetarli bo’ldi. Shu bilan kechki ovqatgacha ochlik hissini tuymadik. Aytgancha, shirinliklarning ko’rinishi ishtahaochar bo’lgani uchun, ularni bemalol bayramona dasturxoningizga qo’yishingiz mumkin.
Tarkibi
«Asalli apelsin»
Quritilgan kumkvat, limon kislotasi, E220 konservanti, asal ekstrakti.
100 gramm mahsulotning energetik quvvati: 290 kKal, 1 gramm oqsil, 1 gramm yog’ va 79 gramm uglevod.
«Shokoladga burkangan olxo’ri»
Danaksiz qora olxo’ri , shokoladli glazur (shakar, kakao yog’i ekvivalenti, kakao qirindisi, kakao kukuni, soyali lesitin, «vanil» xushbo’ylantiruvchisi), E202 konservanti.
100 gramm mahsulotning energetik quvvati: 330 kKal, 3 gramm oqsil, 11 gramm yog’ va 58 gramm uglevod.
Mahsulotning narxi va uni qayerdan xarid qilish mumkin
Pupo Naturel konfetlarini Korzinka.uz do’konlarining birida 23 790 so’mga xarid qildik.