Pazandachilik asoslari: Qatlamali xamir
Qatlamali xamirni uyda tayyorlash biz o’ylaganchalik mushkul ish emas. Albatta hozirda ularning tayyorini sotib olish anchagina qulay bo’lib qolgan.
Lekin, hech qaysisi uyda tayyorlanilgan xamirga tenglasha olmaydi. Bizlar sal avvalroq oshiqma xamirni to’g’ri tayyorlash haqida gapirib o’tgandik. Bugun navbat qatlamali xamirga yetib keldi. Ba’zi bir qoidalarga amal qilsangiz, bunday xamir tayyorlashni albatta uddalay olasiz.
Qatlamali xamir turlari
Oshirmali
Bunday xamir xamirturush va yog’ hisobiga ko’tariladi. Pishirish vaqtida yog’ bug’lanib ketadi va qavatlar hosil bo’ladi. Xamirturush solingan xamir boshqalariga nisbatan yumshoqroq chiqadi. Bunday xamirdagi qavatlar unchalik ham yaxshi ko’rinmaydi. Oshirma qatlamali xamirlar bulochkalar va har xil shirin pishiriqlar, masalan gulli qatlamalarga to’g’ri keladi.
Xamirturushsiz
Bunday xamir faqat yog’ hisobiga ko’tariladi va biroz quruqroq chiqib, uning qavatlari yaqqol ko’rinib turadi. Bunday xamir qatlamali pishiriqlarga juda yaxshi, masalan «Napoleon» torti, somsa va qatlamarda.
Tez pishar
Bunday xamir tig’iz paytda, ya’ni muzlatgichda saqlashni talab qilinmaydigan shoshilinch vaziyatlarda yaxshi bo’lib, juda qo’l keladi. Uni muzdek suvda, muzdek sariyog’ bilan aralashtirib qorishadi. Shu sabab ham uni sovutgichga qo’yish shart emas. U qatlamali xamirning boshqa turlariga nisbatan, biroz qattiqroq chiqadi. Lekin bunday xamirdan somsa va har xil pishiriqlar ham pishirishadi.
Xamir qoramiz: kerakli masalliqlar
Xamirdan tayyorlaniladigan pishirig’ingiz mazali chiqishi uchun, unga solinadigan masalliqlar katta ahamiyatga ega:
- un: xamirturushli xamirlar uchun oliy navli un to’g’ri keladi, chunki bunday undan pishiriladigan pishirig’ingiz yumshoq va mayin chiqadi. Xamirturush olinmaydigan, oddiy xamirlar uchun esa unning birinchi navidan ishlatsangiz, uni yoyishda qiynalmaysiz.
- xamirturush: agarda siz achitqili xamir qormoqchi bo’lsangiz, unda xamirturushni eng oxirida soling.
- tuz qatlamali xamirda muhim rol o’ynaydi. Agarda xamirning tuzi past bo’lsa, unda uning qavatlari yaxshi chiqmaydi. Agarda juuda ko’p bo’lsa, unda o’zimiz kutgan ta’mga erisha olmaymiz. Retseptda qancha yozilgan bo’lsa, shuncha tuz soling.
- suyuqlik, soladigan suv yoki tuznigiz iliq ham, sovuq ham bo’lishi mumkin. Xamir tezroq sovishi uchun, ko’pincha qatlamali xamir qorish uchun muzdek suvdan foydalaniladi. Shuni bilib olingki, sutda qoriladigan xamir mazaliroq chiqib, uni yoyish esa biroz qiyinroq chiqadi.
- yog’: qatlamali xamir uchun maxsus margarin yoki sariyog’dan foydalanishadi. Maxsus margarinda qorilgan somsalar, ko’proq qarsildoq va varaqli chiqadi. Sariyog’da esa mazaliroq chiqadi.
- kislota: ko’pincha xamirga bir chimdim limon kislotasi yoki bir-ikki tomchi sirka solinadi. Bunday xamirlarning varaqasi yaxshhi chiqadi.
Qatlamali xamir uchun oddiy yoki oshirma xamirni qorib olamiz va 30 daqiqaga tindirib qo’yamiz!
Xamirni yoyamiz
Pishirig’ingzining ta’mi va ko’rinishi uning qanday yoyganligingizga bog’liq bo’lib, quyidagi umumiy yoyish qoidalari mavjud:
- xamirni o’zingiz tomingizdan boshlab, bir tomonga yoyish kerak;
- xamirning barcha tomoni bir xil yupqalikda bo’lishi uchun o’qlovni bir xil ushlash kerak;
- sariyog’ yoki margarin sovuqroq bo’lishi, lekin muzlagan bo’lmasligi kerak.
- ko’pgina retseptlarda yozilishicha, un miqdori qancha bo’lsa, yog’ ham shuncha olish kerak. Masalan 500 gramm un ishlatsangiz, unda 500 gramm yog’ yoki margarindan foydalaning.
Xamirni yupqa yoyib, oq yog’ yoki margarinda surting va ruletga o’xshatib o’rang. So’ng ulardan qalinligi 2-3 sm li bo’lakchalarni kesib olin. Xamir bo’lakchalarini biroz ustiga bosib, laganga tering va ustini oziq-ovqat pelyonkasi bilan yopib, sovutgichga olib qo’ying.
Pishirish
Qatlamali xamirning faqat ustiga tuxum sarig’ini faqat ustiga surting. Agar chetlariga surtadigan bo’lsangiz, pishish jarayomida ko’tarilmaydi va tagi olish ehtimoli ham ko’payadi.
Bunday xamirli pishiriqlarni 200-220 C haroratda pishirish kerak. Agarda harorat past bo’lsa, yog’ eriydi va pishiriq ko’tarilmaydi.
Xamirni to’g’ri muzlatish
Qatlamali xamirning kesilgan bo’lakchalarini yelim qog’ozga solib, muzlatgichda saqlang. Pishirishdan bir kun oldin esa muzxonadan olib, sovutgichning o’zida saqlang. Xamirni xona haroratida eritish esa mumkin emas. Qatlamali xamirni muzlatgichda 5-6 oygacha saqlash mumkin.
Yangidan yangi retseptlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.
1 Sharhlar Hide Comments
Izohingizni yozib qoldiring
Izoh qoldirish uchun tizimga kirishingiz kerak.
koproq biskvit li va piroglarni retseptlarini kutib qolaman judayam foydali kanal! OMAD,?