Mahsulotlarni ko’zdan kechirish: smetana
Smetana – mazali, to’yimli va albatta foydali mahsulot bo’lib, undan ko’pgina taomlarni tayyorlashda foydalanishadi. Foydali deb faqatgina tabiiy smetanaga aytiladi.Shuning uchun biz sizlarga uni to’g’ri tanlash, saqlash va qayerdan qancha narxga sotib olish mumkinligi haqida ma’lumotlar berib o’tamiz. Smetana aslida tabiiy qaymoqdan tayyorlanilishi kerakligiga qaramay, hozirda ko’pchilik ishlab chiqaruvchilar uni quruq sutdan va har xil yog’ o’rnini bosuvchi moddalardan tayyorlashni o’rganib olishgan. Sifatli mahsulotni tanlash unchalik ham qiyin ish emas, faqatgina bir nechta asosiy qoidalarni yodda saqlash kifoyadir.
To’g’ri tanlash
1. Nomlanishiga e’tibor bering. Mahsulot ustida «Smetana» yozuvi bo’lishi kerak. Bu so’zning o’rniga («Smetanich», «Smetanka») yoki umuman – «Smetana mahsuloti», yozilgan bo’lsa, bunday mahsulot tarkibida qo’shimcha moddalar ham kiritilgan bo’lishi mumkin. Aytgancha, «smetana mahsuloti» deb mayda harflar bilan yozilgan bo’lishi mumkin, shuning uchun e’tibor bilan o’qib chiqing.
2. Tarkibini o’rganing. Bu yerda hammasi oddiy: uning tarkibi faqatgina qaymoq va achitqidan iborat bo’lishi kerak. Yoki tuz, murch va ko’kat kabi ba’zi bir ziravorlar xolos. Tarkibida har xil stablizatorlar, quyultiruvchi moddalar, konservantlar, bo’yoqlar va hattoki sut ham bo’lmasligi kerak.
3. Yog’lilik darajasiga e’tibor bering. Smetananing yog’liligi va quyuqligi qaymoqqa bevosita bog’liq bo’lib, qaymoq qanchalik yog’li bo’lsa, smetana ham shunchalik quruq va yog’li bo’ladi. Smetana 10 dan 58 % gacha yog’lilikda bo’lib, o’zingizni ta’bingizdan kelib chiqib tanlaysiz.
4. Saqlash muddatiga e’tibor bering. Smetana – tez buziladigan «tirik» mahsulot bo’lib, u 2 haftadan ko’p saqlashga mo’ljallanilmaydi, 10 kecha-kunduz eng maqbul muddat. Agar mahsulotning saqlash muddati bir oy yoki undan ham oshiq bo’lsa, bilingki, bunday mahsulot tarkibiga har xil konservant va qo’shimchalar qo’shilgan.
5. Rangiga e’tibor bering. Agarda siz kiloli smetanadan xarid qilsangiz yoki idishda qadoqlanilganidan sotib olgan bo’lsangiz uni rangiga ahamiyat bering. Tabiiy smetana oq yoki biroz krem rangda ham bo’lishi mumkin. Smetananing usti biroz yaltirab turishi kerak.
6. Konsistensiyasiga e’tibor bering. Smetanani likopchaga quyishga harakat qiling: tabbiy mahsulot asta-sekin to’lqinsimon bo’lib oqadi. Sun’iy qo’shimchalar qo’shilgan smetana esa oqmasdan, birdan tushadi. Tabiiy smetanani olib, issiq suv solingan piyolaga solsak, u bir xilda erib ketadi, sun’iy smetana esa parchalarga ajraladi. Va albatta ko’pchilikka tanish bo’lgan yod bilan tekshiriladigan usul: smetanaga yod tomizilsa-yu u ko’k rangga kirsa, demak smetanani quyultirish uchun unga kraxmal qo’shilgan.
7. Smetanani ta’tib ko’ring. Tabiiy smetana nordonroq ta’mda bo’ladi. Haddan ziyod nordon va chuchuk smetana tayyorlash texnologiyasining buzilgani haqida xabar beradi.
To’g’ri saqlash
Sotib olingan smetanani shisha yoki chinni idishga solib saqlash kerak. Plastik idishda qadoqlangan smetana kamroq muddatda saqlanadi.
Smetanaga ushoq yoki ovqat qoldiqlari ham tushib qolmasin, bu ham uning saqlash muddatini kamaytiradi.
Smetanani faqat sovutgichda saqlash kerak: iliq joyda ham u bir necha soatdan so’ng aynib qoladi.
Agar siz smetanani ochgan bo’lsangiz, unda uni iloji boricha 3 kecha-kunduzda iste’mol qilishga harakat qiling. Agarda siz smetana ustida zardob ajralganini ko’rsangiz, bu smetana tez orada achishidan dalolat beradi, bunday smetanani tezroq ishlatish yoki iste’mol qilish kerak.
Qayerda qancha turadi
- Korzinka.uz tarmog’idagi supermarketlarida smetana hajmi va yog’liligiga qarab 2 990 dan 11 990 so’mgacha turadi.
- Makro tarmog’idagi supermarketlarida smetana hajmi va yog’liligiga qarab 3 790 dan 8 490 so’mgacha turadi.
*Korzinka.uz va Makro tarmog’idagi supermarketlari xodimlariga tasvirga tushirish jarayonida ko’maklashganlari uchun minnatdorchilik bildiramiz!
*Mahsulot narxlari manba chop etilgan vaqtdagina amal qiladi.
Yangidan yangi ma’lumotlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.