4 xil eng mashhur pitsalar
Bugun sizlarga eng ommalashgan pitsalar va ularni uyda qanday tayyorlash mumkinligi haqida gapirib beramiz.
Pitsani butun dunyoda sevib iste’mol qilishadi, uni tayyorlash juda ham oson bo’lib, sizdan ko’p vaqtni talab qilmaydi. Aytgancha, butun dunyo bo’yicha bir yilda 5 millard pitsa sotilar ekan.
Pepperoni
10-iyul xalqaro pitsa kuni bo’lib, shu kunda Grande Pizza Co qiziq bir statistikani ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha ko’pchilik aynan pepperoni pitsasini sevib iste’mol qilar ekan. Boshqa bir statistika ma’lumotlariga qaraganda, har yili dunyoda 114 million kilogram pepperoni pitsasi sotilar ekan.
Uning asosi nimalardan tashkil topadi?
- pomidor qaylasi
- pishloq
- pepperoni kolbasasi (oxotnichniye)
Qanday tayyorlaniladi?
- 200 gramm pomidor qaylasini 1 bosh mayda to’g’ralgan piyoz va 1 ta sarimsoqpiyoz tishchasi bilan aralashtirib olamiz, ustidan quritilgan oregano va quritilgan rayhon solamiz. Ta’bga qarab tuz va murch solib aralashtiramiz.
- xamirni yoyib, ustidan qaylani surtib chiqamiz.
- ustidan parmezan yoki motsarella pishlog’ini qirg’ichdan o’tkazib sepamiz, yana ozroq oregano ham sepamiz (oregano ziravorini supermarketlardan topishingiz mumkin).
- kolbasani yupqa parrak qilib to’g’rab olamiz («Пепперони» kolbasasi «Мясные Деликатесы» savdo belgisidagi mahsulotlarida sotiladi), va pitsaning ustiga terib chiqamiz.
- ustidan yana pishloqni sepamiz va 200 C da 10-15 daqiqa davomida pishirib olamiz.
Margarita
Italiyada eng sevib iste’mol qilinadigan pitsa esa bu- «Margarita» pitsasidir. Ko’pchilik go’sht mahsulotlarini yoqtiradiganlar esa bunday go’shtsiz pitsani iste’mol qilgilari kelmaydi.
Uning asosi nimalardan tashkil topadi?
- pomidor qaylasi
- motsarella pishlog’i
- rayhon
- pomidorchalar
Qanday tayyorlaniladi?
- pomidorli qaylani yuqoridagidek tayyorlab olamiz va yoyilgan pitsa xamiri ustidan surtib chiqamiz.
- 200 gramm pishloqni yupqa parrak qilib to’g’raymiz va pitsaning ustidan terib chiqamiz.
- 2 ta o’rtacha kattalikdagi pomidorni ham parrak qilib to’g’raymiz va pitsaning ustidan terib chiqamiz.
- 200 C darajada 10-15 daqiqa davomida pishirib olamiz.
- Tayyor pitsaning ustidan zaytun moyi sepamiz va rayhon yaproqchalari bilan bezatamiz.
To’rt xil pishloq
Bu pitsaning tarkibi faqatgina pomidorli qayla va pishloqdan iborat bo’ladi. Bizning Toshkentda ko’proq «Gauda» pishlog’i ommalashgan bo’lsa, Angliyada – chedder, Fransiyada esa – bri pishlog’i sevib iste’mol qilinadi. Siz esa pishloqlarni ta’bingizga qarab almashtirishingiz ham mumkin.
Uning asosi nimalardan tashkil topadi?
- parmezan pishlog’i
- motsarella pishlog’i
- «Dor Blyu» pishlog’i
- «Gryuer», «Gauda» yoki «Bri» pishlog’i
Qanday tayyorlaniladi?
- pomidorli qayla tayyorlab olamiz va pitsa xamiriga surtib chiqamiz.
- 60 gramm «Dor Blyu» pishlog’ini to’rtburchak to’g’rab olamiz, 60 gramm motsarellani ham xuddi shunday to’g’rasak, 60 gramm «Gauda» yoki «Bri» pishlog’ini yupqa parrak to’g’raymiz, 60 gramm parmezan pishlog’ini esa qirg’ichdan chiqaramiz.
- avval «Dor Blyu» pishlog’ini, so’ng motsarella va «Gauda» («Bri»)ni terib chiqamiz.
- qirg’ichdan chiqarilgan parmezanni 1 choy qoshiq timyan ziravori bilan aralashtiramiz va pitsaning ustidan sepamiz.
- 200 darajada 15-20 daqiqa davomida pishirib olamiz.
To’rt mavsum
Bu pitsa hammaning ta’biga yoqishi aniq. U to’rtta faslga ajratilgan: bahor, yoz, kuz va qish. Bu pitsaga xohlagan mavsumiy sabzavotlardan solsa ham bo’ladi.
Uning asosi nimalardan tashkil topadi?
- bahor: bulg’or qalampiri
- yoz: pomidor va rayhon yaproqchalari
- kuz: qo’ziqorin
- qish: dudlangan go’sht va zaytun mevalari
- motsarella pishlog’i
Qanday tayyorlaniladi?
- pomidorli qayla tayyorlab olamiz va pitsaning ustiga surtamiz.
- 100-150 gramm motsarella pishlog’ini yupqa parrak qilib to’g’raymiz va pitsaning ustiga terib chiqamiz.
- 1 ta bulg’or qalampiri, 1 ta pomidor, 20-30 gramm shampinyon, 40-50 dudlangan go’shtlarni xohishga qarab to’g’rab olamiz, 5-10 ta zaytun mevalarini ikkiga bo’lamiz.
- asoslarni terib chiqamiz: avval bulg’or qalampiri, so’ng – parrak qilib to’g’ralgan pomidorlar, so’ng qo’ziqorin, go’sht va zaytun mevalari.
- ustidan 1 choy qoshiq oregano sepamiz.
- 200 darajada 15-20 daqiqa davomida pishirib olamiz. Rayhon yaproqchalari bilan bezab, dasturxonga tortamiz
Yangidan yangi retseptlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.
*Rasmlar internet manbalaridan olingan.