Mehmon kutish uchun stol servirovkasi
Har bir uy bekasi bayramona tuzilgan dasturxon bilan barcha mehmonlarda yoqimli taassurot qoldirishni xohlaydi va barchasi dasturxonni to’g’ri servirovka qilishdan va taomlarni to’g’ri idishlarda taqdim etishdan boshlanadi.
O’tgan hafta biz kundalik foydalanish uchun stolni qanday servirovka qilishni muhokama qilgan edik. Endi siz asosiy qoidalarni bilib olganingizdan so’ng, siz yuqori darajadagi xizmatga o’tishingiz mumkin. Ushbu maqolada bayramona stolni «standart» uslubda servirovka qilish uchun eng asosiy qoidalar keltirilgan.
Qadam 1. Mehmonlar soniga qarab, stol kattaligi va stullarning aniq soni belgilanadi. Kichkina stolga juda ko’p stulni qo’ymang, stullar orasidagi masofani saqlang.
Qadam 2. Mehmon kutganda, stol odatda siz uchun qulay bo’lgan matodan (klenka matosidan ishlatmaganingiz ma’qul) tikilgan toza, dazmollangan oq yoki krem rangili dasturxon bilan qoplanadi. Odatda, dasturxon stol uchun fon bo’lib xizmat qiladi va o’z-o’zidan ko’p e’tiborni jalb qilmasligi kerak, lekin agar sizda idish uslubiga mos keladigan rangli dasturxon yoki kichik uzun dasturxon (dorojka) bo’lsa – uni stolga(stolning o’rtasida) bemalol yoyib qo’yishingiz mukin! Ushbu qoida shuningdek, sirpanish va shovqinlarga qarshi likopcha tagiga mo’ljallangan choyshablar uchun ham mos keladi. Ular har xil shakllarda bo’lishi mumkin va turli xil matolardan tayyorlangan bo’lishi mukin, ularni stolga qo’yish ham muhim emas.
Eslatma: dasturxon stoldan 30 sm dan ko’p osilib turmasligi va u o’rindiqlarga tegib turmasligi kerak.
Qadam 3. Likopchalar. Bir kishi uchun bir nechta likopchalardan iborat to’plam bo’lishi kerak:
- Servirovka likopchasi – avvalambor eng katta likopcha qo’yiladi. U stol chetidan 2 sm masofada joylashtirilgan bo’lishi kerak. Uning ustiga esa qolgan likopchalar qo’yiladi. U odatda dekoratsiya uchun yoki gazak uchun mo’ljallangan likopcha tagida turishi uchun qo’yiladi. Ushbi likopchaning dasrurxonda bo’lishi shart emas;
- Servirovka likopchasining ustiga gazaklar uchun mo’ljallangan likopcha (bir xil, ammo kichikroq), yoki issiq ovqatlar uchun chuqur likopcha qo’yiladi. Bu sizning menyuingizga bog’liq. Gazak likopchasi servirovka likopchasi ustida sirg’alib ketishining oldini olish uchun ularning orasiga qog’oz yoki matoli sochiqcha qo’yishingiz mumkin;
- Gazak likopchasining chap tomoniga, non yoki somsa uchun kichik likopcha qo’yiladi;
- Shirinliklar uchun idishlar boshidanoq o’rnatilmaydi, ammo tayyor turishi kerak.
Eslatma: Asosiy ovqatdan keyin likopchalar toza likopchalarga almashtiriladi. Bayram dasturxoni kamida bir marotaba likopchalarni almashtirishni o’z ichiga oladi. Stol ustidagi likopchalar bir xil to’plamdan bo’lishi juda muhimdir
Qadam 4. Sanchqi, pichoq va qoshiqlar. Stolga qo’yishdan oldin uni quruq mato bilan artib olishingiz mumkin, shuningdek yuvilganidan so’ng ularda suv tomchilari qolmaganligini tekshirib ko’ring. Sanchqi va pichoqlarning bir nechta turi mavjud: gazaklar uchun, baliq va go’sht uchun (biroz kichikroq) va shirinliklar uchun (eng kichigi). Qaysilarini stolga qo’yish taomnomangizdagi taomlarga bog’liq, ammo pichoq va sanchqilarning stolda mavjudligi eng muhimi hisoblanadi, agar oilaviy ovqatlanish bo’lsa, unda majburiy emas.
- Pichoq o’ng tomonda, o’tkir tomoni likopchaga yo’naltirilgan;
- Pichoqlarning chap tomoniga sanchqini tishini tepaga qaratib qo’yiladi. Qaysi taom birinchi tortilsa, o’sha stol anjomi chap tomonroq qo’yiladi.
- Qoshiqlar pichoqning o’ng tomoniga, uchi yuqoriga qaratib qo’yiladi.
- Shirinlik uchun qoshiq va sanchqilar likopchaning tepa qismiga, stol chetiga parallel tarzda qo’yiladi, yoki ularni desert bilan birga olib kirish ham mumkin.
Qadam 5. Bokallar asosiy likopchaning o’ng tomoniga qo’yiladi . Likopchaga eng yaqini suvga mo’ljallangan uzun va tekis stakat qo’yiladi, so’ngra har xil ichimliklarga mo’ljallangan bokallar qo’yiladi (kattaroqdan kichikgacha).
Qadam 6. Salfetkalar. Qog’oz yoki matoli, ularni qiziqarli tarzda o’rab, «koltso» taqib likopcha ustiga qo’yish, yoki ikki buklab asosiy likopcha ostiga ko’rinarli qilib qo’yish mumkin.
Qadam 7. Stolni aksessuarlar bilan bezang, lekin uni haddan tashqari oshirmang. Siz stol ustiga sham bilan shamdonlarni, stol markaziga gullar yoki boshqa har qanday bezaklarni qo’yishingiz mumkin, ular umumiy g’oyaga mos bo’lishi va haddan tashqari ko’p bo’lmasligi kerak.
Endi siz stoln tuzashning eng asosiy qoidalarini bilasiz va mehmonlaringizni hayratda qoldirishga tayyorsiz!