Peshtaxtalardagi qiziqarli mahsulotlar: vustershir qaylasi
American Garden nomi ostida ishlab chiqarilgan vustershir qaylasidan ta’tib ko’rishga qaror qilib, undan xarid qildik. Ammo bunday qaylalar haqiqatdan ham qimmat narxda turar ekan. Bizlar ular o’zining narxiga arziydimi yo’qmi, quyida javob beramiz.
Taassurotlarimiz bilan bo’lishamiz
Oddiy har kunlik taomlar ta’mini o’zgartirishda qaylalarning ahamiyati kattadir. Vustershir qaylasi bu inglizcha ziravorlar aralashmasi bo’lib, shakar yoki qiyom, sirka va anchous asosida tayyorlaniladi. Vustershir qaylasining aniq bir tayyorlanish retsepti yo’qligi sabab ham, har bir ishlab chiqaruvchi ularni o’z xohishiga qarab tayyorlaydi.
Butun dunyo bo’yicha vustershir qaylasi ommalashgan qaylalardan biri hisoblanadi. Uni marinad, salatlarga solishadi, u bilan suyuq va quyuq taomlar, hatto koktellar ham tayyorlashadi.
Qadog’i
Qayla to’q rangli shisha idishga quyilgan bo’lib, yopishtirilgan yorqin rangli o’rami ko’zga tashlanib turadi. Mahsulot to’g’risidagi barcha ma’lumotlar ingliz va arab tillarida yozib o’tilgan.
Mahsulotning og’irligi — 280 gramm.
Ta’mi
Vustershir qaylasi juda ham quyuq bo’lib, to’q rangda. Soya qaylasidan biroz ochroq rangda.
Ta’mi bizlar uchun noodatiy, ammo juda qiziq. To’yingan nordon-shirin ta’mli, biroz baliq hidi va ziravorlar ta’miga juda boy. Agarda siz yangicha ta’mli qaylalardan ta’tib ko’rishni xohlasangiz, unda vustershir qaylasidan xarid qiling.
Vustershir qaylasini taom yoki marinadlarga 1-2 tomchidan solish kerak. Bundan ortiq solinganda taomning bemaza chiqishiga sabab bo’ladi.
Vustershir qaylasi garchi qimmat bo’lsada, ammo ancha vaqtgacha undan foydalana olasiz. Bunday qayla taomning juda mazali chiqishini ta’minlaydi.
Tarkibi
Distillangan sirka, makkajo’xori qiyomi, qora shinni, tuz, xantal, qizil qalampir, soya proteini, murch, limon kislotasi, selderey, sarimsoqpiyoz, maydalangan gvazdika, piyoz, anchous, karamel bo’yog’i, tamarind ekstrakti.
Qayerdan qancha narxga xarid qilish mumkin
American Garden vustershir qaylasini bizlar Makro supermarketidan butilkasini 54 400 so’mga xarid qildik.
Не забывайте подписываться на наш телеграм канал, чтобы быть в курсе новых рецептов и материалов!
Yangidan yangi retseptlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.