Yaxna choyni to’g’ri tayyorlash
Yaxna choy chanqoqni yaxshi qoldiruvchi, mazali va foydali ichimlik bo’lib, uni uy sharoitida to’g’ri tayyorlash haqida ma’lumot berib o’tamiz.
Ice Tea yaxna choyi Toshkentda juda ommabop bo’lib, u deyarli hamma kafening menyusida mavjud. Agarda siz shunday ichimlikdan tayyorlagan bo’lsangiz-u, lekin ta’mi sizga ma’qul kelmagan bo’lsa, unda siz uni noto’g’ri tayyorlagansiz.
Bugun haqiqiy Ice Tea tayyorlash sirlarini sizlarga ham oshkor etamiz.
Birinchi siri: quruq choy
Mazali yaxna choy faqatgina sifatli quruq choydan tayyorlaniladi. Kichkina o’ramchalardagi choylarni unuting. O’zingizga yoqqan bargli ko’k yoki qora choydan foydalaning.
Choyni achchiqroq damlang, chunki unga muz bo’lakchalaridan solinganda, ular aralashib, ta’mi ham sustlashib qoladi. Choyni damlab bo’lgandan keyin, shammasini siqib tashlamang, chunki bu ham uning ta’mining o’zgarishiga ta’sir ko’rsatadi.
Ikkinchi siri: suv
Mazali choy damlashda jumrakdan olinadigan suv yaramaydi. Butilkali yoki gazlanmagan mineral suvlardan foydalaning, u yumshoq bo’lib, choy ta’mining ajoyib chiqishiga ko’maklashadi.
Uchinchi siri: meva va ziravorlar
Yaxna choyga xohlagan mevalardan solish mumkin. Avval choyni damlab sovutish va undan keyingina mevalardan solish mumkin:
- limon yoki apelsin sharbati;
- limon yoki apelsin bo’lakchalari;
- olma yoki nok bo’lakchalari;
- malina;
- sevimli qiyom (qulupnayli, malinali, olmali yoki boshqa xohlaganingizdan).
Yana siz choyning issiqligida dolchin tayoqchaklaridan, zanjabil, badyan yoki boshqa zirabvorlardan solishingiz ham mumkin.
To’rtinchi siri: muzlatgich
Choyni damlab, sovutib, sharbat solganingizdan so’ng darhol sovutgichga olib qo’ysangiz, damlagan choyingiz xiralashib qolmaydi.
Beshinchi siri: muz
Tayyorlaydigan ichimligingizning rangi chiroyli chiqishi uchun muz bo’lakchalarini avval stakanga soling, ustidan limon yoki apelsin bo’lakchalari, yalpiz yaproqchalari va undan so’nggina ustidan damlangan choyni quying.
Oltinchi siri: sovuq suvda damlash
Choyni nafaqat qaynoq suv bilan, balki muzdek suv bilan damlash mumkinligini bilasizmi? Xitoyda choyni ko’pincha shunday usulda damlashar ekan. Bunday choyning rangi ham, ta’mi ham o’zgacha mazali chiqar ekan.
Sovuq suvga solingan quruq choy, o’zining barcha foydali xususiyatlarini saqlab qoladi.
Yaxna choy damlash uchun bizlarga quyidagilar kerak bo’ladi:
- shisha choynak yoki grafindan olamiz;
- 1 litr suvga 2 choy qoshiq quruq choy solamiz (ta’bingizga qarab miqdorini aniqlang);
- ustidan gazlanmagan sovuq mineral suvdan soling;
- 5-15 soatga sovutgichga olib qo’yamiz;
- vaqt o’tgandan so’ng choyni olib, shammasidan xalos etamiz.
So’ng esa meva sharbatlari, sevimli mevalar va yalpiz yaproqchalaridan solamiz. Asosiysi, tayyor choy xira rangga kirmasligi uchun uni sovutgichda saqlaymiz.
Azizlar, barcha yangiliklardan birinchi bilib olishni istasangiz, unda hoziroq sahifamizning o’zbek tilidagi telegram kanaliga albatta a’zo bo’ling.