Taxtakachlarning turlari: yog’ochli taxtakachlar
Mana bugun taxtakachlarning turlari va ularni to’g’ri ishlatishga bag’ishlangan maqolamizning so’ngi qismini sizlarga taqdim etamiz. Oxirgi maqolamizda yog’ochli taxtakachlar haqida ma’lumot beramiz
Biz bundan oldingi maqolamizda plastikli, silikon va shishali taxtakachlar to’g’risida ma’lumot bergan edik. Bugun esa mashhur oshpazlar ham sevib ishlatadigan – yog’ochli taxtakachlar haqida gapirib o’tamiz.
Yog’ochli taxtakachlar
Yog’ochdan tayyorlanilgan taxtakachlar deyarli har birimizning ro’zg’orimizdan topiladi. Ular tabiiy, chiroyli ko’rinishga ham egadirlar. Quyida biz bunday taxtakachlarning ijobiy va salbiy tomonlari haqida ma’lumot berib o’tamiz.
Yog’ochli taxtakachlarning ijobiy tomonlari
- sifatli taxtakachlar uzoq muddatgacha xizmat qiladi;
- pichoqlarni o’tmaslashtirmaydi;
- shishali va toshlilariga nisbatan yengilroq;
- ular tabiiy xom-ashyodan tayyorlaniladigan ekologik toza mahsulot;
- taomlarni tortishga ham xizmat qiladi.
Yog’ochli taxtakachlarning salbiy tomonlari
- taxtakachning sifati daraxt turiga ham bog’liq;
- ular yaxshilab tozalanishga muhtoj;
- tez-tez parvarishlashga muhtoj;
- sharbatlarni, hidlarni o’ziga singdiradi, bo’yalib ketadi;
- ularda tezda yoriqlar paydo bo’ladi;
- har bir mahsulotlarga alohida-alohida taxtakach kerak bo’ladi: go’sht, non, sabzavot, mevalar, tayyor mahsulotlar;
- sifatli taxtakachlar qimmat turadi.
Taxtakachlarni har xil yog’ochlardan tayyorlaniladi. Yumshoqroq yog’ochlardan yasalgan taxtakachlar chidamsiz hisoblanadi. Shuni esdan chiqarmangkki, yog’ochli taxtakachlarda yoriqlar paydo bo’lsa, ularni tashlab yuboring, chunki u yerda har xil bakteriyalar ko’payadi.
Har xil daraxtlarning sifati to’g’risida qisqacha
- qayin va qarag’ay: eng yumshoq navli daraxtlar bo’lib, ularda tez yoriqlar paydo bo’ladi. Ular arzon narxda turadi;
- lipa (jo’ka) va qoraqayin: ulardan tayyorlanilgan taxtakachlar ham uncha qimmat turmaydi, ammo mustahkamroq bo’lib, namlikni ham o’ziga kamroq singdiradi;
- bambuk: mustahkam, namlikni shimib olmaydi. Sotib olayotganda sifatiga ahamiyat qarating, yelim qoldiqlari bo’lmasligi, har xil kimyoviy hidlardan holi bo’lishi kerak;
- akas, eman va geveya: eng mustahkam va qimmat. Namlikni o’ziga shimdirmaydi, yoriqlar kamdan-kam holatda paydo bo’ladi, uzoq muddatga xizmat qiladi.
Yog’ochli taxtakachlarni to’g’ri tanlash
- usti silliq bo’lishi kerak;
- chetlari ham yog’ochliligiga ishonch hosil qiling, fanerli taxtakachlardan saqlaning;
- taxtakach qanchalik katta bo’lsa, shunchalik qalin bo’lishi kerak;
- agarda imkoniyatingiz bo’lsa, yog’ochli taxtakachlarni buyurtma asosida yasab beruvchi korxonalarga murojaat qilib yasattirib oling.
Yog’ochli taxtakachlarni to’g’ri parvarishlash
Taxtakach ustida biron nimani to’g’rashdan avval, uni ishga to’g’ri moslashtirish kerak, aks holda u tezda yaroqsiz holga keladi. Buning uchun mineralli yog’ – masalan, vazelin yoki taxtakachlarga mo’ljallanilgan maxsus yog’ kerak bo’ladi. Ularni Amazon internet sahifasidan topib, buyurtma qilishingiz mumkin.
Sariyog’ yoki o’simlik yog’idan surtmang, ularni taxtakach shimib olib, noxush hid kasb etadi. Bunday taxtakachlarni ishlatib siz nafaqat taom ta’mini buzasiz, balki zaharlanib qolishingiz ham mumkin.
Shunday qilib, taxtakachlarni mineralli yog’lar bilan qanday qayta ishlash mumkin:
- taxtakachni artib quriting;
- yog’ni qog’oz sochiqqa solib, taxtakachni yaxshilab artib chiqing. Ko’proq yog’ surtib qo’ygan bo’lsangiz, xavotir olmang – bu qo’rqinchli emas;
- taxtakach yog’ni shimib olishi uchun kamida 8 soatga qoldiring;
- so’ng qog’oz sochiq olib, yaxshilab artib tashlang.
Shu usulda taxtakachlarni 1 oyda bir marta qayta ishlash tavsiya qilinadi.
Har bir ishlatib bo’lgandan so’ng taxtakachlarni quyidagicha parvarishlash kerak bo’ladi:
- ishlatilgandan so’ng darrov yuvib tashlansa, ovqatdan qolgan mikroblar taxtakachga kirishga ulgurmaydi. Taxtakachni xo’jalik sovuni yoki idish yuvish vositasi yordamida yaxshilab yuving, so’ng chayib tashlang.
- yuvilgan taxtakachlarni artib, qurishi uchun qulay va tekis joyga olib qo’ying.
- taxtakach ustidan yirik tuz va iste’mol sodasi sepib, ustidan limon sharbati quying. Dezinfeksiya qiluvchi vosita ham tayyor, artib, so’ng toza suvda chayib oling;
- bir necha hafta o’tgandan so’ng taxtakach hlatini tekshirib ko’ring: ustiga bir tomchi suv tomizing, suv taxtakach ustida qolsa, demak uni yog’ bilan qayta ishlash shart emas. Agar suvni o’ziga shmib olsa, demak qayta ishlashga muhtoj.
*Fotosuratlar internetdagi ochiq manbalardan olingan.
Yangidan yangi retseptlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.