Mazali ilvira (xolodes)ni qanday tayyorlash mumkin
Ko’pgina bayram dasturxonlari ilvirasiz o’tmaydi. Bu mazali yegulikni har kim har xil usulda tayyorlaydi. Bizlar esa bugun mazali ilvira tayyorlashdagi bir necha sir-asrorlarni sizga ham ochib beramiz.
Xolodes – nafaqat mazali, balki foydali hamdir. U o’zida juda ko’p makro- va mikroelementlarni saqlaydi. Eng asosiysi esa xolodes kollagenning haqiqiy manbaidir. Bu esa qarishni sekinlashtiruvchi, bo’g’im va tog’aylarning egiluvchanligi va sog’lig’ini ta’minlovchi oqsillardir.
Ammo xolodesning kaloriyasi juda baland bo’lib, shu sababdan ham shifokorlar uni har kimga ham iste’mol qilishni tavsiya qilmaydi.
Ilvirani qanday go’shtdan tayyorlash mumkin
Ilvirani asosan mol oyog’lari va dumidan tayyorlashadi. Ammo, uni quyidagilardan ham tayyorlash mumkin:
- son ilik;
- tovuq;
- mol dumi;
- son qismi;
- kalta to’sh ilik.
Xolodesga qancha go’sht solinadi
Go’shtni xush ko’ruvchilar xolodesga qancha ko’p solsam, shuncha yaxshi deb o’ylashadi. Ammo unday emas. Go’sht me’yoridan ko’p bo’lsa, qotmay qolishi hech gap emas. Shu sabab ham uni me’yorida solish kerak: 1 ta mol oyog’iga ko’pi bilan uning teng ikki qismdagi go’shtdan solish kerak, undan ortiq emas.
Ilvirani to’g’ri qaynatish
Ilvira noxush hidlarsiz va tiniq rangda chiqishi uchun uni quyidagicha qaynatish kerak:
- birinchi, ivitib qo’yish. Ilvirani tayyorlashga kerakli mol oyog’ini yaxshilab yuvib kerak bo’lsa pichoqda qiriladi, sovuq suvga solib, 1-2 soatga ivitib qo’yiladi;
- ikkinchi, bulyonni to’kib tashlash. ПIvitilgan oyoqlar qozonga solinadi va ustidan sovuq suv quyiladi. Miqdori esa quyidagicha: taxminan 2 qism oyoqqa 1.5 qism miqdordagi sovuq suv quyiladi. Bulyon qaynab chiqqandan so’ng, to’kib tashlanadi;
- uchinchi, oyoqlarni yuvish. Suv to’kib tashlangandan so’ng, oyoqlar yana bir bor chayib tashlaniladi va qozonga solib, ustidan sovuq suv quyiladi;
- to’rtinchi, past olovda qaynatiladi. O’rtacha olovda qaynash darajasiga keltiriladi, so’ng muntazam ko’pigini olib tashlab, past olovda qaynatiladi. Ilvira 5-8 soat davomida ilvirab pishishi, qaynab ketmasligi kerak. Vaqt-vaqti bilan ko’pik va yog’lar olib tashlanadi(agar uni yoqtirmasangiz).
Agarda sizda multivarka bo’lsa, u holda unda pishirishni maslahat beramiz. Bunda u hildirab tobida pishadi va rangi ham tiniq chiqadi.
Bulyonga nimalar solish mumkin
Ilvira mazali ta’mda chiqishi uchun, uning bulyoniga har xil ziravorlar va sabzavotlar solinadi. Bunda asosiy sir: ularni boshidan emas, balki ma’lum bir muddatda solish kerak.
Shunday qilib, nimalar solish mumkin:
- piyoz (po’sti bilan solsa ham bo’ladi);
- sabzi;
- selderey;
- petrushka poyasi;
- lavr yaprog’i;
- murch donachalari;
- zira;
- sarimsoqpiyoz.
Qachon solish kerak:
- piyoz, sabzi, selderey va petrushkani bulyon tayyor bo’lishidan ikki soat oldin solinadi;
- lavr yaprog’i, murch va boshqa ziravorlar esa pishishidan 30 daqiqa oldin solinadi;
- maydalangan sarimsoqpiyoz esa eng oxirida, yoki birdan qolipchalarga solinadi.
Ilviraga qancha tuz solish kerak
Tuz miqdorini solishda adashmaslik uchun unga tuzni oxirida solish kerak. Uning sho’rvasi uzoq muddat qaynashi sabba ham unga oldindan tuz sepilsa, u sho’r bo’lib qolishi aniq.
Tayyor sho’rvaning tuzi birozgina baland bo’lishi kerak: tuzning bir qismini go’sht o’ziga shimib oladi. Ilvira qotgandan so’ng esa, uning tuzi pastdek tuyuladi.
Ilvirani qoliplarga quyamiz
Pishgan bulyondan go’shtlarini olib sovutamiz va o’zimizga yoqqan shaklda to’g’raymiz. G’sht bilan birga mayda to’g’ralgan tog’aylardan ham solinsa, ilvira yanada tezroq soviydi. Qolpning ostidan taxminan 2 sm gacha go’sht solinadi, ustidan maydalangan sarimsoqpiyoz sepilib, bulyon quyiladi.
Bulyonni dokaro’moldan chiqarib solsak, u yanada tiniq chiqib, chiroyli ko’rinish kasb etadi.
Ilvira qancha muddatda soviydi
ilvira sovib, qatiqlashib qolishi uchun taxminan 5 soat kerak bo’ladi. Birinchi 2-3 soatda u xona haroratigacha soviydi, undan so’ng esa uni olib, sovutgichga olib qo’yish kerak bo’ladi.
Biror bir bayram yoki tadbirlarda dasturxonga qo’yishga ilviradan tayyorlamoqchi bo’lsangiz, unda ularni kichik piyolachalar yoki maffinlarga mo’ljallangan qolipchalarga solib tayyorlang. Ularning ostiga esa qaynatilgan sabzi, tuxumni chiroyli kesib, soling, qo’ziqorin yoki ko’katlardan solish mumkin. Bu yog’i har kimning didiga havola.
Yangidan yangi ma’lumotlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.
*Fotosuratlar internetdagi ochiq manbalardan olingan.