Peshtaxtalardagi qiziqarli mahsulotlar: Na’matakdan tayyorlangan jem
O’zimizda Rainbow Foods ishlab chiqaruvchilaridan savdoga qo’yilgan na’matakli jemlar savdo peshtaxtalarida diqqatimizni tortdi. Avval bunday mahsulotni uchratmaganligimiz bois, undan darrov xarid qildik.
Taassurotlarimiz bilan bo’lishamiz
Na’matakdan tayyorlangan jemdan hali biror marta ta’tib ko’rmaganligimiz bois ham hech ikkilanmay undan xarid qildik. Uning ikki xili savdoga qo’yilgan: shakarli va shakarsiz.
Bizlarga uning ikki turi ham manzur keldi. Jemning ta’mi yaxshi, taxir emas, biroz nordonroq ta’mda. Bizlar jemni nonga surtib, choy va oddiy suvga qo’shib iste’mol qildik. Yana undan har xil pishiriqlar ham tayyorlash mumkin. Bu haqiqatdan ham qiziq va asosiysi juda foydali mahsulot bo’lib, shamollashlar mavsumida ayni muddaodir.
Qadog’i
Oddiy o’ramda: burama qopqoqli shisha bankachalarda. Yorlig’ining rangi va dizayni bir-biridan ajralib turadi: oq yorlig’li – bu shakarsiz jem, qizili – shakarlidir.
Qadog’ida uning tarkibi, ishlab chiqarilgan sanasi va amal qilish muddati haqida ma’lumot berilgan. Shuningdek unda «Halol» belgisi ham mavjud.
Mahsulotning og’irligi – 430 gramm.
Ta’mi
Jem silliq, uncha quyuq bo’lmagan holatda bo’lib, uni nonga surtganda xuddi olmali jemga o’xshab qalin surtilmaydi. Ishlatishdan oldin aralashtirib olish tavsiya etiladi.
Bu jem maxsus nozik usuldagi qayta ishlovdan o’tganligi sabab ham undagi ko’pgina vitaminlar saqlanib qolgan. Jem konsentratsiyalangan, shu sabab ham bir qoshiq jem qaynatilgan na’matakdan ko’ra ko’proq vitaminlarni saqlaydi. Shu sababli ham uni choy yoki oddiy suvga qo’shib iste’mol qilish maqsadga muvofiqdir.
Jemning ta’mi ham bizlarga yoqdi – bizlar na’matakni ta’mi va isini juda xushko’ramiz. To’g’ri, fikrlarimiz bo’lindi: ba’zilarga shakarlisi yoqqan bo’lsa, ayrimlar shakarsizini afzal ko’rishdi.
Tarkibi
Na’matak mevalari, fruktoza, tozalangan iste’mol suvi.
100 millilitr mahsulotning energetik qiymati: 109 kKal.
Qayerdan qancha narxga xarid qilish mumkin
Na’matakdan tayyorlangan jemlarni bizlar Makro supermarketidan quyidagi narxda xarid qildik:
- shakarsiz jem – 21 590 so’m;
- shakarli jem – 21 990 so’m.
Reklama huquqi asosida.
Yangidan yangi ma’lumotlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.