Daykon – yaponcha turp toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumotlar
Daykon bu yaponcha turp boʻlib, uni bizning bozorlarda ham uchratamiz. Bugun sizlarga ana shu turpning foydali xususiyatlari, uni toʻgʻri tanlash va saqlash toʻgʻrisida maʼlumotlar berib oʻtamiz.
Daykonning foydali xususiyatlari
Daykon oʻzida juda koʻp miqdorda biriktiruvchi toʻqima va C guruh vitamini saqlaydi. Daykon yana shunisi bilan qiziqarliki, u oʻzida kraxmalni saqlovchi taomlarni yaxshi hazm qilinishiga yordam beradi. Shu sabab ham kartoshkali taomlar tayyorlaganda daykondan salatlar tayyorlash tavsiya etiladi. Bundan tashqari daykon quyidagilarda ham foydali hisoblanadi:
- tinchlantiruvchi: u asab tizimiga yaxshi taʼsir koʻrsatadi va diqqatni jamlaydi;
- tish, soch va suyaklar sogʻligʻini saqlaydi: oʻzida juda koʻp miqdorda kalsiyni saqlaydi;
- ozdiruvchi: daykonning kaloriyasi pastligi sabab ham uni parhez tutuvchilar taomnomasiga kiritish tavsiya qilinadi;
- oshqozon-ichak trakti faoliyatini yaxshilaydi;
- buyrak va jigarni tozalaydi: daykon oʻt haydovchi xususiyatga ega;
- immunitetni mustahkamlaydi.
Bundan tashqari Yapon shifokorlari bu sabzavotni qandli diabetga chalingan va yurak xastaligidan aziyat chekuvchilarga isteʼmol qilish tavsiya qilishadi. Daykon ateroskleroz va revmatizm kasalliklarini oldini olishda ham samarali hisoblanadi.
Daykonning zararli tomonlari
Daykonning qoʻllashga qarshi koʻrsatmasi asosan uning biriktiruvchi toʻqimani juda koʻp miqdorda saqlashidadir. Oshqozon kasalliklariga chalinganda undan koʻp miqdorda isteʼmol qilish tavsiya qilinmaydi. Bundan tashqari daykonning 100 grammi bir kunlik C vitamini normasining 34% ini tashkil etadi, shu sabab ham undan koʻp isteʼmol qilinsa, allergiya chaqirishi mumkin.
Ozishda daykonning ahamiyati
Kaloriyasining pastligiga qaramay u juda toʻyimli boʻlib, qorinni uzoq muddatgacha toʻq tutadi.
Agarda siz ozmoqchi boʻlsangiz, uni xomligicha isteʼmol qiling: uni salatlarga solish, undan smuzilar va hatto sharbat ham tayyorlash mumkin. Daykon sharbatini haftada ikki martadan koʻp isteʼmol qilish tavsiya qilinmaydi.
Daykonning 100 grammi 21 kKal ni tashkil qilib, ulardan 1 grammdan kamrogʻi oqsillar, 0 grammi yogʻlar va 2 grammini uglevodlar tashkil etadi.
Вir kunda 150 grammgacha daykondan iste’mol qilish tavsiya qilinadi.
Daykonni toʻgʻri tanlash
Sotib oladigan turpning sersuv va mazali chiqishi uchun quyidagilarga ahamiyat qaratish lozim:
- u oʻrtacha kattalikda boʻlishi kerak;
- poʻstida yoriqlar boʻlmasligi kerak;
- daykonni ushlaganda poʻsti silliq boʻlishi lozim.
Daykonni sovutgichda saqlash maqsadga muvofiqdir: uni yelim xaltaga solib, bir nechta joyi teshib qoʻyilsa yaxshi saqlanadi.
Daykonni muzlatib qoʻyish ham mumkin: poʻstini archib, toʻrtburchak qilib toʻgʻraymiz va patnisiga terib, muzlatgichda muzlatishga qoʻyamiz. Muzlagandan soʻng yelim xaltaga solib, muzxonaga olib qoʻyamiz.
Daykonni qanday isteʼmol qilish kerak
Daykonni tayyorlashni eng koʻp tarqalgan usullari quyudagilardir:
- salatga solinadi. Daykonga oʻsimlik yogʻi, smetana yoki mayonez aralashtiriladi;
- Yaponiyada qaynatilgan daykonni goʻsht va baliq bilan birga isteʼmol qilishadi. Bunda u parrak qilib toʻgʻraladi, oʻrtasi esa «x» koʻrinishida kesiladi va tuz yoki soya qaylasi qoʻshib qaynatiladi. Agarda 3 daqiqa qaynatilsa u qarsildoq boʻladi, agarda 5 daqiqa qaynatilsa, u biroz yumshaydi. Qaynatilgan daykonni oʻsimlik yogʻida qovurib olsa ham mazali chiqadi;
- marinadlangan daykon. Marinadlash uchun suv, sirka, shakar, zarchava, sarimsoqpiyoz, lavr yaprogʻi, chinnigul va murch aralashtiriladi. Parrak qilib toʻgʻralgan va tuz bilan aralashtirilgan daykon ustidan marinad quyiladi va 2 kun salqin joyga olib qoʻyiladi;
- qovurilgan daykon – juda tez va oson usulidir. Toʻrtburchak yoki somoncha shaklda toʻgʻralgan daykon qovurib olinadi va ustidan petrushka, qora murch va tuz sepib, biroz dimlab olinadi.
Yangidan yangi ma’lumotlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.