Oy uchun foydali mahsulotlar: oktabr
Hozir qaysi mahsulotlarning mavsumiyu, qaysilari tugab bormoqda? Qaysi mahsulotlardan oktabr oyida albatta iste’mol qilish kerak, hozirgi maqolamizda bilib olasiz.
Anjir
Anjir mavsumi iyul oyida boshlangan bo’lib, hozir tugash arafasidadir. U tugab qolmasdan, albatta undan yeb olish kerak.
Anjir yurak va tomirlarga kerak bo’lgan kaliyning manbai bo’lib, u organizmni shlaklardan tozalashga yordam beradi. Anjir astmaga chalingan bemorlarga juda foydali bo’lib, yo’tal va bronxitda ham katta yordam beradi.
Oshqozon yarasi, qandli diabet kasalliklaridan aziyat chekuvchi insonlar, anjirda shakar miqdorining ko’pligi sababli ham, uni shifokor bilan maslahatlashganlaridan so’nggina iste’mol qilish tavsiya qilinadi.
Anjirning 100 grammi 49 kKalni tashkil qilib, ulardan 0.7 grammini oqsillar, 0.2 grammini yog’lar, 13.7 grammini esa uglevodlar tashkil qiladi.
Qayerdan qancha narxga sotib olish mumkin:
- Korzinka.uz supermarketlarida anjirning kilosini 14 990 dan 15 590 so’mgacha;
- Kadisheva bozoridan 6 000 dan 15 000 so’mgacha;
- Qo’yliq bozoridan 5 000 dan 15 000 so’mgacha;
- Bo’z bozordan 8 000 so’mga xarid qilish mumkin.
Qovoq
Kuz fasli deganda nima birinchi bo’lib xayolingizga keladi? Albatta qovoq-u qovoqli somsalar! Uzunchoq va dumaloq shaklli qovoqlar oktabr oyida bozorlarda o’z mavsumini boshlaydi. Uni ba’zilar iste’mol qilishni istashmaydi, ammo bekor qilishadi – ular shunchaki uni mazali tayyorlash retseptini bilishmaydi xolos. Qovoq juda foydali mahsulot bo’lib, ichak va yurak faoliyatida yaxshi bo’lib, o’zida kaliy, B, C, E, PP kabi guruh vitaminlarini saqlaydi. Qovoqdan somsa-yu mantilardan tashqari, har xil kekslar, murabbolar, piroglar tayyorlash, uni asal va tuz bilan birga gaz pechida pishirish ham mumkin.
Kaloriyasining pastligi esa parhez tutuvchilar uchun esa ayni muddaodir.
Qovoqning 100 grammi bor-yo’g’i 28 kKal bo’lib, 1.3 grammini oqsillar, 0.3 grammini yog’lar va 7.7 grammini uglevodlar tashkil etadi.
Qayerdan qancha narxga xarid qilish mumkin:
- Korzinka.uz supermarketlaridan uning kilosini 1 590 so’mga;
- Kadisheva bozoridan 2 500 dan 3 000 so’mgacha;
- Qo’yliq bozoridan 1 500 dan 3 000 so’mgacha;
- Bo’z bozordan esa 2 500 dan 3 000 so’mgacha xarid qilish mumkin.
O’tgan yilga nisbatan ular 1 200 so’mga qimmatlashibdi, o’tga yili ularning kilosi 890 dan 2 000 so’mgacha sotilgan edi.
Na’matak
Oktabr oyida yangi terilgan na’mataklardan har xil damlamalar tayyorlab, iste’mol qilish mumkin. Na’matak organizmni vitaminlarga to’yintirib, viruslarga qarshi kurashishini kuchaytiradi. Bundan tashqari na’matak moddalar almashinuvi jarayonini ham yaxshilab, tinchlantiruvchi, o’t haydovchi vazifasini ham bajaradi.
Agarda siz oshqozon gastriti, tromboflebit yoki oshqozon yarasidan aziyat cheksangiz, unda bu mahsulotdan iste’mol qilmang.
Na’matakning 100 grammi 51 kKal bo’lib, 1.6 grammini oqsillar, 0 gramm yog’lar va 14 grammini uglrvodlar tashkil etadi.
Qayerdan qancha narxga sotib olish mumkin:
- Bo’z bozordan na’matakni kilosini 12 000 dan 22 000 so’mgacha;
- Qo’yliq bozoridan 10 000 dan 20 000 so’mgacha xarid qilish mumkin.
Grechka
Grechka o’zida shu darajada ko’p vitamin va minerallarni saqlaydiki, ularni sanab o’tishning iloji yo’q. Shunchaki grechka super fud ekanligini ayta olamiz xolos. Grechka o’zida saqlaydigan oqsil qon tarkibini yaxshilab, jigar va buyrak uchun ham foydali hisoblanadi. U qorinni uzoq muddatgacha to’q tutganligi sabab ham, ozuvchilar uchun foydali hisoblanadi.
Qaynatilgan grechkaning 100 grammi 88.8 kKal bo’lib, (xominiki esa 313 kKal), 3.6 grammini oqsillar, 0.9 grammini yog’lar va 17.6 grammini uglevodlar tashkil etadi.
Qayerdan qancha narxga xarid qilish mumkin:
- Korzinka.uz tarmog’idagi supermarketlaridan uning bitta o’ramini(900 gramm) 3 990 so’mga xarid qilish mumkin;
- Kadisheva bozoridan esa kilosini 4 500 dan 6 500 so’mgacha;
- Qo’yliq bozoridan 4 000 dan 6 000 so’mgacha;
- Va nihoyat Bo’z bozordan esa uning kilosini 4 500 so’mga xarid qilishingiz mumkin.
Mayiz
Mayiz juda foydali mahsulot bo’lib, undan har xil pishiriqlar tayyorlashadi, ovqatlarga solishadi. Mayiz quritilgan holatida uzumga nisbatan ko’proq foydaliroq sanalar ekan. Kish-mish quritilganda undagi mikro va makroelementlar, mineral va vitaminlar yanada ko’payar ekan. Mayiz uyqusizlikda, asab buzilishida va og’iz bo’shlig’i kasalliklarida juda foydali ekan.
Ammo shakar miqdorining ko’pligi sabab ham, uni qandli diabetga chalinganlarga iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
Mayizning 100 grammining ozuqaviy qiymati 264 kKalni tashkil etib, 2.9 grammini oqsillar, 0.6 grammini yog’lar va 66 grammini uglevodlar tashkil etadi.
Qayerdan qancha narxga xarid qilish mumkin:
- Korzinka.uz supermarketlaridan uning 200 grammli o’ramini 8 990 so’mga xarid qilish mumkin (44 950 so’m kilosi);
- Kadisheva bozoridan eaa 12 000 dan 38 000 so’mgacha;
- Qo’yliq bozoridan esa mayiz kilosini 12 000 dan 36 000 so’mgacha xarid qilish mumkin.