Pazandachilik asoslari: Oshirma xamirni to’g’ri tayyorlash
Pazandachilikda eng ko’p ishlatiladigan xamirlarimizdan biri bu oshirma xamir bo’lib, uni to’g’ri tayyorlash esa bir-nechta qoidalarni talab qiladi.
Shuning uchun ham Zira bugun sizlarga oshirma xamirni to’g’ri qorish va pishirish to’g’risida bir necha maslahatlarni berishga harakat qiladi.
Oshirma xamir turlari
Oshirma xamir o’z o’rnida ikki xil bo’ladi: oddiy va yog’li (yog’ va tuxum solingan) oshxamir.
Oddiy oshxamir tarkibi 3 ta masalliqlardan tashkil topadi: un, suyuqlik (suv yoki sut), xamirturush. 1 kilo unga odatda 10 gramm quruq xamirturush yoki 20-25 gramm yangi xamirturush solinadi.
Yog’li oshxamirga esa tuxum, yog’ va shakar solinadi. Bunday oshxamirga kamroq suyuqlik, ko’proq xamirturush solinadi.
Taqqoslang:
- 1 stakan unga qoriladigan xamirga 0.5 stakan suv, 0.5 osh qoshiq shakar va 3 gramm quruq xamirturush solinadi.
- 1 stakan unga qoriladigan xamirga ¼ stakan suv, 1.5 osh qoshiq shakar, 2 osh qoshiq yog’ va 1 dopna tuxum, xamirturush esa 5 gramm miqdorda solinadi.
Xamir yanada yaxshiroq oshsin deb, ba’zilar me’yoridan ortiqroq xamirturush solishadi, bu xatoligi haqida biz yaqindagina ma’lumot berib o’tgan edik. Agarda siz endi pazandachilikka kirishgan bo’lsangiz, yuqoridagi maslahatlarga rioya qiling.
Xamir qanday qoriladi
Oshirma xamir qilishni ikki usuli mavjud bo’lib:.
Opara olish yo’li bilan
Bu usulda xamir uchun avval quyidagilardan opara tayyorlab olinadi – xamirturush, iliq suyuqlik va shakar yoki un solsa ham bo’ladi. Opara suyuqroq bo’lishi kerak: agarda siz 1 kilo undan oshirma xamir olmoqchi bo’lsangiz, unda 100 millilitr suv yoki iliq sut, 10 gramm quruq xamirturush va 1 choy qoshiq shakar yoki un solinadi.
Oparani ustini sochiq bilan yopib, iliq joyga olib qo’yish kerak bo’ladi. Agar xamirturush yangi bo’lsa, unda 15-20 daqiqadan so’ng opara ustida «qalpoqcha» hosil bo’ladi. Shundan so’nggina uni unning ustidan solib, xamir qorishimiz mumkin bo’ladi.
Opara olib qorilgan xamirlar quyidagi holatlarda qo’l keladi:
- yog’li oshirma xamir qormoqchi bo’lsangiz
- agarda sizning kutishga vaqtingiz kam bo’lsa: oparali xamir 2 soatda tayyor bo’ladi
- agarda siz xamirturushning holatini tekshirmoqchi bo’lsangiz.
Oparasiz olinadigan oshirma xamir
Bunday usulda xamirturush to’g’ridan-to’g’ri unga solinadi. Buni ham o’z o’rnida ikki xil usulda bajarish mumkin:
- unni elab, xamirturush, shakar (agar kerak bo’lsa), suyuqlik solinadi va xamir qoriladi.
- iliq suvga xamirturush va shakar solib aralashtiriladi, so’ng unga solib xamir qoriladi.
Bu usulning o’ziga xos xususiyatlari nimada?
- xamir taxminan 3-4 soatda ko’tariladi
- xamirni qorish oparali xamirdan farqli ravishda, uzoqroq vaqtni talab qiladi
- agar xamirturush eskirib qolgan bo’lsa, siz buni bilmay qolib, pishirig’ingiz ko’tarilmasligi mumkin.
Suv yoki sutning harorati
Odatda xamirni iliq suyuqlikka qoriladi: iliq suv xamirturushni tezroq faollashtiradi, xamirning ko’tarilishi tezlashadi. Agarda suv juda ham issiq bo’lsa, unda xamirturush nobud bo’ladi.
Sovuq suv ishlatilsachi? Amerikalaik oshpaz Piter Reynxartning, eng yaxshi oshirma xamir bu – sovuq suvda qorilgan oshirma xamirdir. To’g’ri bunday xamir vaqti tig’izlar uchun emas, chunki bunday xamir sovutgichda 2 kecha-kunduz davomida ko’tariladi.
Reynxartning fikricha, bunday pishiriq xushbo’y va mazali chiqib, usti qarsildoq bo’lib, chiroyli tillarang kasb etadi.
Xamirturush miqdorini kamaytirish mumkinmi?
Ko’pchilik hozirgi zamon oshpazlar, oshirma xamirga xamirturushni me’yoridan kamroq solishadi. Masalan bir kilo unga 6 gramm (10 gramm aslida) xamirturush solib, uni sovutgichga qo’yishadi. Bunda oshirma xamir 15 soat deganda ko’tariladi.
Oshirma xamir shinavadalarining ta’kidlashicha, bunday xamir mazaliroq bo’lib, o’zining yangiligini uzoqroq muddatgacha saqlaydi.
Xamirni qanday qorish kerak
Xamir mazali va chiroyli chiqishini istasangiz, unda uni daqiqa davomida yaxshilab qorishingiz kerak. So’ng, ko’tarilishi uchun iliq joyga qo’yib, ikki hissaga ko’tarilganidan so’ng esa, qo’lda biroz mushtlash kerak. Shunda undagi havo pufakchalari chiqib, pishirig’ingiz silliq va chiroyli chiqadi. Mushtlagandan so’ng, yana 15-20 daqiqa davomida tindirib qo’yish kerak.
Xamirni sovutgichda saqlash mumkinmi?
Agar xamiringiz oshib qolsa, yoki keyinroq pishirishga qaror qilgan bo’lsangiz, unda xamirni sovutgichga olib qo’ying. XAmir sovutgichda achib qolmasligi uchun esa quyidagilarga amal qiling:
- xamirni yana bir bor mushtlab, so’ng aylana shakl berish kerak
- xamirni yelim qog’ozga solib qo’yish kerak
- sovutgichda bir kecha-kunduzdan ko’p saqlamang
So’ng xamirni olib, yana bir marotaba mushtlang va ko’tarilishi uchun yana iliq joyga olib qo’ying.
Xamirni muzlatgichda to’g’ri saqlash
Xamir qorilgandan so’ng, uni tekislab, yelim qog’ozga soling va muzlatgichga solib qo’ying. Bu yerda u 3 oygacha saqlanadi.
Xamirni olinadi va xona haroratida eritiladi. So’ng olib iliq joyga ko’tarilishi uchun qo’yiladi.
Yangidan yangi qiziqarli ma’lumotlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.