Yosh pazanda blogidan: norin
Bugun bizning yosh pazandamiz o’zining ilk marotaba pishirgan, lekin juda mazali chiqqan norin taomini qanday tayyorlagani haqida gapirib beradi. Bunda unga «Jiz Biz» restorninng bosh oshpazi yordam beradi.
«Taom mazali chiqishi uchun nechi marta pishirib ko’rish kerak?» deb Ziraning bosh muharriridan so’radim.
Javob esa shunday bo’ldi: «bir marta». Bu javobni eshitib juda hayratlandim. Qanaqasiga? Bilmagan taomingni bir safardanoq mazali tayyorlash? Chunki men har doim atrofimdagilarning taom tayyorlash ham tajribaga bog’liq degan so’zlarini ko’p marotaba eshitar edim.
Palov pishirishdagi muvaffaqqiyatim meni haligacha quvontiradi. Xuddii men kunning qahramoniga aylangandek edim go’yo. Keyingi tanlaydigan taomim meni rosa o’ylantirib qo’ydi. Ilk marotaba lekin juda mazali chiqadigan ovqat haqida bosh qotirdim.
Bir qarorga ham keldim, bu gal men norin tayyorlayman! Internet har doimgidek mening eng yaqin ko’makchim. You tubeda Nigora Yakubova ismli ayolning norin pishirayotganlarini ko’rdim. Bir necha savollar tug’ildi, lekin ularga javob ololmadim. Ha, mayli pishiraveraman, biron nima chiqar dedim boshida. So’ng esa, «to’xta, Saida, bu safar albatta mazali chiqishi kerak» dedimda, yo’lga chiqdim.
«Jiz Biz» restoraniga yo’l oldim va restoran bosh oshpazi Ziyovuddin akadan barcha savollarimga javob oldim.
Men: Norinni ilk marotaba tayyorlamoqchi bo’lganlar, kamroq hajmdan boshlashi to’g’rimi?
Ziyovuddin aka: To’g’ri! Eng kam miqdordagi norin uchun 1 kilo un va 1 kilo mol go’shti kerak bo’ladi. Xamir uchun 1kilo undan tashqari yana 500 ml bulyon, 1 ta tuxum, avvaldan bitta piyoz qovurib olingan o’simlik yog’i – 350 ml. Bulyon uchun esa 1 kg mol go’shti, 8 litr suv va 50 gr tuz kerak bo’ladi. Bu masalliqlardan 2 kilo norin xamiri va 500 gr go’sht hosil bo’ladi. Tayyor taom vazni 2.5 kilo chiqadi.
Men: Xamir oddiy suvda qoriladimi?
Ziyovuddin aka: Norin xamiridan norin hidi ufurib turishi kerakа. Shuning uchun ham norin uchun qaynatilgan go’sht suvini sovutib ishlatish kerak. (hayron qoldim, haqiqatdan ham, bu haqida o’ylab ko’rmagan ekanman). 500 ml bulyondan qattiqroq xamir qorib olinadi. Norin uchun esa ayni xuddi shunday xamirdan foydalanish kerak.
Men: Shunday qilib, avval norinning bulyoni tayyorlab olinadimi?
Ziyovuddin aka: Go’sht kamida 1.5 – 2 soat davomida pishiriladi. So’ng bulyon sovutiladi. Bulyon 3 qismga bo’linadi: 500 ml dan xamir qorilsa, qolganini taomni tortish vaqtida va xamirni qaynatib olishda ishlatamiz. Xamirni qoramiz va uni 1 kechaga tindirib qo’yamiz.
Men: Ba’zi bir retseptlarda aytilishicha, go’shtni yaxshilab tuzlab, ziravorlar sepib xona haroratiga bir kechaga qo’yish kerak? Siz bunga qanday qaraysiz?
Ziyovuddin aka: Xohishga qarab shunday qilsa ham bo’ladi. Sho’rvasining rangi chiroyli bo’lib, go’sht ham mazali chiqishi uchun ko’pincha shunday ham qilishadi. Oddiy go’shtdan ham bulyon mazali chiqadi, agar uni ta’mini kuchaytirsak. Ba’zilar bulyonga piyoz solishsa, ba’zilar esa sabzi bo’lakchalaridan solishadi. Eng asosiysi – go’sht juda yumshoq pishib ketmasligi kerak. To’g’rash oson bo’lishi uchun u biroz qattiqroq qolsa, yaxshiroq.
Men: Tushunarli. Go’shtni qaynatdim, bulyon sovidi, xamir qorildi, endi uni yoyish qoldi. Xamirni qanday yupqalikda yoyish kerak?
Ziyovuddin aka: 1.5-2 mm. Katta aylana qilib xamir yoyiladi va 10х10 hajmdagi to’rtburchaklar kesiladi. Qaynatishdan oldin 50 ml yog’ solinsa, xamirlar bir-biriga yopishmaydi. Xamirlarni qaynatib olamiz va ularni quritamiz. Stolga dasturxon to’shab, ustidan xamirlarniu yoyib chiqing va 4-5 daqiqada ular quriydi. So’ng piyoz qovurilgan yog’ni olib xamirlarga surtamiz va ustma-ust terib chiqamiz. Xamirlar 2-3 soatga tindiriladi. Iloji bo’lsa ularni bir kechaga qoldirish ma’qul. So’ng xamir va go’shtni yupqa somoncha shaklida to’g’rang. Zira (50gr) va qora murch (7gr) sepamiz. So’ng yana ozroq o’simlik yog’i solamiz. Aralashtiramiz. Taomimiz ham tayyor.
Men: Oxirgi savol. Masalan xuddi men kabi yosh pazandalar bu taomni ilk marotaba tayyorlasa, mazali chiqarmikan?
Ziyovuddin aka: Hozirgi retsept bilan, albatta, mazali chiqadi. Tayyorlab ko’ring!
Ziyovuddin akadan olgan maslahatlarimga asoslanib, uyga keldim va darhol ishni boshladim. Ular qanday aytgan bo’lsalar, xuddi shunday qildim. Xamir va go’shtni to’g’rab, aralashtirdim va ta’tib ko’rdim. Ta’miga gap yo’q!
Menga boshqalarning fikri muhim edi. Qaynonam ishxonalariga tushlikni uydan olib borar edilar. Ularning idishlariga norindan soldim va o’zim pishirganimni aytmadim, chuinki menga haqqoniy baho kerak edi. Kechgacha qanday kutar ekanman deb o’ylab turganimda, oyijonim qo’ng’iroq qilib norinni qayerdan sotib olganim, u hamkasblariga juda ham yoqqanini aytdilar. Mening quvonchimning esa cheki yo’q edi! Shu onda qanday raqsga tushganimni o’zim ham bilmay qoldim!