Pazanda kundaligi: Qush tili
Qarsildoq va mayin ta’mli qush qiliga bag’ishlangan bugungi mazali hikoyamizni o’qib ko’ring va to’g’ri ozishning sir-asrorlari bilan tanishing!
Retseptlar bilan bog’liq shirin xotiralarini bizning yangi muallif Esmira Ismailova yangi «Pazanda kundaligi» bo’limida biz bilan bo’lishadi. Uning hikoyalarini o’qib maroq olishingizga aminmiz.
Men sizlarga bundan oldin yozganimdek, har doim Juma kuni mazali pishiriqlar pishiraman va semirmayman, chunki dam olish kunlarida bolalar va turmush o’rtog’im kun bo’yi uyda bo’lishadi va men pishirgan pishiriqlarning hatto urvog’i ham qolmasdan tugab qoladi. Uydagilarim ham xursand, men – ham! Yaqindagina men o’zim uchun ana shunday yana bir retseptlardan birini kashf etdim.
Ertalab turdimda, barchani o’qish-u ishga jo’natib, issiqqina kiyinvolib, boqqa chiqdim. Havo salqin bo’lishiga qaramay, quyoshning nurlari issiqqina taft bag’ishlayotgandek edi go’yo. Bog’dagi tapchanga o’tirdimda, kitob mutolaa qilishga kirishdim. Biroz vaqt o’tgach cho’ntagimdagi telefon jiringladiyu, xayolimni buzdi. Telefon go’shagidan eshitilayotgan qizimning: «Oyijon, sinfdoshlarim bilan uyga boriyapmiz» degan gapi meni shoshiltirib qo’ydi. Oshxonaga kirdimda, nima tayyorlash haqida o’yladim. O’smir qizlarga nima pishirsam, yoqar ekan? Olmali pirogmi? Yo’q, kimgadir manzur kelmagan edi… Yong’oqli ruletmi? Bo’lmaydi, qizlarga allergiya berib qolsachi… O’ylab-o’ylab ajoyib fikr tug’ildi. Topdim, mazali va qarsildoq qush tilidan pishiraman, ularni faqatgina bayramda tayyorlamasdan, bolalarga onda-sonda pishirib berishim kerak edi, deb o’zimni koyib, tezda pishirishga kirishdim. Xullas, menga kerakli masalliqlar:
- 2 ta tuxum
- 2 osh qoshiq smetana
- 2 osh qoshiq shakar
- 2 osh qoshiq arog’ (pishirilayotganda xamirdagi arog’ bug’lanib ketib, yo’qoladi)
- 2 stakan un
- vanil
- qovurish uchun o’simlik yog’i
- sepish uchun shakar upasi.
Xullas, endi ishni boshlasak. Men pishirgan qush tili yupqa va qarsildoq chiqadi, tishlaganingizda og’zingizda erib ketadi. Men ularni pishirishda qabartmadan foydalanmayman, lekin qaynonam iste’mol sodasidan solar edilar. Shunda turmush o’rtog’im: «oyim pishirgan qush tillari do’mboqqina, seniki esa unday emas» deyish hech qachon yodlaridan chiqmaydi. Agarda sizga ham ko’proq do’mboqqina tilchalar yoqsa, unda 1 choy qoshiq qabartmadan soling.
Shunday qilib, tuxum, shakar, smetana, arog’, vanilni solib aralashtiramiz. Unni ham elab, ustidan solamiz va aralashtiramiz. Tayyor! Qovurib olish uchun tova yoki qozonni gazga qo’yamiz. Yog’ni solamiz va qizdiramiz. Yog’imiz qizigunicha xamirni 3 ga bo’lamiz va har birini yupqa yoyamiz. Ularni o’zingizga qulay kattalikda kesing va o’rtasini pichoq yoki sanchiq bilan sal teshib chiqing. Qizigan yog’da tez-tez qovurib oling. Qovurilgan pishiriqlarni qog’oz sochiqqa tersangiz, ortiqcha yog’idan xalos bo’lgan bo’lardingiz. Issiqligida shakar upasini seping.
Pishgan pishiriqlarimni qizimning sinfdoshlariga olib chiqib, qolganini pishirishga o’tdim. Hammasini pishirib tugatgach, qolganini ham qizlarga olib chiqdim. Oshxonani yig’ishtirib, o’zimga ham issiqqina choy damladimda, bir ta’tib ko’ray deb qarasam, likopchalarda ularning faqatgina urvog’i qolibdi, xolos! Ko’zlarim miltiragancha tikilib qoldim.
«Mazali taomlar pishirib, kelishgan qomatni saqlab qolish» ning yana bir usulin men bugun kashf qildim!
Bizni kuzatishda davom eting va mazali retseptlardan doimo xabardor bo’ling, buning uchun bizning telegram kanalga a’zo bo’ling!