Pazanda kundaligi: Romantik nonushta uchun ajoyib g’oya
Ertalab, qarsildoq vaflilar-u ularning mazali krem bilan boyitilgan asoslaridan tanovvul qilishga nima deysiz? Unday bo’lsa, bizni o’qishda davom eting.
Retseptlar bilan bog’liq shirin xotiralarini bizning yangi muallif Esmira Ismailova yangi «Pazanda kundaligi» bo’limida biz bilan bo’lishadi. Uning hikoyalarini o’qib maroq olishingizga aminmiz.
Yaqinda o’tirib o’yga botdim. Qanday taomlar romantik taomlar sanalar ekan deb. Albatat, eng birinchi bo’lib, shamlar ostidagi kechki ovqat birinchi bo’lib xayolimizga keladi. Agarda yaxshiroq o’ylab ko’rsakchi?.. Ishtahaochar kapuchino, hozirgina pishirilgan kruassalar, qulupnayli konfityurlar… Bunday nonushtalarni xohlamay bo’ladimi? Albatta, yo’q!
Erta saharda quyoshning iliq tafti bizga kuch va g’ayrat bahsh etadi.
Tongni ana shunday shirinliklardan biri – qarsildoq vaflilar bilan ham bemalol boshlay olamiz. Tillarangli ajoyib bu pishirig’imizni har xil asoslar bilan boyitib, chiroyli ko’rinishlar yarata olamiz. Masalan: shokoladli, qaymoq yoki sariyog’dan tayyorlanilgan kremlardan ham foydalansak bo’laveradi. Vaflini 2-3 kun oldinroq tayyorlasangiz ham bo’ladi, u hech ham o’z tashqi ko’rinishini o’zgartirmaydi.
Shunday qilib, 60 dona qarsildoq vaflilar uchun kerak bo’ladigan masalliqlar:
4 ta tuxum;
200 gramm sariyog’;
1 stakan shakar (agar ichiga shirin kremlardan soloqchi bo’lsangiz, unda shakarni yarmini soling);
1 stakan un;
vanil.
Retsept juda ham oson, umuman qiyinchilik tug’dirmasligi mumkin, – lekin u hamma oila a’zolaringizga yoqishi aniq. Asosiysi, uyingizdan vafli pishiradigan moslamangiz bo’lsa bas. Faqat bizlarga venacha yumshoq vafli pishiradigan emas, balki avvallari foydalanilgan, yupqa qarsildoq vafli pishirishga mo’ljallangan moslamalardan foydalaning, ularni hozir ham sotuvdan topishingiz mumkin.
Tuxum va shakarni yaxshilab ko’pirtiramiz: ularning hajmi ko’tarilishi kerak (menda ular uch hissaga ko’tarildi, ya’ni shishdi). Eritilgan sariyog’ni oz-ozdan solamiz. Soldingizmi? Endi unni solamiz va yaxshilab aralashtiramiz. Xamirni bir oz tindirib qo’yamiz (buning uchun 3 daqiqa kifoya), Vafli pishiradigan moslamani yoqamiz va ikki tomonidan ham ozroq o’simlik yog’i surtamiz. Yog’ni faqatgina birinchi vaflini pishirishimizdan oldin surtamiz, qolganlariga shart emas. Parijlik oshpaz Pyera Ermenining vafli pishirayotganini ko’rmaganimda, balki men ham shunday qarorga kelgan bo’lar edim. Bunday mashhur pazanda vaflini o’zi tayyorlashini kim ham o’ylabdi deysiz. U ko’pchilikka o’xshab, vaflini burayotganda qo’lini muzdek suvga botirib olmaydi, balki, u uchala barmog’iga shunchaki plastirdan yopishtirib qo’yadi xolos. Hech qanday noqulayliklarsiz, pishiriq pishirib bahra oladi – endilikda xuddi men kabi!
Vaflilarni unchalik katta bo’lmagan hajmlarda pishirishni tavsiya qilaman, 1 osh qoshiqdan xamir solishning o’zi kifoya. 30-40 soniya – va vaflilarimizni bemalol olaveramiz. Vaflilarni ag’darish uchun silikon lopatkalardan foydalanmang. Faqat juda tez ag’darib oling, chunki vaflilar tez sovib, uvalanib ketishi mumkin. Men vaflilarni yarmini naychalarga o’xshab o’rab chiqaman, yarmini esa shu holatida qoldiraman. Ularni ustini chiroyli bezatmoqchiman. Mening sevimli kremlarimdan biri bu italyancha rikkotta pishlog’i va shakar upasidan ko’pirtirilgan kremdir. Agar, sizga ko’proq yog’liroq kremlar yoqsa, unda qaymoq ham solsangiz bo’ladi. Ishoning, juda ham mazali chiqadi.
Ana endi, nonushtaga o’tsak ham bo’ladi… Butun uy vaflining xushbo’y ifori bilan limmo-lim. Atrofdagi sokinlikni, faqatgina vaflining qarsilashi buzishi mumkin. Ko’rganingizdek, romantik nonushtani faqatgina Parijda emas, balki yer sharining xohlagan yerida amalga oshirishimiz mumkin…
Yangidan yangi ma’lumotlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.