Pazanda kundaligi: «Napoleon» torti qish bilan ohista xayrlashuv onlari…
Kun bo’yi vaqtingizni sarflamay, 2-3 soatda mazali «Napoleon» torti tayyorlashni bilasizmi? Juda mazali bo’lgan bu shirinlikni endi siz ham pishira olasiz!
Retseptlar bilan bog’liq shirin xotiralarini bizning yangi muallif Esmira Ismailova yangi «Pazanda kundaligi» bo’limida biz bilan bo’lishadi. Uning hikoyalarini o’qib maroq olishingizga aminmiz.
Har bir oy o’zining isi va tarovatiga ega. Dekabr va yanvarda mandarin va dolchin o’z bo’ylarini tarqatsa, martda ko’katlar va bodring hidlari dimog’imizni qitiqlab yuboradi. Keyinroq yoz, chanqoqbosdi ichimliklar-u dengiz, go’yoki o’zi tomon chaqirayotgandek. Menda esa tugab borayotgan qishga nisbatan ko’nglimda qandaydir ma’yuslik hissi paydo bo’ldi. Fevral oyida men yana «Napolyon» torti nimasi bilandir o’ziga jalb etadi.
Ertalab oynani ochib, oshxonani muzdek lekin toza havo bilan shamollatdim… Bir qarorga keldim: Bugun «Napoleon» torti pishiramanda, qishning oxirgi kunlari bilan xayrlashish marosimini uyushtiraman!
Hammamiz bilamizki: «Napoleon» torti – mahoratli pazandalar pishiradigan pishiriqdir, chunki bir bo’lak yeyman deb kun bo’yi vaqt sarflab rosa toliqasiz. Lekin, men bugun sizlarga atigi 2-3 soatgina vaqt sarflab, rohatbaxsh shirinlikdan bahra bo’lish sirini o’rgataman.
Shunday qilib, bizga kerakli masalliqlar:
- 600 gramm un;
- 400 gramm sariyog’;
- 1 ta tuxum;
- 1 osh qoshiq sirka;
- 2 osh qoshiq arog’;
- bir chimdim tuz;
Kremi uchun:
- yarim litr sut;
- 300 gramm shakar (xohishga qarab kamroq yoki ko’proq solishingiz mumkin);
- 100 gramm un;
- 300 gramm sariyog’;
- vanil.
Stol ustiga unni solamiz. Ustidan bo’laklarga bo’lingan muzdek sariyog’ni solamiz (u sovutgichdan shundoqqina olingan bo’lsin) va pichoq bilan maydalaymiz. Boshida go’yoki buni uddalay olmaydigandek tuyiladi, lekin hech xavotir olmang: 3-4 daqiqadan so’ng u kukunsimon holatga kiradi. O’rtasini yetarlicha chuqur qilamiz.
Alohida idishda tuxum, tuz, sirka va arog’ni solamiz va ko’pirtiramiz. Aralashmani oz-ozdan unni ichiga solamiz. Xamirdagi yog’ qo’lingiz haroratida erishni boshlamasligi uchun ham xamirni tezroq qorib olamiz, 12 ta bo’lakchalarga ajratamiz va ustini yelim qog’oz bilan yopib, bir soatga sovutgichga qo’yamiz. Kremni tayyorlash uchun ham taxminan xuddi shuncha vaqt sarflaymiz.
Kram tayyorlashda har kimning o’z usuli borligi uchun ham men hech qanday tavsiya bermayman. Kimgadir quyultirilgan sutdan tayyorlangan krem yoqsa, kimdir tuxum sarig’ili kremni afzal ko’radi. Men bunda eng oddiy usul: yarim litr sutda qaynatib pishirilgan ya’ni zavarnoy krem tayyorlashga qaror qildim. Avval un bilan sutni qaynatib olamiz, sovutib sariyog’ bilan birga yaxshilab ko’pirtiramiz. Ta’bga qarab shakar solasiz. Vanil ham esingizdan chiqmasin. Xuddi eklerlardagidek mayin krem hosil bo’ladi. Asosiysi u sovishi va o’z shaklini yaxshi ushlab turishi kerak. Kremni sovutgichga qo’yamiz va xamirni esa olamiz.
Gaz pechini qizdiramiz (220’С) va ikkita gaz pechi tovasini shaylaymiz. Patnisni teskari qo’yamiz va ustiga xamir. Bunda patnisning birida xamirni yoysak, birida pishirib olamiz.
Birinchi sharchani olib, iloji boricha yupqa yoyamiz va sanchqi bilan bir nechta joyini teshamiz. Ularni birma-bir pishirib olamiz.
Har bir qavatiga yaxshilab krem surtib chiqamiz. Chetlaridan chiqqan ortiqcha xamir bo’laklarini urvoqlardek maydalaymiz va tortning ustiga va chetlariga sepamiz. Tayyor tortni sovutgichga qo’yamiz.
Bunday mazali tortni pishirishga erinmang, uning ajoyib ta’mi oylar davomida sizni tark etmasligi aniq.
Yangidan yangi ma’lumotlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.