Mahsulotlarni ko’zdan kechirish: yogurt
Yogurtlarni ko’pchilik sevib iste’mol qiladi. Ularga suli yormasi yoki makkajo’xori parchalari solinsa, mazali va foydali nonushta tayyor deyavering. Bugun sizlar bilan sifatli yogurtni qanday tanlash va nimalarga e’tibor berish haqida gaplashib o’tamiz.
Tabiiy yogurt ovqat hazm qilish organlariga ijobiy ta’sir ko’rsatib, bolalar uchun ham, kattalar uchun ham foydali hisoblanadi. U immunitetni ko’tarib, oshqozon-ichak trakti ish faoliyatini ham yaxshilaydi. Ammo bugungi kunda ularning turi shu darajada ko’pki, qaysi birini tanlashni bilmay boshingiz qotishi aniq.
To’g’ri tanlash
1. Tirik bakteriyalarni qidiring. Birinchi o’rinda «tirik bakteriyalar» degan yozuvni qidiring. Sifatli va foydali yogurt tarkibida albatta Lactobacillus bulgaricus, Bifidus va Lactobacillus acidophilus bakteriyalari bo’lishi shart. Shu bakteriyalar qo’shilgan yogurtlar sifatli bo’lib, ammo Lactobacillus acidophilus dan hamma ishlab chiqaruvchilar ham solavermaydi.
2. Qo’shimchalariga ahamiyat bering. Tabiiy yogurt tarkibi oddiy sut va tirik (yoki faol) bakteriyalardan tashkil topgan bo’ladi. Zardob yoki boshqa bir sutli mahsulotlar qo’shilgan bo’lishi ham mumkin, buning qo’rqinchli joyi yo’q, chunki ular ham tabiiy mahsulot hisoblanadi. Qoshimchali yogurtlar tarkibida har xil mevalar va shakar ham solinadi. Ammo bu holatda avval mevalar, so’ng esa shakar ko’rsatilishi lozim. Eslab qoling: kam miqdordagi mahsulotlar har doim ro’yxatning oxiridan joy oladi.
3. Kaloriyasini baholang. Bu yerda «kaloriyasi qanchalik kuchli bo’lsa, shunchalik ko’p qo’shimchalar qo’shilgan» degan xulosaga kelish mukin. Yogurtning o’rtacha kaloriyasi 100 grammda 70-90 kKal ni tashkil qiladi. Agarda siz yogurtning 100 grammi 250 yoki undan ham ortiqroq kKal deb yozilganiga ko’zingiz tushsa, bu uning tarkibida shakar va jelatinning ko’p miqdorda qo’shilganligidan dalolat beradi. Agarda siz ozish uchun yogurt iste’mol qilmoqchi bo’lsangiz, unda hech qanday qo’shimchalar qo’shilmagan tabiiy yogurtdan iste’mol qiling. Aytgancha, «yog’sizlantirilgan» yoki «parhezbop» yogurt har doim ham kam kaloriyali bo’lib chiqmaydi: qadog’ini yaxshilab ko’zdan kechiring. Yog’sizlantirish uchun ham ularga ko’p miqdorda quyultiruvcha moddalar va stablizatorlardan foydalanishadi, bunday holatda kaloriyasi oddiy yogurtga nisbatan ham ko’proqni tashkil qiladi.
4. Zararli mahsulotlarni qidiring. Yogurt tarkibida «гуаровая камедь» – kabi zzararli allergen modda yo’qligiga amin bo’ling. Bundan tashqari tabbiy yogurt tarkibida quyultiruvchi moddalar bo’lmasligi kerak (jelatin, agar-agar, pektin, kraxmal) – bular zararli emas, lekin tabiiy yogurtga ularni qo’shish shart ham emas.
5. Saqlash muddatiga ahamiyat bering. Tabiiy yogurtning saqlash muddati 5-7 kun. +10 darajadan yuqori bo’lmagan haroratda esa 14 kungacha saqlash mumkin. Agarda siz bundanda ortiqroq muddatga mo’ljallanganligini ko’rsangiz, unda bilingki bunday yogurtga konservantlar qo’shilgandir.
6. Qadog’iga e’tibor bering. Yogurtlarni germetik va pachoqlanmagan idishda ekanligiga e’tibor bering. Iloji bo’lsa plastik qopqoqli idishdagi yogurtlardan tanlang: ular tashish jarayonida kamroq buziladi.
To’g’ri saqlash
Yogurtni faqat sovutgichda saqlash kerak. Qadoqlangan yogurt 2 haftagacha, qadog’i ochilgandan so’ng esa ko’pi bilan 1 haftagacha saqlaniladi.
Aynigan yogurtni bilib olish oson. Bunda yogurtda havoli pufakchalari paydo bo’lib, yoqimsiz hidga kirib qoladi. Agarda siz yogurt ustida zardob ajralganini ko’rsangiz, bu yogurtni iste’mol qilish tavsiya qilinmaydi. Va nihoyat, usti mog’orlagan yogurt undagi bakteriyalarning halok bo’lganligidan dalolat beradi va bunday yogurtni tabiiyki tashlab yuborish kerak.
Qayerda qancha turadi
- Korzinka.uz tarmog’idagi supermarketlarida yogurt hajmiga qarab 2 590 dan 31 090 so’mgacha turadi
- Arba.uz internet do’konida esa yogurtlar 2 690 dan 12 490 so’mgacha turadi.
*Korzinka.uz tarmog’idagi supermarket xodimlariga tasvirga tushirish jarayonida ko’maklashganlari uchun minnatdorchilik bildiramiz!
*Mahsulot narxlari manba chop etilgan vaqtdagina amal qiladi.
Yangidan yangi ma’lumotlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.