Yosh pazanda blogidan: Qozon-kabob
Sizda qachondir biron bir kasbni puxta egallash niyati bo’lganmi? Xuddiki siz aynan shu kasb bilan shug’ullanish uchun tug’ilgandek go’yo. Siz shug’ullanayotgan ish sizga zavq va rohat bag’ishlasa, unda siz haqiqiy kasbingizning sohibisiz. Men ham pazandachilikka xuddi shunday yondashaman. Bu faqatgina mazali taom tayyorlash emas, balki ba’zi bir sirlarini ham suv qilib ichish demakdir. Bu yaratish va har doim ijod qilish san’atidir.
Mening ismim Saida va men pazandachilik sohasini butkul o’zlashtirish niyatidaman. Turmush o’rtog’imning fikricha, maxsus o’quv kurslarisiz bunga erishib bo’lmaydi. Tayyorlash – men uchun emas edi. Ammo, yaqinda men ona bo’lishdek sharafli baxtga erishganimdan so’ng shuni tushuniob yetdimki, yaxshi ona albatta mazali taomlar pishirishi va bolajonlarini xursand qilishi shart.
O’rta Osiyodagi eng jannatmakon yurtda yashab turib, sharqona taomlarni tayyorlashni bilmasligim rost. G’ayratimni ishga solib, shuningdek Zira.uz loyihasi jamoasi yordamida pazandachilikdagi ilk qadamlarimning natijalarini siz bilan bo’lishaman.
Mening maqsadim – sharqona taomlar pishirishni o’rganish, albatta mashhur tamaddixonalardagidek. Mening rejam quyidagilar:
1 – Taomlarning klassik retseptini topib, hech qanday tayyorgarliksiz o’zim ilk bor tayyorlab ko’raman va xato-kamchiliklarini yozib o’taman.
2 – bunday taomlar tayyorlaniladigan tamaddigohlarga borib, oshpazlarning retseptlari bilan tanishaman va sir-asrorlari haqida ham surishtiraman.
3 – oshpazlardan bilib olgan ma’lumotlarim asosida taomni tayyorlab ko’raman.
4 – mehmonlarni taklif qilib pishirgan taomim bilan siylayman.
Butun tafsilotlarni sizlar bilan bo’lishaman.
Mening ro’yxatimdagi birinchi taom – qozon-kabob. Bir safar biz mehmonga bordik va u yerda bizni aynan shu taom bilan siylashdi. Men har doim oila a’zolarim qo’y go’shtini xushlashmaydi deb o’ylar edim, lekin dasturxon ustidagi taom bir pastda tugab qolgani meni ajablantirdi. O’sha payt menda shu ovqatni tezroq tayyorlashni o’rganish va oila a’zolarimni o’zim pishirgan mazali taom bilan siylash istagi tug’ildi.
Klassik usulda tayyorlaniladigan retsepti uchun bu taomni juda mazali tayyorlovchi opamga murojaat qildim. Go’sht sotib olish uchun bozorga yo’l oldim. Go’sht sotuvchi mendan qanday taomga go’sht kerakligini so’radi. So’ng u menga qovurg’alar sotib olishimni tavsiya qildi. Uning maslahatiga asoslanib qovurg’alardan sotib oldim a uyga kelib, darrov o’zimning zamonaviy, nemischa katta qozonimni gazga qo’ydimda, retseptni o’qiy boshladim.
Birinchi yog’ni eritish kerak. O’zimdan rosa jahlim chiqdi. Nimaga kerakli masalliqlarni bozorga borishdan oldinroq o’qib chiqmadim deb. Dumba yog’ olish esimdan chiqib qolibdi. Muzlatgichni titkilab, bir bo’lak dumba yog’ini topdim. Yog’ni qozonga solib eritdim, piyozni mayda to’g’radim va go’shtni bo’laklarga bo’ldim. Go’shtni qozonga solganimdan so’ng sachrayotgan yog’ tomchilariga ko’zim tushdi. Go’sht bo’laklari nazarimda kattadek tuyuldi va darhol opamga qo’ng’iroq qildimda uni savollarga ko’mib tashladim. Go’sht bo’laklari rosa kattaligini, ularni olib kichikroq to’g’rasam bo’ladimi, yog’ga teginganidan so’ng hech narsa qilmasligini so’radim va u bergan savollarimga u «tegma» deya bir og’iz so’z bilan javob berdi. Men esa go’sht pishgunicha kartoshkani tayyorlashga o’tdim. Retseptda go’sht pishirilayotgan yog’da kartoshkani pishirish kerakligi yozib o’tilgan edi. Ammo bu meni qoniqtirmadi. Men kartoshkani alohida idishda qovurdim. Kartoshka ajoyib tillarangga kirdi. So’ng kartoshka va go’shtni alohida idishlarga soldimda tuz, tuyilgan kashnich va zira sepdim. Bu san’at asarini qozonga soldim, ozgina suv solib qopqog’ini yopdimda dimlab qo’ydim.
30 daqiqa o’tgandan so’ng qozonni ochdimda go’shtni ta’tib ko’rdim. Go’sht qanday qattiq bo’lsa shundayligicha qolganligiga e’tibor berdim. Yana opamga qo’ng’iroq qilganimda u menga yana suv solib dimlab qo’yishimni maslahat berdi. Mening kartoshkani oldindan tayyorlab vaqtni tejash kabi harakatim zoya ketdi. Go’sht ozgina yumshadi, lekin rosa kuyib ketgandek ko’rinishda edi.
Mening bosh ekspertim – turmush o’rtog’im ta’tib ko’rib: «go’shti qattiq» dedilar. Birinchi safarga yomon emas, deya o’zimga o’zim dalda berdim.
Ertasi kuni men La piola restoraniga qozon-kabob pishirish jarayonini kuzatishga yo’l oldim.
La piola restoranining qozon-kabob taomi retsepti
Masalliqlar:
Qo’y qovurg’alari – 1 kg
Dumba yog’i – 300 gr
O’simlik yog’i – 200 gr
Tuz va ziravorlar
Kartoshka – 1 kg
1-qadam.
Qozonga dumba yog’ini solib eritamiz va o’simlik yog’ini ham solamiz, qaynash darajasiga keltiramiz.
2-qadam.
Tozalangan kartoshkani yog’da tillarangga kirgunicha qovuramiz va alohida idishga solib qo’yamiz.
3-qadam.
Go’shtni yuvib quritamiz va tuz sepamiz. Tillarangga kirgunicha qovuramiz. Olovni pasaytiramiz. Go’shtga zira, tuz va ziravorlarni sepib past olovda dimlab qo’yamiz.
4-qadam.
Go’sht pishgandan so’ng qozondan teriladi va kartoshkani ustiga qo’yib chiqiladi. Ana shundagina kartoshka go’shtni ta’mini o’ziga singdiradi.
Retseptga sharhlar:
La Piola restorani retseptida kartoshka hali go’sht qovurilmagan yog’da qovuriladi. Internetda bunday retseptlar ko’p bo’lib, bunday tayyorlash juda qulay.
Faqat minus tomoni shundaki kartoshka yog’li bo’ladi. U go’sht o’zining suvini chiqarguniga qadar qarsildoq bo’lib, so’ng yumshab qoladi.
Ziravorlar qovurish jarayonidan so’ng solib, dimlaniladi..
Qozon-kabob uchun qulay qozon bu sharsimon qozon bo’lib, u darrov qiziydi va bunday shakli sababli ham yog’ni kamroq talab qiladi.
Mening qozonim bunday talabga javob bermasligi sabab ham, kelasi safar oyimdan qozonlarini so’rab turdim va pishirdim. Ta’tib ko’rgan xo’jayinim esa bu u yegan eng mazali qazon-kabob ekanligi aytib meni quvontirdi.
Agarda siz to’g’ri ovqatlanish tartibiga rioya qilsangiz, unda:
- Dumba yog’i o’rniga o’simlik yog’idan foydalaning.
- Qozon-kabob uchun nafaqat qovurg’alar, balki oddiy lahm go’sht ishlatsangiz ham bo’ladi. Qovurg’alar chiroyli ko’rinish berishi sabab ham, tadbirlarda albatta qovurg’alardan olib ishlating.
- Qozon-kabobni 1.5 soatdan ko’p pishirmang, unda go’sht kuyib ketish ehtimoli kuchayadi.