Do’kon peshtaxtalaridagi qiziqarli mahsulotlar: Marinadlangan qo’ziqorinlar
Yangi yil bayramida ko’pchilik dasturxonga marinadlangan qo’ziqorinlardan ham tortadi. Bugun sizlarga ularni to’g’ri tanlash va saqlash, qayerda va qanchaga sotib olish haqida ma’lumot beramiz.
Marinadlangan shampinyonlar
Qo’ziqorinning asosan bu turi bizda ommalashgan. Yirik savdo shaxobchalarida ularning turlari juda ham ko’p bo’lib, ular qadoqlanish usuli va narxi bilangina bir-biridan farq qiladi.
Marinadlangan qo’ziqorinlar o’zida ko’pgina vitaminlar, aminakislotalar va minerallarni saqlaydi. Ular inson organizmiga ijobiy ta’sir qilishadi va juda kam kaloriyani o’zlarida saqlashadi: O’rtacha 100 gramm marinadlangan shampinyon 12 kKalni tashkil qiladi.
To’g’ri tanlash
Sotib olgan marinadlangan shampinyoningiz biron marta bemaza chiqqanmi? Buning asosiy sababi shunda bo’lishi mumkinki, siz marinadlangan qo’ziqorin o’rniga konservalanganini sotib olgansiz – ularni ikkovini adashtirish juda oson: konservalangan shampinyonlar ham shisha yoki tunuka idishda bo’ladi. Tanlovda adashmaslik uchun ularni sotib olishdan oldin quyidagilarga e’tibor bering:
1. Tarkibiga e’tibor bering. Konservalangan shampinyonlarning tarkibi faqat quyidagilardan iborat bo’lsin: suv, tuz, limon kislotasi va sirka. Marinadlangan qo’ziqorinlarda esa ko’proq: suv, tuz, shakar, sirka, turli xildagi xushbo’y ziravorlar (gvazdika, lavr yaprog’i, murch, achchiq qalampir va ko’katlar).
2. Idishiga qarang. Marinadlangan qo’ziqorinlar shishali idishda yaxshi ko’rinib turadi. Tunuka idishdagi qo’ziqorinlarning afzalligi shundaki, ularga quyosh nuri tushmaydi va qo’ziqorinlar uzoq vaqtgacha yaxshi saqlanib qolinadi. Bunday idishning yomon tomoni esa, undagi qo’ziqorinlar ko’rinmaydi. Yana qo’ziqorinlar bunday idishlarda ko’p saqlangan bo’lsa, ularga tunuka idishning ta’mi urilishi mumkin. Shisha idishda esa hammasi ayon: ko’rinishi, rangi, tuzli suvining miqdori va tarkibi.
3. Tashqi ko’rinishiga ahamiyat bering. Bu usulda siz faqat shisha idishlardagi qo’ziqorinlarni tekshirishda foydalana olasiz. Qo’ziqorinlarning hajmi, rangi va umumiy tashqi ko’rinishiga ahamiyat bering. Shampinyonlar bir xil, iloji boricha kichikroq hajmda bo’lsin. Ular sarg’ish va och-qo’ng’ir rangda bo’lsin. Agar ular oq rangda bo’lishsa, unda uning tarkibida limon yoki askarbin kislotasi mavjud deb yozilgan bo’lishi shart. Qo’ziqorin ustidagi qalpoqchasida hech qanday dog’ bo’lmasin. Agar qo’ziqorinlar yashil yoki sap-sariq rangda bo’lsa, demak ishlab chiqaruvchi ularni tayyorlashda bo’yoqlardan foydalangan yoki eskirgan qo’ziqorinlarni ishlatgan. Marinadlangan qo’ziqorinlar kichikroq hajmda, uzun oyoqchali bo’lsa yaxshiroq. Agarda qo’ziqorinlar apelsin rangda bo’lsa, demak bu xitoy mahsuloti ekanligidan dalolat beradi, va ular haqiqiylaridan ta’m va foydali xususiyatlari bilan farq qiladi.
4. Tuzli suviga qarang. U tiniq rangda bo’lsin: tuzli suv xira rangda bo’lsa, bu qo’ziqorin ayniganidan dalolat beradi va u iste’molga yaroqsiz.
5. Ishlab chiqarilgan sanasiga qarang. Qanchalik yangi bo’lsa, shunchalik mazalidir. Qo’ziqorinlarni bir yilgacha saqlash mumkin.
6. Uyga kelib, bankani oching va hidlab ko’ring. Ulardan xushbo’y qo’ziqorin va ziravorlar hidi taralsin, agarda unday bo’lmasa, demak qo’ziqorinlar sifatsiz yoki sun’iy usulda yetishtirilgan. Bunday qo’ziqorinlar inson salomatligi uchun xavflidir.
To’g’ri saqlash
1. Agarda siz tunuka idishdagi qo’ziqorinni sotib olgan bo’lsangiz, uni ochganingizdan so’ng darhol shisha yoki chinni idishga solib, ustidan suvini quying. Shampinyonlarni tunuka idishda saqlash tavsiya qilinmaydi.
2. Qo’ziqorinlarni sovutgichda saqlash kerak. Agarda siz bankani ochib uni xona haroratida saqlasangiz, ularni faqatgina 2-3 kun ichida iste’mol qiling.
Qancha turadi va qayerdan sotib olish mumkin
Shampinyonlarning narxi ishlab chiqaruvchiga, qadog’iga va qo’ziqorinlarning hajmiga ham bog’liq. Eng qimmat qo’ziqorinlar – shisha idishdagi kichkina hajmdagi qo’ziqorinlardir, chunki ular juda mazali. Tunuka idishdagi qo’ziqorinlar arzonroq turadi, chunki ularni tashish ancha osonroqdir. Bo’laklarga bo’lib, qadoqlangan qo’ziqorinlar ham sifatsiz bo’lib, chunki ularni tayyorlashda aynigan qo’ziqorinlardan ham foydalanishadi. Marinadlangan qo’ziqorinlar qimmatroq bo’lsada, sog’lig’ingiz uchun xavsiz hisoblanadi.
Korzinka.uz tarmog’idagi do’konlarda marinadlangan shampinyonlarni quyidagi narxlarda sotib olishingiz mumkin:
- Mikado nomi ostida ishlab chiqarilgan mahsulot 270 gramm li bankachasi – 16 690 so’m
- Bonduelle nomi ostida ishlab chiqarilgan mahsulot 270 gramm li bankachasi – 21 990 so’m
- Qo’ziqorinlar aralashmasi (veshenka, shampinyon, opyata), Mikado nomi ostida ishlab chiqarilgan mahsulot 530 gramm li bankachasi – 30 590 so’m
- Qo’ziqorinlar aralashmasi (veshenka, shampinyon, nameko), «Gribnoy bochonok» nomi ostida ishlab chiqarilgan mahsulot 580 gramm li bankachasi – 35 590 so’m
- Qo’ziqorinlar aralashmasi (veshenka, shampinyon, opyata), Lorado nomi ostida ishlab chiqarilgan mahsulot 314 gramm li bankachasi – 19 990 so’m
- Marinadlangan opyata, Mikado nomi ostida ishlab chiqarilgan mahsulot 580 gramm li bankachasi – 29 990 so’m
Makro tarmog’idagi do’konlarda marinadlangan shampinyonlarni quyidagi narxlarda sotib olishingiz mumkin:
- Eco Snacks nomi ostida ishlab chiqarilgan mahsulot 270 gramm li bankachasi – 17 890 so’m
- Mukimov nomi ostida ishlab chiqarilgan mahsulot 7200 gramm li bankachasi – 17 990 so’m
*Narxlar ma’lumot chop etilgan vaqtdagina amal qilinadi. Tasvirga tushirish jarayonida ko’maklashganlari uchun Makro tarmog’idagi savdo shaxobchasi xodimlariga alohida minnatdorchilik bildiramiz.