Do’kon peshtaxtalaridagi qiziqarli mahsulotlar: Konservalangan makkajo’xori va yashil no’xatni to’g’ri tanlash
Yangi yil oldi kichik do’konlardan tortib katta savdo majmualarigacha konservalangan makkajo’xori va yashil no’xotlar bilan to’lib ketadi. Ularni qanday to’g’ri tanlash va saqlash kerak? Bilib oling!
Konservalangan makkajo’xori
Konservalangan makkajo’xoridan nafaqat salatlar tayyorlashda, balki ko’pgina ovqatlarni tayyorlashda ham ishlatiladi. Bu shirin yegulikdan gazaklar tayyorlashda, ovqatlarni bezatishda ko’proq foydalanishadi.
Konservalangan makkajo’xori ham ko’pgina foydali moddalarni o’zida saqlab qoladi. To’g’ri, qayta ishlash jarayonida ayrim moddalar o’z xususiyatini yo’qotsada, «bankada yopilgan makkajo’xori» – foydali va to’yimli mahsulot hisoblanaveradi.
Bu mahsulotning kaloriyasi ishlab chiqaruvchilarga ham bog’liq bo’lib, o’rtacha 100 gramm mahsulotda 55-58 kKal ni tashkil qiladi.
Mazali makkajo’xorini qanday tanlash kerak
1. Tarkibiga e’tibor bering. U faqat 4 ta mahsulotdan iborat bo’lsin: makkajo’xori donachalari, suv, shakar, tuz. Agar tarkibida yuqoridagilardan ortiqcha mahsulot bo’lsa, unda bu turdagi konservalangan makkajo’xorini sotib olmagan ma’qul.
2. Qanday idishdaligiga qarang. Shishali idishda yopilgan makkajo’xori donlari aniq ko’rinadi – ular och sariq rangda va o’rtacha kattalikda bo’lishi kerak. Lekin, tunuka idishdagi makkajo’xorilar kamroq qizdirilishi sababli ham, foydaliroq hisoblanadi. Tanlov siz azizlardan, faqat tunuka idishning butun va silliq ekanligiga amin bo’lib oling.
3. Tayyorlanilgan sanasiga e’tibor bering. Makkajo’xorilar yoz yoki kuz mavsumlarida yopilgan bo’lsin. Qish va bahorda ishlab chiqaruvchilar quritilgan donlardan foydalanishadi – ularni avval suvga botirishadi, so’ng qaynatishadi va keyin yopishadi. Bunday makkajo’xori donlari qattiq bo’lib, ta’m jihatidan ham uncha yaxshi emas. Saqlash muddatiga qarashni unutmang – qanchalik kech yopilgan bo’lsa shuncha yaxshi.
4. Mahsulot tuzlangan suviga e’tibor qarating. Ko’pchilik konservalangan mahsulotning suvi xira rangda bo’lsa, bu sifatsiz mahsulot deb hisoblashadi. Lekin bu umuman noto’g’ri: xira suv – mazali makkajo’xoridan dalolat. Tiniq suvda yopilgan makkajo’xori – sifatsiz ekanligini bildiradi.
Makkajo’xorini qanday to’g’ri saqlash kerak
Bu mahsulot quruq, salqin va qorong’i joyda saqlanishi kerak. Agar bankani ochsangiz-u biroz ortib qolsa , unda makkajo’xorilarni shisha yoki sopol idishga solib, ikki kungacha sovutgichda saqlab qo’ysangiz bo’ladi.
Konservalangan yashil no’xat
Xuddi makkajo’xoriga o’xshab, yashil no’xat ham past haroratda qayta ishlaniladi. Bu esa undagi foydali moddalarning saqlab qolinishiga yordam beradi. Shuning uchun ham yashil no’xot parhezbop mahsulotlar qatoriga kiritlidadi.
Makkajo’xori kaloriyasiga nisbatan yashil no’xotniki biroz past bo’lib – 100 gramm mahsulotda 55 kKal ni tashkil qiladi.
Yashil no’xatni to’g’ri tanlash
1. Tarkibiga e’tibor bering. U ham xuddi makkajo’xori donlaridek faqat 4 ta mahsulotdan iborat bo’lsin : yashil no’xat, suv, shakar, tuz. Agar tarkibida yuqoridagilardan ortiqcha mahsulot bo’lsa, unda bu turdagi konservalangan no’xatni sotib olmagan ma’qul. Mahsulot bankasiga no’xatning navi yozilgan bo’ladi: miyasimon yoki silliq donli. Miyasimon mayinroq, shirinroq va mazaliroqdir. Silliq donlisi esa katta-katta bo’lib, faqatgina chiroyli ko’rinishga ega.
2. Qanday idishdaligiga qarang. Makkajo’xori donlaridan farqliroq, yashil no’xatni shishali idishda yopilganini ham tunuka idishda konservalanganidan ham olsangiz bo’ladi. No’xatning idishdagi hajmiga qarang, yashil no’xat ko’p bo’lishi kerak, taxminan 70% ni tashkil qilsin. Rangi och yashildan yashil zaytun mevasigacha bo’lsa, bu sifatli mahsulotdir. Idish yuzasiga qarang oq dog’lar bo’lmasin. Bu no’xatnin juda pishib ketganligidan dalolat beradi. Bunday no’xatlar o’zida ko’p kraxmalni saqlashi sababli ham be’maza ta’mda bo’ladi.
3. Tayyorlanilgan sanasiga e’tibor bering. No’xat bahorda yoki yozning boshlarida yopilgan bo’lsa, maqsadga muvofiq bo’ladi. Qolgan mavsumda qadoqlangan mahsulotlarda ishlab chiqaruvchilar quritilgan donlardan foydalanishadi – bunday no’xatlar qattiq bo’ladi.
4. Mahsulot tuzlangan suviga e’tibor qarating. Konservalangan mahsulotning suvi xira rangda bo’lsa, bu sifatsiz mahsulot deb hisoblaniladi. Konservalangan yashil no’xat tiniq rangda, hidsiz bo’lishi kerak.
Qanday saqlash kerak
Bu mahsulot ham xuddi makkajo’xoridek quruq, salqin va qorong’i joyda saqlanishi kerak. Agar bankani ochsangiz-u biroz ortib qolsa, unda ularni shisha yoki sopol idishga solib, ikki kungacha sovutgichda saqlab qo’ysangiz bo’ladi.
Suratga olish jarayonida ko’maklashganlari uchun Makro tarmoqlari do’koniga minnatdorchilik bildiramiz.