Peshtaxtalardagi qiziqarli mahsulotlar: Eko Avalon yeryong’oqli pastalari
Supermarketlardagi yangi bir mahsulotga ko’zimiz tushdi va undan xarid qilmasdan o’ta olmadik. Har xil ta’mli yeryong’oqli pastalar bugungi maqolamizning qahramoniga aylanishdi.
Taassurotlarimiz bilan bo’lishamiz
Yeryong’oqli pasta pishiriqlar, toppinglar, har xil qayla va buterbrod tayyorlash mumkin bo’lgan universal mahsulot hisoblanadi. To’yimli, xushbo’y va mazali bu yegulik nonushta uchun ajoyib mahsulot bo’lib, u organizmni quvvat va kerakli oqsillar bilan ta’minlaydi.
O’zimizda ishlab chiqarilayotgan Eko Avalon nomi ostidagi yeryong’oqli pastalarning uch xil ko’rinishi sotuvga qo’yilgan: klassik,
yeryong’oq donachalari solingan pasta va shokoladli yeryong’oqli pasta. Bizlar uning ikki xili: yeryong’oq donachalari solingan klassik usuldagi pasta va shokoladli yeryong’oqli pastadan ta’tib ko’rishga qaror qildik.
Pastaning ta’mi va xushbo’y isi bizlarga juda yoqdi. Pasta biroz sho’rroq bo’lib, shirinlikni ko’proq yaxshi ko’radiganlarga shokoladli yeryong’oqli pasta ko’proq yoqsa kerak.
Qadog’i
Yeryong’oqli pastalar kichkina plastik idishli bankachalarga solingan bo’lib, burama qopqoq bilan yopilgan. Qopqog’ining ostida esa folgali himoya yorlig’i mavjud.
Mahsulotning og’irligi 200 gramm.
Ta’mi
Yeryong’oq donachalari solingan klassik usuldagi pasta
Bu pasta quyuq bo’lib, yeryong’oq isiga to’yingan. Unda mayda va yirikroq kattalikdagi yeryong’oq bo’lakchalari solingan. U shirin ta’mda emas, unda siz yirik tuz donachalariga duch kelasiz. Bu uyg’unlik bizlarga juda manzur keldi.
Shokoladli yeryong’oqli pasta
Yeryong’oq donachalari solingan klassik usuldagi pastaga qaraganda shokoladli pasta unchalik quyuq va yopishqoq emas. U silliq ko’rinishda, rangi esa klassik usulda tayyorlangan pastadan sal to’qroq. Bu pasta ham juda shirin emas, me’yorida, shokolad ta’mi unchalik bilinmaydi. Baribir asosiy ta’mni ikkala mahsulotda ham yeryong’oq beradi.
Tarkibi
Yeryong’oq donachalari solingan klassik usuldagi pasta
Qovurilgan yeryong’oq, tuz.
100 gramm mahsulotning ozuqaviy qiymati: 586 kKal bo’lib, 24.8 grammini oqsillar, 40.6 grammini yog’lar, 10.3 grammini esa uglevodlar tashkil etadi.
Shokoladli yeryong’oqli pasta
Yeryong’oq, shokolad, tuz.
100 gramm mahsulotning energetik qiymati: 586 kKal bo’lib, 24.8 grammini oqsillar, 40.6 grammini yog’lar, 10.3 grammini esa uglevodlar tashkil etadi.
Qayerdan qancha narxga xarid qilish mumkin
Eko Avalon yeryong’oqli pastalarni bizlar Makro supermarketidan quyidagi narxda xarid qilish mumkin:
- Yeryong’oq donachalari solingan klassik usuldagi pasta – 6 290 so’mga 1 bankachasi;
- Shokoladli yeryong’oqli pasta – 7 590 so’mga 1 bankachasi.
Bizni kuzatishda davom eting va yangiliklardan doimo xabardor bo’ling, buning uchun bizning telegram kanalga a’zo bo’ling!