Limonli suv foydalimi yoki yo’q?

Yangicha trend bilan hamohang yurish kerakmi yoki yo’qmi? Keling ushbu savolga oydinlik kiritamiz.
Sog’lom turmush tarzi haqida yuzaki ma’lumotga ega bo’lgan insonlar ham, bir stakan limonli suv organizm uchun foydali ekanligini bir bora bo’lsa ham eshitishgan. Ko’p mashhur insonlar va blogerlar- sog’lom tong ana shundan boshlanishi keralkigini qat’iy ta’kidlashadi.
Keling ushbu yangicha qarashlarni muhokama qilamiz, rostdan ham barchasi to’g’rimikin?
Limonli suv organizmda C vitamini miqdorini oshiradi
Limon o’zida C vitminini saqlasada, bir bo’lak limon tarkibida juda oz miqdorda C vitamini mavjud. Bu esa organizm uchun kamlik qiladi.
AQSh Milliy Sog’liqni Saqlash institutining bergan ma’lumotlariga ko’ra, organizmda C vitamining bir kunlik zaruriy miqdori-75 mg bo’lishi lozim. Bir parrak limon bo’lagida esa atigi 1 mg atrofida С vitamini bor.
Organizmni bir kunlik zaruriy me’yor bilan to’yintirish uchun, litrlab limonli suv ichish shart emas. Bu borada meva va sabzavotlardan tayyorlangan salatlar samaraliroq natija beradi. C vitamini qulupnay, ismaloq, bulg’or qalampiri, va karam kabi ko’plab meva va sabzavotlar tarkibida mavjud.
Limon zaharli moddalarni haydab chiqaradi
Limonli suvni ichish foydali ekanligining tarafdorlari ta’kidlashadiki, ushbu ichimlik organizmni shlak va zararli moddalardan xalos qilar ekan. Diyetolog Mayk Roussel bu fikrga shubha bilan qarashni maslahat berib, shunday murakkab organizm uchun «tozalanish» atamasi konkret bo’lmagan tushuncha deb hisoblaydi.
Shubhasiz, sitrus mevalar tarkibida jigar faoliyatini aktivlashtiradigan antioksidantlar mavjud. Jigar ham o’z navbatida katta miqdordagi zararli moddalarni qayta ishlab chiqaradi. Ammo ushbu jarayonni aynan limonli suv boshlashi va aktivlashtirishi rostmi? Bir litr limon sharbati o’rtacha 100mg limolen (limon va apelsin tarkibidagi antioksidant) saqlaydi. Lekin organizmdan toksinlarni haydab chiqarish uchun taxminan 500 mg limolen talab etiladi.
Limonli suv teri holatini yaxshilaydi
Insonnig eng katta organi bu-teri. Terining eng birlamchi vazifasi himoya qilishdir. Olimlar C vitamini dermatitni davolashda, askorbin kislotasi esa husnbuzarlar bilan kurashishda zarurligini aniqlashdi. Ammo ajinlar, yuz rangining pastligi va teri kasalliklari bilan kurashishda limonli suvning o’zi kifoya qilmaydi. Bunda asosan ovqat hazm qilinishi, ovqatlanish tartibi va uyquga e’tibor berish kerak.
Och qoringa ichilgan limonli suv ozishga yordam beradi
Gvinet Peltrou, Jennifer Aniston va Jizel Bundxen kabi ko’plab mashxur insonlar limonli suvni nafaqat nahorda, balki kun davomida ham ichishadi. Ularning tashqi go’zalligiga qarab ko’pgina «sog’lom turmush tarzini targ’ib qiluvchilar» buning sirini limonli suvda deb bilishadi.
Limon tarkibida pektin moddasi bo’lib, olimlar olib borgan izlanishlarining xulosasiga ko’ra, ushbu modda inson o’zini uzoq vaqt davomida to’q his qilishiga yordam berar ekan. Limonli suvning yana bir afzalliklaridan biri shuki, u choy, kofe kabi boshqa ichimliklardek shakar, sut yoki qaymoq bilan aralashtirib ichilmaydi.
Ammo shuni doimo yodda tutish lozimki, barchamiz turli xilmiz va o’z o’rnida qomatlarimiz ham farqlidir-kimdir tabiatan xushbichim bo’lsa, kimdir doimiy ravishda tashqi ko’rinishi ustida ishlaydi. Chunki tashqi ko’rinish-ularning daromad manbaidir.
Ijobiy quvvat va xushkayfiyat manbai
Olimlarning aniqlashicha, sitrus mevalarning hattoki isi ham kayfiyatni ko’tarar ekan. Bundan tashqari limon tarkibida kaliy moddasi mavjud bo’lib, agar u qonda kam miqdorda bo’lsa, charchoq va tushkunlikka sabab bo’lar ekan.
Limonli suv zarar keltirishi mumkinmi?
Ichimlikning salbiy tomonlari haqida so’zlaydigan bo’lsak, ko’p miqdorda limonli suvni ichish oshqozon achishishi va jig’ildon qaynashini zo’raytirishi mumkin. Agarda oshqozon va hazm qilish yo’llarida muammoingiz bo’lsa, bu ichimlik sizga tavsiya etilmaydi.
Limon kislotasi tish emaliga salbiy ta’sir ko’rsatadi va milklarni bezovta qiladi. Shuning uchun ko’plab mutaxassislar limonli suvni maxsus naycha yordamida ichishni tavsiya qiladilar.
Agarda siz uchun oddiy suvning ta’mi zerikarli tuyulsa, sizga limon qo’shilgan suv manzur kelayotgan bo’lsa-bu juda ham ajoyib. Ammo ko’r-ko’rona yangi g’oyalarga ergashish to’g’ri emas. Avval yaxshilab ma’lumotga ega bo’lish darkor.