Xamirturush to’g’risida qiziqarli ma’lumotlar
Bugun Zira siz azizlarga xamirturush turlari, uni to’g’ri saqlash va undan to’g’ri foydalanish haqida ma’lumot beradi.
Xamirturush – bu xamirni ko’tarilib, yumshoq bo’lishini ta’minlaydigan tirik organizm hisoblanadi.
Xamirturush qanday ishlaydi
Xamirturush ishga kirishi uchun, avval ularni «oziqlantirish» lozim: buning uchun suv, shakar va un kerak bo’ladi. Bu masalliqlarni aralashtirganimizda hosil bo’ladigan pufakchalar, pishirig’imizni ko’tarib, yumshoq qiladi.
Xamirturushlarning nechi xil turi bor
Xamirturush 3 xil ko’rinishda bo’ladi:
- presslangan yoki yangi xamirturush
Agarda siz bunday xamirturushlardan xamir qorishni istasangiz, unda: quruq xamirturushga nisbatan, presslanganini ikki marta ko’proq ishlatasiz. Bunday xamirturushni avval iliq suvga solib aralashtirasiz, so’ng xamirga solib aralashtirasiz.
- quruq faol xamirturushlar kichkina sharchalar ko’rinishida bo’ladi.
Ularni presslangan xamirturushni qurutish orqali tayyorlashadi. Shuning uchun ularni ishlatishdan avval, shakar solingan iliq suvga ivitib, faollashtirib olinadi, so’ng xamirga solinadi. Bunday xamirturushlarni ham yopiq idishda sovutgichda yoki muzlatgichda saqlash kerak.
- tez eriydigan quruq xamirturushlar – eng ko’p tarqalgan, granulasimon xamirturushlardir.
Xamirturush kichkina granulalardaligi sabab ham, ular tez eriydi, shuning uchun ham ularni bira-to’la xamirga solish mumkin. Ularni ham sovutgichda, yopiq idishda saqlash kerak. Agar xamirturushni eski yoki yangiligini bilmoqchi bo’lsangiz, unda ularning faolligin i tekshirib ko’ring.
Xamirturush faolligini qanday tekshirish lozim
Agar xamirturush anchadan beri yotgan bo’lsayu, uning aynimaganligiga ishonch hosil qilmoqchi bo’lsangiz, unda undan ozroq piyolaga soling. Ustidan 2 qoshiq iliq suv va shakar soling. Birozdan so’ng uning ustida ko’pikchalar paydo bo’lsa, demak uni ishlatish mumkin. Agar hech narsa hosil bo’lmasa, unda bunday xamirturush iste’molga yaroqsiz sanalib, qorgan xamringiz ko’tarilmaydi.
Xamirga qancha xamirturush solish kerak
Oddiy oshirma xamir tayyorlash uchun sizga 1 kilo unga quyidagicha xamirturush solish talab qilinadi:
- 25-30 gramm presslangan, yangi xamirturush
- 10 gramm quruq xamirturush.
Ko’pchilik xamir yaxshi oshishi uchun ko’proq xamirturushdan solish kerak deb o’ylaydi. Ammo, unday emas: me’yoridan ortiq solingan xamirturush oqibatida xamirda karbonat angidrid ko’payib ketib, xamirning ko’tarilishiga qarshi ta’sir ko’rsatib, pishiriqqa noxush ta’m ham bag’ishlaydi.
Xamirturush organizm uchun zararlimi?
Ko’pchilik xamirturushlardan pishirilgan pishiriqlarni iste’mol qilgandan so’ng ham, ular organizmda ko’payib boraveradi degan gaplarni eshitgan bo’lishi mumkin. Aslida, esa unday emas: xamirturush – bu suv va oqsildan iborat bo’lgan zamburug’lardir. 50 C haroratda oqsil buralib, suvi esa bug’lanib ketadi – bunda xamirturushning hujayralari nobud bo’ladi. Biz 180-220 C darajada pishirgan pishirig’imizning ichi 95 C darajagacha qiziydi.
Agarda siz xamirturush qo’shilgan, xom xamirni iste’mol qilsangiz, faqat o’shandagina sizga u xavf solishi mumkin.
Pishiriqlar sizni semirtirishidan qo’rqasizmi? Agarda, ularni muntazam iste’mol qilsangiz, albatta semirib ketasiz! Shuni ham bilib olingki, gap xamirturushda emas, balki yog’, tuxum va undadir. Xamirturush esa vazningizni oshishiga ta’sir ko’rsatmaydi, chunki uning xamir tarkibidagi miqdori juda ham ozdir .
Xamirturushlarni qanday saqlash kerak
Xona haroratida:
- yangi xamirturushlar bir kecha-kunduz saqlanadi
- ochilmagan quruq xamirturushlar xona haroratida 2 yilgacha saqlanadi.
Sovutgichda:
- yangi xamirturushlar sovutgichda 2 haftagacha saqlanishi mumkin
- germetik yopiq idishlarda quruq xamirturushlar 4 oygacha saqlanadi.
Muzlatgichda:
- presslangan xamirturushlar, keraklicha miqdorlarga ajratilib, zar qog’oz yoki oziq-ovqat pelyonkasiga o’rab, muzlatgichga qo’yilsa, 1-2 yil davomida saqlanishi mumkin
- miqdorlarga ajratilgan quruq xamirturushlar ham muzlatgichda 2 yilgacha saqlanadi.
Asosiysi – undagi harorat bir xilda bo’lishi va ularga hech narsa tegmasligi lozim.
Yangidan yangi ma’lumotlarni bizdan kutib qoling va bizning telegram kanalimizga albatta a’zo bo’ling.
2 Sharhlar Hide Comments
Izohingizni yozib qoldiring
Izoh qoldirish uchun tizimga kirishingiz kerak.
Droja( sotuvda) ni qanday zararli tomonlari bor.
Javob u n oldindan rahmat
Men 20 yildan beri sotuvdagi presslangan drojadan foydalanaman. Turli xil ma’lumotlar , ya’ni kanallaridan droja xavfli deb yozishadi.
Bu qanchalik to‘g‘ri ?